07:10 / 19.06.2019
7 570

Foyda solig‘i. Uni hisoblashda qanday xarajatlar chiqarib tashlanadi?

Foyda solig‘i. Uni hisoblashda qanday xarajatlar chiqarib tashlanadi?
MChJ shaklidagi qurilish korxonasini boshqaraman. Faoliyatim davrida korxona foyda solig‘ini hisoblashda turli tushunmovchiliklarga duch kelaman. Jumladan, foyda solig‘ini hisoblashda korxonaning qanday xarajatlari chegirib tashlanadi, qanday toifa xarajatlar chegirilmaydi? Shu haqda batafsil ma’lumot bersangiz?
Adham EShONQULOV,
Qarshi shahri

Foyda solig‘ini hisoblashda korxona xarajatlari ikki guruhga ajratiladi. Unda korxonaning ma’lum bir xarajatlari foyda solig‘ini hisoblashda chegirib tashlansa, boshqa xarajatlar soliq tarkibida qoladi.
Tushunarli bo‘lishi uchun buni sizning, ya’ni mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qurilish korxonasi misolida ko‘rib chiqamiz.

Chegiriladigan xarajatlar
Aytaylik, korxona shahardagi ko‘p qavatli uylardan birini qurmoqda. Tabiiyki, loyihani amalga oshirishi uchun qator xarajatlar mavjud. Masalan, qurilish materiallarini xarid qilishi, transport vositalari uchun yonilg‘i va ehtiyot qismlari sotib olishi, bajarilayotgan xizmatlar uchun ishchi-xodimlarga oylik-maosh to‘lanishi zarur. Buning ustiga hisobga olingan asosiy vositalar va nomoddiy qiymatliklarning amortizatsiya xarajatlari ham bor.

Bu kabi xarajatlar korxonaning foyda solig‘ini hisoblashda chegirib tashlanadi. Bundan tashqari, loyihani amalga oshirish jarayonida o‘zga yuridik va jismoniy shaxslarning transport xizmatlaridan yoki texnik xodimlaridan foydalanayotgan bo‘lsa, bular ham soliq hisoblashda chiqarib tashlanadi.

Chegirilmaydigan xarajatlar
MChJning foydasini aniqlashda quyidagilar chegirilmaydigan xarajatlar guruhiga kiradi: tabiiy kamayishi normalaridagi ortiqcha yo‘qotishlar va buzilishlar, ya’ni sement yoki ohak e’tiborsizlik tufayli yaroqsiz holga kelsa, yo‘qotilgan mahsulot uchun qilingan xarajat chegirilmaydi.

Bundan tashqari, xizmat maqsadida xodimning shaxsiy avtotransportdan foydalanganligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan normalardan ortiqcha to‘langan to‘lovlar, homiylik va xayriya yordami tarzidagi mablag‘lar uchun qilingan xarajatlar hisobga olinmaydi.

Shuningdek, kredit shartnomasida muddatli qarzlar uchun nazarda tutilgan stavkalardan ortiqcha bo‘lgan, to‘lov muddati o‘tgan hamda uzaytirilgan kreditlar bo‘yicha foizlar, loyihalardagi va qurilish-montaj ishlaridagi kamchiliklarni, shuningdek, ob’ekt yonidagi omborgacha tashib keltirilishi chog‘ida yuz bergan buzilishlar bo‘yicha xarajatlar, aybdorlari aniqlanmagan o‘g‘riliklar va kamomadlardan yoki zarur summalarning o‘rnini aybdor taraf hisobidan qoplash mumkin bo‘lmaganda ko‘rilgan zararlar, tekshiruvlar natijalariga ko‘ra qo‘shimcha hisoblangan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar foyda solig‘ini hisoblashda chegirilmaydi.

Na korxonaga, na byudjetga...
Xulosa qilib aytganda, foyda solig‘i solinadigan baza — jami daromadning chegirib tashlanadigan xarajatlardan qolgan qismidir. Chegirilmaydigan xarajatlarning ortib ketishi korxona foydasi kamayishiga olib keladi.

Manba: Od-press.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Foyda solig‘i. Uni hisoblashda qanday xarajatlar chiqarib tashlanadi?