08:20 / 26.06.2019
3 137

DSQ: «Xarid chekini talab qiling, sovringa ega bo‘lasiz»

DSQ: «Xarid chekini talab qiling, sovringa ega bo‘lasiz»
Davlat soliq qo‘mitasi tarkibidagi «Yangi texnologiyalar» ilmiy-axborot markazi direktori Hayotjon Nasrulloyev jurnalistlar uchun tashkil etilgan anjumanda iste’molchilarning huquqlarini, savdo madaniyatini oshirish uchun amaliyotda yangiliklar joriy etilishini ma’lum qildi.

«Juda ko‘pchilik iste’molchilar savdo shoxobchalarida xarid cheklarini olishmaydi yoki talab qilishmaydi. Bu, iste’molchilar o‘z huquqlarini bilmasliklarini ko‘rsatadi. Muammoning qanday yechimi bor? Amaliyotga tatbiq etilayotgan onlayn nazorat-kassa mashinalarida (ONKM) chiqariladigan xarid cheklari orqali masalani yaxshi tomonga o‘zgartira olamiz.

Xaridor uchun foyda shundaki, ushbu turdagi hisob mashinalarida chiqarilgan cheklar maxsus QR-kodga ega bo‘ladi va uning yordamida xaridor mahsulotning chekda ko‘rsatilgan narxini solishtirishi, plastik kartadan ortiqcha mablag‘ yechib olinmaganligini tekshirishi mumkin», — deydi u.

Ta’kidlanishicha, onlayn NNM amaliyotini kengroq targ‘ib qilish uchun yutuqli o‘yinlar tashkil qilinadi.

«Bunda mijoz xarid chekini talab qilib, QR-kod tekshiruvidan o‘tkazadigan bo‘lsa, qimmatbaho sovrinlarni yutib olish imkoniyati ega bo‘ladi.

Qozog‘iston tajribasida bunday loto mavjud, ammo bitta turdagi sovrin yutuqqa qo‘yiladi. Bizda esa bir necha turdagi qimmatbaho mukofotlar joriy etiladi.

Soliq organlariga bundan qanday foyda, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Sotuvchi bu tizimda faoliyat olib borsa, savdo tushumlarini yashirolmaydi. Savdo operatsiyalarining to‘liq nazorati ta’minlanadi. O‘z navbatida, soliq bazasi oshadi. Bu esa davlat byudjeti oshishiga hissa qo‘shadi», — deya qo‘shimcha qildi Nasrulloyev.

Ma’lum qilinishicha, 2019 yil 1 oktyabrdan yutuqli o‘yin jamg‘armasini tashkil etish uchun O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligida shaxsiy g‘azna hisobvarag‘i ochiladi hamda unga savdo va xizmat ko‘rsatish, shu jumladan umumiy ovqatlanish korxonalaridan undiriladigan soliq to‘lovlari (qo‘shilgan qiymat solig‘i, foyda solig‘i, yagona soliq to‘lovi) summasining 0,1 foizi yo‘naltirilishi taklif etilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, onlayn nazorat-kassa mashinasidan foydalanish ayni paytda majburiy xarakterga ega bo‘lmasa-da, 2020 yildan barcha savdo va xizmat shoxobchalarida undan foydalanish qat’iy belgilanishi mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » DSQ: «Xarid chekini talab qiling, sovringa ega bo‘lasiz»