Bir yilda kambag‘allik darajasi 8,9 foizdan 5,8 foizgacha pasaydi

So‘nggi bir yil davomida aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida 366 ming oila kambag‘allikdan chiqdi. Bu esa mamlakatda kambag‘allik darajasi 8,9 foizdan 5,8 foizgacha pasayganini ko‘rsatmoqda. Shuningdek, ishsizlik ko‘rsatkichi ham 5,5 foizdan 4,8 foizga tushdi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, bu natijalar amalga oshirilayotgan islohotlarning samarasi bo‘lib, davlat bilan xalq o‘rtasidagi o‘zaro ishonch tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi.
Shu bilan birga, hali oldimizda bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar ham kam emas. Shu bois 2026 yil “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinib, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha keng ko‘lamli rejalar belgilandi.
Qayd etilishicha, mahalla — islohotlar qayerda samara bergani yoki qayerda to‘xtab qolganini aniq ko‘rsatib beruvchi muhim bo‘g‘indir. Agar mahallada ishsiz fuqarolar yoki kambag‘al oilalar saqlanib qolgan bo‘lsa, demak, islohotlar u yerga to‘liq yetib bormagan. Shuningdek, “yettilik” yoki bank tizimi odamlar muammosini hal qila olmayotgan bo‘lsa, bu joyda tizim ishlamayotganidan darak beradi.
Davlat rahbari hech bir vazir, hokim yoki bankir “yettilik”ni bahona qilishga haqli emasligini alohida ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yetarlicha imkoniyat, mablag‘, qaror va dasturlar mavjud. Yetishmayotgan esa — mas’uliyat va shaxsiy javobgarlikdir.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!