NYDIG: IBIT aksiyalarining 1,3 mlrd dollarlik savdosi ortida yirik investor turibdi

Oʻtgan haftada BlackRock kompaniyasining iShares Bitcoin Trust (IBIT) fondida amalga oshirilgan 1,26 milliard dollarlik blokli savdo, katta ehtimol bilan, yirik investorning (kitning) yoʻnalishli savdodan tezkor chiqishi boʻlgan. NYDIG moliyaviy xizmatlar kompaniyasi tadqiqot boʻlimi rahbari Greg Cipolaro ushbu operatsiya tafsilotlarini tahlil qilib, shunday xulosaga keldi. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.
Seshanba kuni nomaʼlum treyder BlackRock’ning 29,2 million dona IBIT aksiyasini "dark pool" — institutlar ommaviy bozorga taʼsir qilmasdan yirik bitimlarni amalga oshiradigan xususiy platforma orqali sotdi. Cipolaro tadqiqot hisobotida taʼkidlashicha, sotuvchi aksiyalarni bozor narxidan 1,01 dollar arzonroqqa sotishga rozi boʻlgan va tezkor ijro uchun 29,5 million dollar foydadan voz kechgan. Bu holat konsentratsiyalashgan pozitsiyadan shoshilinch chiqishni anglatadi.
Yirik tranzaksiyalar odatda bozor kayfiyatiga taʼsir qiladi. Mazkur savdodan soʻng Bitcoin (BTC) narxi kun davomida 2,8 foizga pasaydi. Bloomberg ETF tahlilchisi Eric Balchunasning soʻzlariga koʻra, bozor bunday ulkan hajmdagi sotuvni kutilganidan yaxshi qabul qilgan. Biroq, sotuvchining nima sababdan bunday qarorga kelgani — shaxsiy cheklovlar yoki umumiy investitsiya qarashlarining oʻzgarishi ekanligi hozircha nomaʼlum boʻlib qolmoqda.
AQSHda roʻyxatga olingan Bitcoin ETF fondlari ketma-ket 11 savdo kuni davomida mablagʻlarning chiqib ketishini (net outflow) qayd etdi. Farside Investors maʼlumotlariga koʻra, IBIT savdosi amalga oshirilgan kunning oʻzida fondlardan 333,6 million dollar olib chiqilgan. 14-maydan buyon ETF fondlaridan jami 2,9 milliard dollardan ortiq mablagʻ chiqib ketdi.
Ayni paytda bozordagi umumiy kayfiyat ham beqarorligicha qolmoqda. Crypto Fear & Greed Index dushanba kuni 100 balldan 29 ballni koʻrsatib, bozorda "qoʻrquv" hukmron ekanligini anglatdi. Cipolaroning fikricha, kit tomonidan qoʻllanilgan usullar shoshilinchlikdan dalolat beradi, bu esa investorlarning mablagʻlarini qaytarib olishi yoki balansdagi cheklovlar bilan bogʻliq boʻlishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!