date
views 379

O‘zbekiston aprelda dunyoda eng ko‘p oltin sotgan davlatga aylandi!

O‘zbekiston aprelda dunyoda eng ko‘p oltin sotgan davlatga aylandi!
2025 yilning aprel oyi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston global oltin bozorida eng faol sotuvchi davlat sifatida yetakchilik qilmoqda. Bu haqda Jahon oltin kengashi (WGC) o‘zining so‘nggi hisobotida ma’lum qildi.

Hisobotga ko‘ra, shu yil aprelda dunyo bo‘yicha markaziy banklarning sof oltin xaridlari 12 tonnani tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich mart oyidagi xaridlarga nisbatan taxminan 12 foiz kamroqdir.

Xaridlar bo‘yicha jahon yetakchisi Polsha Milliy banki bo‘lib, u o‘z oltin zaxiralarini 12 tonnaga oshirib, umumiy miqdorini 509 tonnaga yetkazdi. Shu bilan birga, Chexiya Milliy banki ham o‘z zaxiralarini 3 tonna, Xitoy Xalq banki 2 tonna, Turkiya Markaziy banki 2 tonna, Qirg‘iziston Milliy banki 2 tonna, Qozog‘iston Milliy banki va Iordaniya Markaziy banklari esa har biri 1 tonnadan oshirishga muvaffaq bo‘lgan.

Biroq O‘zbekiston Markaziy banki, aksincha, aprel oyi davomida oltin zaxiralarini yana 11 tonnaga qisqartirdi. Yil boshidan buyon mamlakatning oltin zaxiralari umumiy hisobda 26 tonnaga kamayib, hozirda 356 tonnani tashkil etmoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, O‘zbekistonning oltin zaxiralarini qisqartirib, jahon bozorida faol sotuvchi sifatida qatnashishi mamlakatning xalqaro valyuta zaxiralarini rekord darajaga yetkazishiga imkon berdi. 2025 yilning 1 may holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning rasmiy zaxira aktivlari ilk bor 49,25 milliard AQSH dollariga yetgan. Bu ko‘rsatkich O‘zbekiston tarixidagi eng yuqori rekord natijadir.

O‘zbekiston zaxira aktivlarining oshishiga, asosan, so‘nggi oylarda xalqaro bozorlarda oltin narxining sezilarli darajada qimmatlashi va bir necha marta o‘z tarixiy rekordlarini yangilashi sabab bo‘ldi. Jahon bozorida oltinning yuqori baholanishi O‘zbekistonga katta iqtisodiy foyda keltirgani qayd etilmoqda.

Ekspertlarning fikricha, O‘zbekistonning oltin sotish siyosati milliy iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash hamda zaxiralarni diversifikatsiya qilishga qaratilgan strategik qadamdir. Bu mamlakatga xalqaro moliya bozoridagi o‘zgarishlarga tezkor va samarali javob berish imkoniyatini beradi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » O‘zbekiston aprelda dunyoda eng ko‘p oltin sotgan davlatga aylandi!