09:03 / 07.09.2024
40

O‘zbekiston mintaqaviy elektrotexnika xabiga aylanishi mumkin

O‘zbekiston mintaqaviy elektrotexnika xabiga aylanishi mumkin
O‘zbekiston mintaqaviy elektrotexnika xabiga aylanishi mumkin. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qilindi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida elektrotexnika sohasida ishlab chiqarish, eksport va investitsiyalarni ko‘paytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda sohada faoliyat yuritayotgan 100 nafardan ortiq tajribali tadbirkorlar ham ishtirok etdi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yetti yilda sohaga 1 milliard dollar investitsiya kiritilgan. Natijada 762 ta yangi korxona ishga tushgan, 45 turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.

Ishlab chiqarish hajmi 1,8 barobar o‘sdi, yillik daromadi 100 milliard so‘mdan oshgan korxonalar 6 tadan 25 taga ko‘paydi. Tarmoqdagi korxonalar hisobidan budjetga tushum 8 barobar oshdi. Mahsulotlar eksport bo‘layotgan davlatlar so‘nggi uch yilda 2 karra oshib, 62 taga yetdi”, — deyiladi xabarda.

Prezident elektrotexnika eksporti 1 milliard dollarga yetgani, to‘qimachilikdan keyingi ikkinchi mahalliy sanoat tarmog‘iga aylanganini ta’kidladi.

Aytilishicha, smart karta, generator, telekommunikatsiya vositasi, ofis texnikasi kabi yana bir qator elektrotexnika mahsulotlarini respublikada chiqarish imkoniyati bor.

Mamlakat elektrotexnika eksportining to‘rtdan birini mis sim va prutok kabi qo‘shilgan qiymati past tovarlar tashkil qilayotgani qayd etildi.

Bizdagi kabellarning 80 foizi qurilish va maishiy maqsadlarda ishlatilayapti. Avtomobil sanoati uchun talab yuqori bo‘lgan kabellar ishlab chiqaruvchi korxonalarimiz 4 tani tashkil qiladi, xolos. Shu munosabat bilan bundan buyon elektrotexnika sohasidagi texnoparklar yondosh yo‘nalishlardagi korxonalar bilan sanoat kooperatsiyasi asosida rivojlantirilishi belgilandi. Buning uchun Ohangaron, Farg‘ona, Qarshi va Urganch shaharlaridagi texnoparklarda kompozit materiallar, metall va plastmassaga ishlov berish, qoliplar ishlab chiqarish, qadoqlash kabi yondosh soha korxonalariga 10 gektargacha joy ajratiladi”, — deya qayd etilgan xabarda.

Mutasaddilarga aniq loyihalar uchun tayyor binoni qurib, sanoat ipotekasi shartlarida tadbirkorlarga berish topshirildi. Ushbu korxonalarga elektrotexnika korxonalari kabi mol-mulk va foyda solig‘idan 50 foizgacha imtiyoz beriladi.

Umuman, joriy yilda chuqur qayta ishlangan mis mahsulotlari ulushini 60 foizga, kelgusi yilda 75 foizga olib chiqish, 1 tonna misdan qo‘shilgan qiymatni 1 ming dollarga yetkazish muhimligi ta’kidlandi.

Energetika sohasida 36 milliard dollarlik 27 gigavatt elektr energiya ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirilayapti. Keyingi uch yilda suv inshooti, magistral tarmoq va taqsimlash nuqtalariga 4 ming 150 ta suv hisoblagich o‘rnatish, 2026 yilgacha 243 ta gaz taqsimlash punktlarini yangilash vazifasi turibdi.

Yiliga qurilayotgan 100 mingta xonadonli ko‘p qavatli uy-joy hamda 13 million kvadrat noturar binolar uchun ham kabel, transformator, isitish va sovitish tizimlari, nasos, lift, kuzatuv vositalari, elektr va gaz hisoblagichlari kerak.

Avtomobil sanoatida har yili 200 million dollardan ortiq elektrotexnika mahsuloti import bo‘layapti. Ushbu tarmoqlarning barchasi davlatdan imtiyoz va arzon mablag‘lar olayotganiga e’tibor qaratib, prezident mutasaddilarning “mahalliy mahsulotlar bizni talabga javob bermaydi, import qilishga majburman” degan bahonasi endilikda o‘tmasligini qayd etdi.

Davlat investitsiya dasturlari va yirik loyihalarda mahalliy mahsulotlar ulushini ko‘paytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Masalan, energetikadagi xususiy sherikchilik loyihalarida mahalliy tovarlar ulushini 25 foizga, kabel-o‘tkazgichlarda esa 70 foizga yetkazish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Boshqa tarmoqlarda ham shunday shartlarni kelishib olish topshirildi.

