SEC tokenizatsiya qilingan aksiyalar boʻyicha rejani kechiktirdi

AQSH Qimmatli qogʻozlar va birjalar komissiyasi (SEC) birja rasmiylarining amalga oshirish jarayoni boʻyicha xavotirlari sababli tokenizatsiya qilingan aksiyalar savdosiga ruxsat beruvchi “innovatsion istisno” rejasini kechiktirdi. Bloomberg nashrining xabar berishicha, SEC xodimlari kripto-aksiyalar boʻyicha taklif loyihasini koʻrib chiqib boʻlgan edi, biroq yakuniy qaror hali qabul qilinmagan. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.
SEC taklifiga koʻra, tokenizatsiya qilingan aksiyalarni taklif qiluvchi platformalar investorlarga anʼanaviy aksiyadorlar bilan bir xil huquqlarni, jumladan dividendlar va ovoz berish huquqini kafolatlashi kerak. Biroq, bozor ishtirokchilari ruxsatsiz uchinchi tomonlar tomonidan tokenlar chiqarilishi va blokcheyn tizimlarida egalik huquqini tasdiqlash masalalari boʻyicha xavotir bildirishgan.
Donald Trump maʼmuriyati davrida SEC kripto-moliyaviy mahsulotlarga nisbatan ochiqroq siyosat yuritmoqda. Bu esa Wall Street vakillarining tokenizatsiya va stablecoinlarga boʻlgan qiziqishi ortishi bilan mos keldi. RWA.xyz maʼlumotlariga koʻra, hozirda 34 milliard dollarlik real aktivlar tokenizatsiya qilingan boʻlib, shundan 1,55 milliard dollari aksiyalar hissasiga toʻgʻri keladi.
Kripto sanoati rahbarlari SECning ushbu kechiktirish qarorini qoʻllab-quvvatlamoqda. Securitize platformasi rahbari Carlos Domingo istisnolarning toʻgʻri vositalarga qoʻllanilishi muhimligini taʼkidladi. Bullish birjasi rahbari Tom Farley esa faqat ochiq kompaniyalarning oʻzi oʻz aksiyalari uchun token chiqarish huquqiga ega boʻlishi kerakligini qayd etdi.
Mazkur kechikish SEC komissari Hester Peirce ushbu istisno doirasi cheklangan boʻlishi va faqat ikkilamchi bozordagi qimmatli qogʻozlarning “raqamli koʻrinishlarini” qoʻllab-quvvatlashini aytganidan soʻng yuz berdi. Yanvar oyida SEC tokenizatsiya qilingan qimmatli qogʻozlarni “kustodial” va “sintetik” turlarga ajratgan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!