Foto: Prezident matbuot xizmati
Boku shahrida o‘tayotgan COP29 sammiti doirasida prezident Shavkat Mirziyoyev Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu nufuzli xalqaro moliya instituti bilan keng qamrovli hamkorlik qilish bo‘yicha amaliy jihatlar ko‘rib chiqildi.
Bankning mamlakatga investitsiyalari 5 milliard yevrodan oshgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zbekiston bankning mintaqamizdagi eng yirik hamkori hisoblanadi.
YETTBning faol ishtirokida bank sektorini xususiylashtirish chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda, investitsiyalar va yer qa’ridan foydalanish sohasidagi me’yoriy-huquqiy baza takomillashtirilmoqda.
Davlat rahbari loyihalarni tayyorlash sifati va samaradorligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
O‘zbekiston va YETTB o‘rtasidagi hamkorlik strategiyasini amalga oshirish va uni yanada boyitish muhimligi ta’kidlandi. Energetika samaradorligi, kichik va o‘rta biznes, ayollar va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy soha va infratuzilmada davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, “yashil” shaharlarni rivojlantirish sohalarida yangi loyiha va dasturlarni amalga oshirish hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari sifatida belgilandi.
2025 yilda Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yig‘ilishini tayyorlash va o‘tkazish yuzasidan ham fikr almashildi.
Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad bin Sulaymon al-Jassir bilan uchrashdi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
U bilan xalqaro moliyaviy institut bo‘yicha hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Davlat rahbari Islom taraqqiyot banki bilan sheriklik jadal rivojlanib borayotganini yuqori baholadi. 2024 yilning mart oyida Toshkentda islom dunyosining yetakchi moliya institutlari ishtirokida bank rahbarligidagi Arab muvofiqlashtirish guruhining yig‘ilishi muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
ITB bilan loyihalar portfeli 4 milliard dollardan oshdi, ularning 40 foizi xususiy sektorga to‘g‘ri kelmoqda.
Bank ishtirokida tashkil etilgan O‘zbekistonning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish yuzasidan qo‘shma jamg‘arma kapitali izchil shakllantirilmoqda.
Ta’lim, sog‘liqni saqlash, infratuzilma, tadbirkorlik, ekologiya sohalarida yangi loyiha va dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish, xususiy investitsiyalarni safarbar etish, bank tuzilmalarini loyiha ishlariga faol jalb qilishga alohida e’tibor qaratildi.
Mamlakat sanoati va tog‘-kon tarmog‘idagi yirik investitsiya loyihalarini moliyalashtirishda ITBning ishtiroki yuzasidan ham fikr almashildi.
YETTB bilan hamkorlik
Shavkat Mirziyoyev joriy yil 1 may kuni ushbu bank prezidenti Odil Reno-Basso boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgan edi. Unda davlat rahbari suv ta’minoti, energetika, yo‘l infratuzilmasi, “yashil” shaharlarni rivojlantirish borasida yangi loyihalarni tez fursatda tayyorlash va amalga oshirish muhimligini ta’kidlagandi.
May oyida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan 4R156 Urganch—Xonqa—Hazorasp—Toshsoqa orqali—Amudaryo—A380 avtoyo‘li avtomobil yo‘lini sement-beton qoplamasi bilan rekonstruksiya qilish bo‘yicha bitim imzolangan edi.
Avgust oyida esa YETTB O‘zbekistonda qayta tiklanadigan vodorod ishlab chiqarish uchun 65 mln dollar kredit ajratishi haqida xabar berilgandi.
Sentyabr oyi oxirida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki O‘zbekiston iqtisodiyoti 2024 va 2025 yillarda 6 foizga o‘sishini prognoz qilgan edi.
Islom taraqqiyot banki bilan hamkorlik
2023 yil fevralida Islom taraqqiyot bankining O‘zbekistonda maktablar qurish va ta’mirlashga mablag‘ ajratishni rejalashtirayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Mart oyida esa bank O‘zbekistondagi qishloq joylarni rivojlantirishga 200 mln dollar ajratgan.
2023 yilning aprelida Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida tashrif buyurgan Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad bin Sulaymon Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘lgandi. O‘zbekiston prezidenti ITB bilan yangi sheriklik dasturini birgalikda amalga oshirish muhimligini qayd etib, yangi o‘rta muddatli sheriklik dasturi doirasida bank guruhi bilan hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qilgandi.
Iyul oyida Islom taraqqiyot banki O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirishi aytilgandi. “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Befoyda va qimmat: shifokorlar tavsiya etmaydigan 5 turdagi biologik faol qo‘shimchalar
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
Italiya sudi Quddus Isroil poytaxti emasligi haqida qaror chiqardi
2026 yilda bo‘lajak mundialning favoritlari reytingi taqdim etildi
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»
Zelenskiy Putin borasida bayonot berdi: “Tinchlikni istaganlar yuziga tupurmoqda”