18:39 / 08.09.2024
72

Professor Islombek Niyozmetov: “O‘zbekistonda soliqlar 100 foiz adolatsiz”

Professor Islombek Niyozmetov: “O‘zbekistonda soliqlar 100 foiz adolatsiz”
Islombek Niyozmetov
Foto: “Vatandosh TV”

Iqtisodiyot fanlari doktori, professor Islombek Niyozmetov YouTube'dagi “Vatandosh TV” kanaliga bergan intervyusida O‘zbekiston soliq tizimi to‘g‘risida fikr bildirdi.

Islombek Niyozmetov suhbatda dastlab, 2019 yilda yangi tahrirda qabul qilingan Soliq kodeksi bo‘yicha mulohazalarini aytdi.

Kodeks qabul qilinishi arafasida juda ko‘p instansiyasida qatnashdim. Senatga borgan paytda 'bu hujjatni qabul qilmanglar, u xom', dedik. Bizni eshitishni ham xohlashmadi. Kodeks Moliya vazirligi mas’ullari taqdimoti bilan 'ura-ura' qilib, o‘tkazib yuborildi. Bizni majlisga nomiga chaqirishgan ekan. Davlat budjeti daromadlarini shakllantiradigan, butun mamlakatda soliq siyosati taqdirini belgilab beradigan hujjat xom holda qabul qilindi. Shuning uchun ham o‘tgan 4,5 yil ichida Soliq kodeksiga 3 mingtaga yaqin o‘zgartirishlar kiritildi”, dedi mutaxassis.

Suhbatda Islombek Niyozmetov “O‘zbekistonda soliqlar 100 foiz adolatsiz”, dedi va bunga sabablar yetarli ekanini ta’kidladi.

Adolat mezonlari bo‘ladi. Birinchi navbatda gorizontal adolat degan tushuncha mavjud. U davlatning soliq undiruvi jamiyatning barcha a’zolariga yetib borishi kerakligini anglatadi. Lekin bu barcha soliq to‘lab tashlaydi, degani emas. Ikkinchi mezoni — vertikal adolat. Jamiyat a’zolari davlatning ijtimoiy xizmatlari — milliy xavfsizlik, sud–huquq tartiboti va boshqalarni iste’mol qilyaptimi, hamma o‘zining imkoniyatidan kelib chiqib soliq to‘lashi kerak. Bunda jamiyat a’zolari olayotgan daromadlari, egaligidagi mulklari va boshqa imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda soliqni ko‘p yoki kam to‘lashi lozim”, iqtisodchi.

Professor fikrini davom ettirar ekan, soliq tizimida adolatni ta’minlash uchun mamlakatda kambag‘allik chegarasi bo‘lishi kerakligini aytdi.

Agar davlat o‘z konstitutsiyasida 'men ijtimoiy davlatman', deb yozib qo‘ygan bo‘lsa, kambag‘alga soliq solishga haqli emas. Yangilangan Konstitutsiyaning 163-moddasiga 'soliqlar nafaqat to‘lanishi, balki ular adolatli bo‘lishi kerak', deya qo‘shimcha kiritdik. Endi aytyapmizki: 'O‘zbekistonda tan olingan yashirin iqtisodiyot 50 foiz, ya’ni iqtisodiyotning yarmi soliqqa tortilmayapti'. O‘zbekiston iqtisodiyotida band aholining 57 foizi norasmiy ishlaydi. Bu degani ijtimoiy va daromad soliqlari kabi to‘g‘ri soliqlar aholining shuncha qismiga, ya’ni yarmidan ko‘prog‘iga yetib bormagan. To‘g‘ri, ular qo‘shilgan qiymat solig‘i, aksiz kabi bilvosita soliqlarni to‘lashi mumkin, lekin hamma qatori to‘g‘ri soliqlarni to‘lamayapti. Demak, gorizontal adolat ta’minlanmagan.

Endi vertikal adolat masalasiga to‘xtalsak. Biz rasmiy daromad olgan kimsa bor ekanki undan soliq olamiz. Misol uchun, farrosh 1 million 40 ming so‘m oylik oladi. Shu puldan soliq chiqarib tashlasangiz, 925 ming so‘m qoladi. Ya’ni kam oylik olayotgan farroshga ham soliq solamiz.

Kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bor, lekin kambag‘allikni chegarasi yo‘q. Ana u narsa yolg‘on, 674 ming so‘m... (minimal iste’mol xarajatlari–tahr). Metodikasi noto‘g‘ri. Nega soliqlar 100 foiz adolatsiz deyapman? Chunki gorizontal adolat ta’minlanmagan, ya’ni jamiyatning yarmidan ko‘piga soliq yetib bormagan. Vertikal adolat ham ta’minlanmagan
”, deydi olim.

Islombek Niyozmetov O‘zbekistonda dunyoning 12 ta davlatida amal qiladigan flat-rate tax, ya’ni bir stavkali soliq tizimi ishlayotganini ta’kidladi. Professor fikricha, mazkur tizimning o‘zi vertikal adolatni chippakka chiqaradi. Sababi bu tizimda qancha daromad olinsa ham bir xil foizda soliq to‘lash kerak bo‘ladi.

Vertikal adolat ta’minlanishi uchun birinchi navbatda kambag‘allik chegarasi aniqlanib, kambag‘al qatlamga daromad solig‘i solinmasligi kerak. Bu mulkka ham taalluqli bo‘lishi zarur. Aytaylik, 10 ming dollargacha qiymatdagi mulkka kambag‘alning mulki deb qaralsin. Shuncha ekvivalentdagi so‘m qiymatiga nol foiz, ya’ni mulkka ham, daromadga ham xuddi shunday bo‘lsin. Undan tepasiga o‘rtahol qatlam uchun alohida stavka belgilansin. Progressiv mexanizm degan tushuncha bor. Ya’ni daromad, mulk yoki boshqa aktiv qiymatining oshib borishi bilan soliq stavkasi ham o‘sishi kerak. Bu juda chuqur masala. Mana shunday mezonlarga, talablarga javob bermagan tizim o‘z–o‘zidan adolatsiz deyiladi”, deya xulosa qildi mutaxassis.

Avvalroq parlament yig‘ilishida Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev 2024 yil I choragida O‘zbekistonda bilvosita soliqlar tushumi kamayganini aytgandi. Qayd etilishicha, bu gaz ishlab chiqarish hajmi kamayib, import ko‘payishi bilan bog‘liq.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Professor Islombek Niyozmetov: “O‘zbekistonda soliqlar 100 foiz adolatsiz”