18:00 / 23.07.2024
90

O‘zbekiston qancha meva–sabzavot eksport qilmoqda?

O‘zbekiston qancha meva–sabzavot eksport qilmoqda?
Statistika agentligi O‘zbekistonning 2024 yilning 6 oyi davomida amalga oshirgan eksport va import operatsiyalari bo‘yicha ma’lumot berdi.

Infografika: Statistika agentligi
O‘zbekiston 2024 yilning yanvar–iyun oylarida 1 million tonna meva-sabzavot eksport qildi. Mazkur ko‘rsatgich 2023 yilning mos davridagiga nisbatan 45,3 ming tonnaga (4,7 foiz) ko‘p. Eksport qilingan mahsulotlar qiymati esa 607,3 million dollarga yetdi. Bu 2023 yilning mos davridagidan 8 foizga ortiq.

Infografika: Statistika agentligi
Meva-sabzavot mahsulotlarining asosiy eksport bozorlari Rossiya (41,2 foiz), Qozog‘iston (16,8 foiz), Pokiston (15,3 foiz) hamda Xitoy (5,9 foiz) davlatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

O‘zbekiston yarim yil davomida Rossiyaga umumiy qiymati 250,1 million dollarlik 348,4 ming tonna meva-sabzavot eksportini amalga oshirdi. Qozog‘istonga 101,7 million dollarlik 335,8 ming tonna, Pokistonga 92,7 million dollarlik 89 ming tonna, Xitoyga 35,8 million dollarlik 44,3 ming tonna meva va sabzavot mahsulotlari sotildi.

Infografika: Statistika agentligi
Masalan, birinchi yarim yillikda 71,7 million dollar evaziga 33,5 ming tonna gilos va olcha, 47 million dollarga 46 ming tonna o‘rik mevalari eksport qilingan.

Eksport tarkibida sabzavotlardan 267,4 ming tonna piyoz 53,3 million dollarga, 159,5 ming tonna karam 41,6 million dollarga, 93,6 ming tonna sabzi 23,2 million dollarga sotilgan. Uzum eksporti 6 ming tonna bo‘lib, 5,5 million dollarni tashkil etgan.

2022–2023 yillardagi ko‘rsatkichlar

O‘zbekiston 2022 yil yanvar–iyul oylarida jami qiymati 549,2 million dollarlik 968,5 ming tonnadan ziyod meva–sabzavot eksport qilgan. O‘tgan 2023 yilning yanvar–iyul oylarida esa 672,9 million dollarlik meva–sabzavot eksporti amalga oshirilgan. Bu ko‘rsatkich 2022 yilning mos davriga nisbatan 22,4 foizga yuqori bo‘lib, jami eksportdagi ulush 4,5 foizni tashkil etgan.

Infografika: Statistika agentligi
O‘tgan yilda ham mamlakatning mazkur mahsulotlar savdosida asosiy eksport bozorlari Rossiya (41,8 foiz), Pokiston (14,6 foiz), Qozog‘iston (12 foiz) hamda Qirg‘iziston (9,1 foiz) mamlakatlari bo‘lgan.

2023 yil yanvar–iyul oylarida meva va sabzavotlar eksportining qiymat jihatidan eng katta hajmi Rossiyaga to‘g‘ri kelgan (41,8 foizi). Bu ko‘rsatkich Pokistonga eksport hajmidan 2,9 barobar ko‘pdir.

O‘tgan yilning dastlabki 6 oyida shaftoli boshqa mevalarga qaraganda ko‘proq mablag‘ keltirgan. Yarim yil davomida 54,5 million dollarlik 67,6 ming tonna shaftoli eksport qilingan. Shu bilan birga, 52,9 million dollarlik gilos (45 ming tonna), 40,7 million dollarlik o‘rik (63,1 ming tonna), 22,3 million dollarlik (30,1 ming tonna) uzum eksport qilingan.

Sabzavotlardan 51,9 million dollarlik piyoz (254,7 ming tonna), 33,4 million dollarlik (43,2 ming tonna) pomidor, 21,1 million dollarlik (78,2 min tonna) karam eksport qilingan.

Eksportdagi umumiy ko‘rsatkichlar

O‘zbekiston joriy yil yanvar–iyun oylarida salkam 13 milliard dollarlik tovar va xizmatlar eksportini amalga oshirdi. Respublika jahonning 186 mamlakati bilan savdo aloqalarini amalga oshirib kelmoqda.

Infografika: Statistika agentligi
Mamlakat bilan Xitoy (18,5 foiz), Rossiya (18,1 foiz), Qozog‘iston (6 foiz), Turkiya (4,5 foiz) va Koreya (3,4 foiz) davlatlari savdo hajmi boshqalarga qaraganda sezilarli ko‘p. Masalan, O‘zbekiston Xitoyga 2022 yilning yanvar–iyun oylarida 1,2 milliard dollarlik, 2023 yilning mos davrida 1 milliard dollarlik, 2024 yilning mos davrida 994,7 million dollarlik mahsulotlar eksport qilgan.

Rossiyaga 2022 yilning dastlabki 6 oyida 1,2 milliard dollarlik, 2023 yilning 1-yarim yilida 1,3 milliard dollarlik, 2024 yilning yanvar–iyun oylarida 1,7 milliard dollarlik tovar va xizmatlar eksporti amalga oshirilgan.

Statistika agentligi ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekiston eksportyorlari soni 5 682 taga yetgan. Ular tomonidan o‘tgan yarim yilda qariyb 8,7 milliard dollarlik (nomonetar oltindan tashqari) tovar va xizmatlar eksport qilingan. Mazkur qiymat 2023 yilning mos davriga nisbatan 10,9 foizga ko‘p.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » O‘zbekiston qancha meva–sabzavot eksport qilmoqda?