Saudiya Arabistonida dunyodagi eng baland bino qurilishi davom etmoqda (video)

Saudiya Arabistonining Jidda shahrida qurilayotgan Jeddah Tower osmono‘par binosi 482 metr balandlikka yetdi. Loyiha yakunlangach, uning balandligi 1 kilometrdan oshishi va dunyodagi eng baland binoga aylanishi kutilmoqda. Bu haqda Argaam nashri Kingdom Holding kompaniyasining hisobotiga tayanib xabar berdi.
Kingdom Holding kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Jeddah Tower qurilishi 120-qavatga yetgan. Binoning qurilishida hozirgacha 322 ming kub metrdan ortiq beton ishlatilgan. Bu loyihada ko‘zda tutilgan umumiy beton hajmining qariyb 72 foizini tashkil etadi.
Shuningdek, binoning tashqi fasadini qoplash ishlari ham davom etmoqda. Hozirgacha 3 900 dan ortiq fasad paneli o‘rnatilgan bo‘lib, bu umumiy rejaning taxminan 14 foiziga teng. Minoraning ichki qismida mexanik, elektr va sanitariya tizimlarini o‘rnatish ishlari ham boshlangan.
Loyiha yakunlangach, Jeddah Tower balandligi 1 000 metrdan oshishi rejalashtirilgan. Taqqoslash uchun, hozirda dunyodagi eng baland bino hisoblangan Dubaydagi Burj Khalifa'ning balandligi 828 metrni tashkil etadi.
Jeddah Tower foydalanishga topshirilsa, Burj Khalifa rekordini yangilab, insoniyat tarixida balandligi bir kilometrdan oshgan ilk bino bo‘lishi mumkin.
Kingdom Holding kompaniyasi rahbari Talal Ibrohim Al Maymanning ma’lum qilishicha, qurilishni 2028 yilda yakunlash kutilmoqda. Shuningdek, minora balandligi 2026 yil oxirigacha 500 metrga yetishi prognoz qilinmoqda.
Shu tariqa, Saudiya Arabistoni dunyodagi eng baland bino rekordini yangilashga yaqinlashmoqda. Jeddah Tower qurilishidagi keyingi bosqichlar ham katta qiziqish bilan kuzatilmoqda.
Keyingi yangilik

Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…