Bunda, “O‘zeltexsanoat” uyushmasi, viloyat hokimlari buyurtmalarni korxonalarga joylashtiradi, tegishli tarmoqlar rahbarlari esa mahalliy korxonalarga o‘z talablarini yetkazib, ularni standartlarga moslashtirish va sertifikat olishida ko‘maklashadi.

Umuman, joriy yilda elektrotexnika sohasida ishlab chiqarishni 40 trillion so‘mga yetkazish zarurligi qayd etildi.
Tarmoq korxonalariga yagona talab – sifat, tannarx va raqobat. Buning uchun ishlab chiqarishga xalqaro standartlar joriy qilinishi va sertifikat mavjud bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi.

Prezident maishiy texnika ishlab chiqarish asosan ichki bozor hisobidan rivojlanib kelayotganini qayd etdi.
O‘tgan yili ishlab chiqarilgan maishiy texnikaning 70 foizi ichki bozorda sotilgan.

Tashqi bozorlarda tarif va notarif to‘siqlar ko‘pligi bor gap, lekin eksport bozorlarida yirik uzelli yig‘ish asosida ishlab chiqarish qilib, ularga butlovchi qism va yarim tayyor mahsulotni ortiqcha yig‘imlarsiz yetkazib berish mumkin.

Endilikda qo‘shni bozorlarga texnologiya, malakali mutaxassis va butlovchi qismlar yetkazib, O‘zbekistonni mintaqaviy elektrotexnika xabiga aylantirish kerakligi ta’kidlandi.

Mutasaddilarga qo‘shni bozorlarda milliy brendlar ostida kamida 15 tadan yangi mahsulotlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Yig‘ilishda tarmoq rahbarlari va hokimlarga yirik korxonalar bilan cheklanmasdan, sohadagi barcha tadbirkor bilan ishlashni o‘rganishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bois “O‘zeltexsanoat” uyushmasining faoliyatini tubdan o‘zgartirish lozimligi ta’kidlandi. Xususan, ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan tovarlarni aniqlash, ular bo‘yicha loyiha qilib, tadbirkorlarga berish; sohadagi standartlarni xalqaro talablarga moslab, tadbirkorlarga joriy qilish va sertifikat olishda ko‘maklashish uyushmaning asosiy vazifalari bo‘lishi zarur.

Shuningdek, injener-texnolog va o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash bo‘yicha oliygoh va texnikumlarga buyurtma berish, ularning dasturlarini birgalikda ishlab chiqish; mahalliy korxonalardagi istiqbolli mutaxassislarni xorijiy ilg‘or kompaniyalarga stajirovkaga jo‘natish uyushma faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘lishi lozim.
Prezident "O‘zeltexsanoat" uyushmasining unga yangi a’zo bo‘lganlardan 2 yil, aylanmasi 10 milliard so‘mdan kam korxonalardan esa umuman badal olmaslik, ularning mahsulotlarini “Eltex Lab” laboratoriyasida bepul sinovdan o‘tkazish bo‘yicha takliflarni qo‘llab quvvatladi.

Elektrotexnika loyihalari uchun xorijdan 200 million dollar resurs jalb qilish muhimligi ta’kidlandi.
Umuman, bu yil 85 ta loyiha doirasida sim karta, to‘lov kartasi, keng turdagi maishiy texnika, transformator, televizor, quyosh paneli va yoritish uskunalari, elektr skuterlar uchun akkumulator, litiy batareyasi, lazer bilan kesish uskunalarini ishlab chiqarishni boshlash vazifasi qo‘yildi”, — deyiladi xabarda.

Soha vakillari va tadbirkorlari bilan muloqotda quyidagi taklif va tashabbuslar bildirildi:
  • sanoat elektrotexnika mahsulotlarini lizing asosida sotish tizimini joriy etish;
  • yillik eksporti 50 million dollardan ko‘p bo‘lgan korxonalarga aylanma mablag‘ uchun beriladigan kredit miqdorini oshirish;
  • foyda solig‘ini hisoblashda korxonalarning ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlariga sarflagan xarajatini chegirish tizimini takomillashtirish;
  • avtomobil akkumulatori chiqindisini utilizatsiya qilish tizimini joriy etish;
  • yangi loyihalarni amalga oshirishda zamonaviy uskuna sotib olishga yo‘naltirilgan mablag‘ning bir qismini foyda solig‘i bazasidan chegirish.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » O‘zbekiston mintaqaviy elektrotexnika xabiga aylanishi mumkin