O‘zbekistondan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xorijga chiqarish yo‘nalishida yana bir qadam qo‘yildi. Samarqand viloyati Payariq tumanidagi Nassar Trading Agro kompaniyasi va Kuvaytning Sky Logistics Gen. Trading & Contracting Co. kompaniyasi o‘rtasida onlayn muzokaralar o‘tkazildi. Uchrashuv O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida amalga oshirildi.
Suhbat davomida mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, eksportchi korxonalar uchun yaratilgan qulay sharoitlar hamda xorijiy hamkorlarga berilayotgan imtiyozlar haqida ma’lumot berildi.
Asosiy e’tibor quritilgan meva va sabzavotlarni Kuvayt hamda Iroq bozorlariga yetkazib berish imkoniyatlariga qaratildi. Shu maqsadda mahsulotlarni zamonaviy qadoqlash tizimi, logistika yo‘nalishlari va transport xizmatlarini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, o‘zbek mahsulotlarini keng targ‘ib qilish uchun Kuvaytda shou-rumlar tashkil etish, savdo uylarini ochish kabi takliflar ham ko‘rib chiqildi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, mazkur kelishuv nafaqat eksport hajmini ko‘paytirish, balki o‘zbek quritilgan mahsulotlarini yangi bozorlarga olib chiqishda muhim qadam bo‘ladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!