09:27 / 16.12.2019
2 934

Biznesda... ogoh bo‘ling!

Biznesda... ogoh bo‘ling!
Tadbirkorlar bilan suhbatlasharkanmiz, ko‘pchiligi bilan bir xil voqea ro‘y bergan bo‘lib chiqadi... ularni chuv tushirishgan bo‘ladi... (albatta, o‘zlari bu haqda gapirishmaydi, axir obro‘ masalasi bor...)

Odatda, buning qator sabablari bor. Ammo, keling, eng asosiylarini ko‘rib chiqamiz.

Sir emaski, bizning o‘zbekchilik, birodarchilik, og‘aynigarchilikda ishlarni hech qanday shartnomalarsiz boshlash va yuritish odati bor. Juda bo‘lmasa, hamkor do‘stlar shartnoma yoki kelishuvni «eski sana» bilan tuzib olishadi.

Yana ko‘pincha ijrochi xizmat haqini keyin berilishi xaqidagi va’daga ishonib, ishni bajaradi, xizmat ko‘rsatadi, mahsulot yetkazib beradi... keyin nima bo‘lishini esa bilamiz...

Hamkorlik va biznes yuritishning muhim masalalari bo‘yicha shartnoma tuzilmasligi alohida mavzu. «Keyin kelishib olamiz, bizda muammo bo‘lmaydi», degan gaplar keyinchalik o‘zaro ayblovlarga, munosabatlarni oydinlashtirishga, murakkab vaziyat va jiddiy nizolarga olib keladi. Umuman olganda, g‘alva-janjal.

Noto‘g‘ri hisob yuritish ham sheriklar o‘rtasidagi nizolarning manbayi. Ayniqsa, o‘rtada katta pul aylansa.

Oxir-oqibat, sheriklar o‘z majburiyatlarini bajarishmaydi, sarmoyalarini ajratib olishadi, foydani berkitishadi, biznesni egallab olishga harakat qilishadi...
Bu holatda inson faqat o‘zini ayblashi mumkin.

Davom etamiz. O‘zining ma’lum bir ta’sirga ega doiralar, obro‘-e’tiborli odamlar bilan aloqasi, ularga yaqinligini ko‘z-ko‘z qilish ham bor bizda. Ko‘pchilik bunday maqtanishlarga uchadi, tabiiyki keyinchalik bu munosabatlar buziladi...

Yana bir juda xunuk holat – ba’zilarning o‘zini xudojo‘y va dindorligini namoyish etish orqali biror manfaatga erishishga harakat qilishidir.

Shunday toifa riyokorlar borki, ma’lum bir so‘z va iboralarni ishlatishadi, rivoyat va hadislardan, gunoh va savob haqida gapirishadi, o‘zlarining qilgan savob ishlarini gap orasida eslab o‘tishadi, namozxonligini, qaysidir ulamolarga yaqinligini qistirib ketishadi. Bundan maqsad esa asosan bitta – insonning diniy hissiyotlaridan foydalanib, uning ishonchini qozonish orqali ko‘zlagan maqsadi, ya’ni qandaydir manfatga ega bo‘lishdir. Afsuski bunday hiyla ko‘pincha ish beradi!

Albatta, bu yerda gap barcha dindorlar emas, ayrim toifa haqida ketmoqda. Aytmoqchimizki, e’tiqod – banda va Alloh o‘rtasidagi, biznes esa kishilar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatdir.

Qisqa qilib aytganda, OGOH BO‘LING!

Biznes – birinchi navbatda bilim, aniq raqamlar va faktlar demakdir. Unda hech qanday romantikaga o‘rin yo‘q.

Xondamir Nusratxo‘jayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Biznesda... ogoh bo‘ling!