Yaponiyadagi o‘qish orzusi amalga oshmagan yigit 7 yil tashlandiq kanalizatsiya quvurlarida yashadi

Vetnamning 31 yoshli fuqarosi qariyb yetti yil davomida oilasidan uzilib, ko‘chalarda va tashlandiq kanalizatsiya quvurlarida kun kechirgan. Yaqinda politsiya xodimlari uni topib, uzoq yillardan beri daragini kutayotgan yaqinlari bilan qayta uchrashtirdi.
Voqea mamlakatning markaziy qismidagi Da Nang shahrida yuz bergan. 23 noyabr kuni An Khe tumani Nhon Hoa 21 ko‘chasidagi bo‘sh maydonda xizmat olib borayotgan mahalliy xavfsizlik xodimlari beton kanalizatsiya quvuri ichida yashayotgan erkakni payqab qolishgan. U politsiya bo‘limiga olib borilib, shaxsi aniqlangan. U Ninh Binh viloyatida tug‘ilgan, P.H.T. ismli 31 yoshli erkak bo‘lib chiqqan.
Ma’lum bo‘lishicha, u 2017 yilda Yaponiyaga ta’lim olish uchun ketgan. Shu bilan birga, ishlab, oilasiga moddiy yordam berishni ham rejalashtirgan. Biroq o‘qish ishlari kutilganidek kechmagan. Oilasi uning ta’limi uchun katta mablag‘ sarflagani, hatto qarz olgani sababli yigit o‘zini aybdor his qilgan va uyiga qaytishga uyalgan.
2019 yilda u yaqinlari bilan aloqani uzgan. Avval Ho Chi Minh shahrida, keyinchalik Da Nangda ko‘chada yashab yurgan. Tashlandiq kanalizatsiya quvurlari esa uning yomg‘ir va quyoshdan pana topadigan boshpanasiga aylangan. U hatto shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz yashagan.
Politsiya xodimlari yigit bilan sabr bilan suhbatlashib, uning qarindoshlarini izlashga kirishgan. Dastlabki ma’lumotlar asosida Ninh Binh viloyatidagi hamkasblari bilan bog‘lanib, oilasini topishga muvaffaq bo‘lishgan.
Xabar topgan yaqinlari 23 noyabrga o‘tar kechasi Da Nangga yo‘l olib, ertasi kuni ertalab uni kutib olishgan. Uchrashuv dastlab biroz tortinchoqlik bilan kechgan bo‘lsa-da, ko‘p yillik ayriliqdan so‘ng oila a’zolari yana birga bo‘lishdi.
Politsiya xodimlari yigitning uyiga qaytishi uchun o‘z mablag‘laridan pul yig‘ib, unga kiyim-kechak va zarur buyumlar ham taqdim etishgan. Uning oilasi esa yordam ko‘rsatgan xodimlarga minnatdorlik maktubi yo‘llagan.
Shu tariqa, qariyb yetti yil davomida daraksiz ketgan yigit oilasiga qaytdi.
Keyingi yangilik

Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar

































Izohlar0
…