Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Pensiya jamgʻarmasi fuqarolarga pensiyaga chiqishda muammolarga duch kelmaslik va pensiya miqdorini oshirish uchun muhim tavsiyalar berdi.
Kimlarga pensiya tayinlanadi?
Erkaklar 60 yoshda, 25 yil ish stajiga ega boʻlsa, ayollar esa 55 yoshda, 20 yil ish stajiga ega boʻlsa, yoshga doir toʻliq pensiya olish huquqiga ega. Ish staji kamroq boʻlsa (kamidan 7 yil), toʻliqsiz pensiya tayinlanadi.
Ish stajiga nimalar kiritiladi?
Rasmiy ishlagan davrlar, ish haqi hisoblangan vaqtlar, oʻzini-oʻzi band qilgan holda yoki xorijda ishlagan paytlarda toʻlangan ijtimoiy soliq davrlari ish stajiga qoʻshiladi. Bundan tashqari, oliy ta'lim muassasasida kunduzgi oʻqish, harbiy xizmat va bola parvarishi ta'tillari (har bir bola uchun 3 yil, jami 6 yil) ish stajiga kiritiladi.
Pensiya uchun tayyorgarlik: nimalarga e'tibor berish kerak?
Yuqori pensiya miqdoriga erishish uchun quyidagilar tavsiya etiladi:
- Rasmiy ishlashni ta'minlash: Ish joyingizda stajingiz hisobga olinayotganini tekshiring. Bu ma'lumotlarni my.gov.uz portali orqali kuzatib boring.
- Ish haqi rasmiy ekanini aniqlang: Sizga toʻlanayotgan ish haqi, ushlab qolinayotgan soliqlar va jamgʻarilayotgan mablagʻlar haqida doimiy ravishda xabardor boʻling.
- Oʻzini-oʻzi band qilish: Agar norasmiy ishlayotgan boʻlsangiz, oʻz-oʻzini band qilish statusida roʻyxatdan oʻtib, Pensiya jamgʻarmasiga soliq toʻlang.
- Qonunchilikni kuzatib boring: Pensiya qonunchiligidagi yangiliklar va oʻzgarishlar haqida xabardor boʻling.
- Raqamlashtirishga e'tibor bering: Mehnat faoliyatingizni raqamlashtirish pensiyaga chiqish vaqtida ovoragarchiliklardan qutqaradi.
Rasmiy faoliyat yuritish va jamgʻarma soliq toʻlovlarini amalga oshirish nafaqat ish stajini koʻpaytirib, balki pensiya miqdorini oshiradi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing