Og‘ir tuman va mahallalarga katta mablag‘ yo‘naltiriladi

Mamlakatda kambag‘allik va ishsizlikni keskin kamaytirish uchun “og‘ir” deb baholangan hududlarga yangi, ancha katta moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmi ishga tushirilmoqda. Endilikda viloyat hokimlari har bir “og‘ir” tumanga 10 milliard so‘mdan, 903 ta “og‘ir” mahallaning har biriga esa 1 milliard so‘mdan mablag‘ ajratadi.
Ma’lum qilinishicha, tumanlarda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida infratuzilma holati, aholi turmush darajasi, biznes faolligi, moliyaviy imkoniyatlar kabi 20 ta mezon asosida 37 ta “og‘ir” tuman aniqlangan. Shuningdek, har bir tuman chuqur tahlil qilinib, kambag‘allik ulushi yuqori bo‘lgan 903 ta “og‘ir” mahalla tanlab olingan.
E’tiborli jihati shundaki, kambag‘al oilalarning uchdan bir qismi va ishsizlarining 21 foizi aynan ushbu 37 ta tuman hamda 903 ta mahallaga to‘g‘ri kelishi aniqlandi. Demak, muammoning “og‘ir qismi” qayerda ekani aniq ko‘rsatib qo‘yildi.
Bundan tashqari, yana 33 ta tuman va 330 ta “og‘ir” mahallaga “Yangi O‘zbekiston” qiyofasini olib kirish bo‘yicha ishlar boshlangani aytildi. Davlat rahbari bu yo‘nalishda asosiy kuchni 70 ta tuman va qariyb 1 mingta “og‘ir” mahallaga to‘g‘ri yo‘naltirish orqali respublikada kambag‘allik darajasini kamida 3 foizga pasaytirish mumkinligini ta’kidladi.
Hududlardagi aholi va tadbirkorlar esa ko‘p holatda soliq imtiyozidan ko‘ra, hayot uchun eng kerakli narsani so‘rayapti: yo‘l, suv va elektr ta’minoti. Shu bois joriy yil infratuzilmani yaxshilash uchun viloyatlarga 20 trillion so‘m ajratilishi, shu mablag‘ning 12 trillioni esa aynan “og‘ir” tuman va mahallalarga yo‘naltirilishi belgilandi.
Yana bir muhim o‘zgarish: respublikadan mahalliy byudjetga qaytariladigan mablag‘ ikki barobar oshirilib, hokimlarga 4 trillion 200 milliard so‘m beriladi. Ana shu resurslar hisobidan viloyat hokimlari “og‘ir” tumanga 10 milliard so‘mdan, 903 ta mahallaning har biriga 1 milliard so‘mdan ajratadi.
Bunga qo‘shimcha ravishda, har bir “og‘ir” tumanga yana 50 milliard so‘m, “og‘ir” mahallaga 2 milliard so‘mdan qo‘shimcha mablag‘ yo‘naltirilishi ham belgilandi. Bu esa tuman hokimlari va mahalliy kengashlar “og‘ir” tuman va mahallalar uchun qo‘shimcha ravishda yana 4 trillion so‘m oladi, degani.
Davlat rahbari bu mablag‘lar “shunchaki sarf” bo‘lib ketmasligi kerakligini alohida qattiq ta’kidlab, hokimlarga ochiq ogohlantirish berdi: mablag‘lar infratuzilmani yaxshilash orqali kambag‘allik va ishsizlikni kamida ikki barobar qisqartirishga xizmat qilishi shart.
Shuningdek, “og‘ir” tuman hokimlari aholisiga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilishi, mahallama-mahalla yurib, qaysi hududda nechta odam ishli bo‘lishi, qancha oila kambag‘allikdan chiqarilishi bo‘yicha aniq tushuntirish berishi kerakligi aytildi. Ya’ni, endi hisobot “qog‘ozda” emas — odamlar oldida, mahallada bo‘ladi.
Prezidentning fikricha, shuncha mablag‘ ajratilgandan keyin tuman hokimi xalq oldida mas’uliyat olib, natija uchun javob berishi shart. Hokimlik faoliyatiga esa xalqning o‘zi baho berishi kerak.
Qisqasi, tizim yangi bosqichga chiqyapti: mablag‘ bor, yo‘nalish bor, talab ham aniq. Endi eng muhim narsa — ijro. Chunki xalq natijani hisobotdan emas, o‘z mahallasidagi yo‘lda, suvda, yorug‘likda va ish o‘rnida ko‘rishni xohlaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!