Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatnomasida iqtisodiyot sohasidagi vazifalarga to‘xtalib o‘tdi.
Davlat rahbari biznes muhitini yanada yaxshilash eng muhim masalalardan biri bo‘lib qolishini ta’kidladi.
«Jahon bankining «Biznes yuritish» reytingida eng yaxshi 50 ta mamlakat qatoriga kirish bo‘yicha barcha tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni qabul qildik. Hukumat ushbu tadbirlarning amaliy ijrosini samarali tashkil etishi zarur.
Yaqinda qabul qilingan yangi Soliq kodeksiga muvofiq, bu yildan boshlab ko‘plab yangiliklar amaliyotga joriy etilmoqda.
Jumladan, soliq turlari 13 tadan 9 taga kamaytirildi. Soliqlarni to‘lash muddatini uzaytirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat berish bo‘yicha yengillashtirilgan mexanizmlar kiritildi.
Birinchi marta tadbirkorlarga ichki bozorda sotgan mahsuloti bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘ining bir qismini qaytarish tartibi joriy etilmoqda. Hozirgacha bu tartib faqat mahsulot eksport qilinganda qo‘llanar edi. Buning hisobidan tadbirkorlar ixtiyorida 3,4 trillion so‘m yoki o‘tgan yilga nisbatan 2,5 barobar ko‘p mablag‘ qoladi.
Endi tadbirkor tomonidan to‘langan ortiqcha soliq o‘z muddatida qaytarilmasa, unga Markaziy bankning asosiy stavkasi bo‘yicha budjetdan foiz to‘lanadi. Buning ahamiyatini mana shu zalda o‘tirgan va «oynayi jahon» orqali mening so‘zlarimni eshitayotgan tadbirkorlar, o‘ylaymanki, hammadan ko‘ra yaxshi tushunadi.
Soliq kodeksi normalarini har bir soliq xodimi, tadbirkorlar va soliq to‘lovchilar puxta o‘zlashtirishi, buning uchun ularni muntazam ravishda o‘qitish zarur.
Soliq xizmati xodimlari dunyoqarashini tubdan o‘zgartirish va malakali kadrlarni tayyorlash maqsadida Davlat soliq qo‘mitasi qoshida Fiskal institutini tashkil etishni taklif qilaman.
Bu jarayonga katta tajribaga ega nufuzli xorijiy ekspertlarni jalb qilish zarur. Shu bilan birga, tadbirkorlarni ko‘p qiynaydigan soha – litsenziyalash va ruxsatnomalar berish tartiblarini jiddiy o‘zgartiramiz.
Ochiq aytish kerak, mavjud 280 ga yaqin litsenziya va ruxsatnomalar orasida faoliyat turlari hisobini yuritish, mablag‘ undirish yoki shunchaki «nazorat qilish» uchun joriy qilinganlari ham bor.
Bu esa tadbirkorlarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Shu sababli Adliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Biznes-ombudsman 2020 yil 1 martga qadar litsenziya va ruxsatnomalar berish asoslarini tubdan qayta ko‘rib chiqib, ularning sonini kamida 2, bo‘lmasa, 3 barobarga qisqartirish bo‘yicha aniq taklif kiritsin», dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, davlat rahbari «Kichik va o‘rta biznes to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ishlab chiqish zarurligini ham ta’kidladi:
«Unda kichik va o‘rta biznes mezonlari hamda bu soha vakillarini rag‘batlantirish mexanizmlari nazarda tutilishi kerak. Bu yil har bir hududda tadbirkorlarga yer uchastkalariga oid ma’lumotlarni ochiq va haqqoniy yetkazish bo‘yicha yangi tizim joriy etamiz.
Unga ko‘ra, tadbirkorning faoliyat yuritishi uchun zarur bo‘lgan bo‘sh yer maydonlari, bino va inshootlar, ularning qiymati va shartlari haqidagi to‘liq xaritani istalgan vaqt va hududda onlayn tarzda olish imkoniyati yaratiladi.
Xabaringiz bor, bundan 2 yil oldin korxonalarning moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirishga nisbatan e’lon qilingan moratoriy muddati tugadi. Lekin bu yana eski usulda yoppasiga tekshir-tekshirlarni boshlab yuborish mumkin, degani emas.
Kimgadir bu yoqadimi, yoqmaydimi, biz bunga yo‘l qo‘ymaymiz. Barcha nazorat idoralari rahbarlari shuni qulog‘iga yaxshilab quyib olsin.
2020 yil birinchi chorakda ilg‘or tajribalar asosida barcha darajadagi nazorat qiluvchi idoralarda yangi zamonaviy tizim joriy etilishi shart.
Bu orqali har bir korxona va tadbirkor bo‘yicha alohida-alohida ishlab, ularning qonuniy faoliyat yuritishini ta’minlash, tekshirishni esa eng so‘nggi favqulodda chora sifatida adolatli o‘tkazish lozim. Mazkur masala yuzasidan, nazorat idoralarining rahbarlari parlament oldida har chorakda shaxsan hisobot berib boradi».
Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlik sohasida ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan ayrim jinoyat turlarini jinoyat toifasidan chiqarish siyosatini davom ettirilishini ham ma’lum qildi:
«Bankrotlik borasidagi hozirgi tartib-tamoyillar korxonalarni tugatish va mol-mulkdan tushgan mablag‘lar hisobidan qarzlarni qoplashni nazarda tutadi. Shuning uchun so‘nggi 3 yilda atigi 3ta korxonada sanatsiya qo‘llanilgan, xolos.
Endi bunday qoidadan butunlay voz kechib, to‘lovga qobiliyatsiz korxonalarni eng ilg‘or xorijiy tajriba asosida sog‘lomlashtirish bo‘yicha yangi tizim joriy etamiz.
Tadbirkorlar huquqlarini ta’minlashda Oliy Majlisning ikkala palatasi ham ta’sirchan parlament nazoratini yo‘lga qo‘yishi zarur. Tadbirkorlik sohasida ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan ayrim jinoyat turlarini jinoyat toifasidan chiqarish siyosatini izchil davom ettirishimiz lozim.
Jumladan, soxta tadbirkorlik, raqobatchi obro‘sini tushirish kabi qilmishlar uchun jinoiy javobgarlik bekor qilinadi.
Shuningdek, bojxona qonun hujjatlarini buzish jinoyatini birinchi marta sodir etgan, lekin to‘lovlarni to‘lagan shaxslarni, jinoiy javobgarlikdan ozod qilish kerak.
Yuridik shaxs bo‘lgan tadbirkorlik sub’ekti a’zolariga «jinoiy uyushma» degan ayblov qo‘yib, ularga og‘ir jazo tayinlash kabi allaqachon umrini o‘tab bo‘lgan tartiblarni bekor qilish vaqti yetdi.
Buning oqibatida yuzlab tadbirkorlar qanchadan qancha aziyat chekib, moddiy zarar ko‘rayotganlarini inobatga olsak, bu o‘zgarishlarning qanday katta ahamiyatga ega ekani yaqqol ayon bo‘ladi.
Oliy sud, Bosh prokuratura, Biznes-ombudsman, Savdo-sanoat palatasi, Adliya vazirligi 2020 yil 1 aprelgacha ana shu masalalar bo‘yicha tegishli qonun loyihasini puxta ishlab chiqishi lozim».
Shuningdek, prezidentning aytishicha, fermer va dehqonlar manfaatdorligi ham oshiriladi.
«Yettinchidan, iqtisodiyotimiz rivojini, aholi bandligi va daromadlari o‘sishini ta’minlaydigan eng muhim sohalardan biri bo‘lgan qishloq xo‘jaligini strategik yondashuvlar asosida taraqqiy ettirish zarur.
Tarmoqdagi hozirgi o‘sish sur’atlari bizni mutlaqo qoniqtirmaydi. Bu borada bozor mexanizmlarini keng joriy qilib, fermer va dehqonlar manfaatdorligini oshirmas ekanmiz, biz kutgan sezilarli o‘zgarish bo‘lmaydi.
Shu bois paxta va g‘alla yetishtirishga davlat buyurtmasini bekor qilib, ushbu mahsulotlarni bozor tamoyillari asosida xarid qilish tizimiga bosqichma-bosqich o‘tamiz. Agar bu yo‘ldan bormasak, fermer va dehqonlarimizga mahsulot yetishtirishda erkinlik bo‘lmaydi, ular o‘zi kutganday manfaat ko‘rmaydi, hokimlarning esa ish uslubi o‘zgarmaydi.
Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini isloh qilib, agrar sohaning boshqa tarmoqlariga ham arzon kreditlar ajratish yo‘lga qo‘yiladi.
Kelgusida Qishloq xo‘jaligi vazirligi soha korxonalariga ko‘rsatma berish, resurslarni taqsimlash, reja belgilash kabi eski ish usullaridan mutlaqo voz kechishi zarur.
Buning o‘rniga vazirlik servis tashkilotiga aylanishi, xususiy agrosanoat tashkilotlariga yer holatini aniqlash, ekin turlari va urug‘ni to‘g‘ri tanlash, zararkunandalarga qarshi kurashish, moliyaviy ko‘maklashish, mahsulot bozorini topish bo‘yicha xizmat ko‘rsatishi kerak.
Agrar tarmoqda fermerlik harakatini qo‘llab-quvvatlash bilan birga paxta va g‘alla yetishtirishni klaster shakliga bosqichma-bosqich o‘tkazish bo‘yicha izlanishlarimizni davom ettiramiz.
Meva-sabzavot, sholichilik, chorvachilik va ipakchilik kabi boshqa tarmoqlarda ham bugungi kun talabiga javob beradigan klasterlarni tashkil etish ishlarini davom ettiramiz», deya davlat rahbarining so‘zlarini keltirmoqda prezident matbuot xizmati. “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi
Metabolizm sekinlashganining belgilari
Har payshanba jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilanadi
Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi
Josep Borrel: “Xalqaro jinoyat sudining Netanyaxuni hibsga olish bo‘yicha qarori ijro etilishi shart”
Putin Ukrainadagi obyektga ballistik raketa zarbasi berilganini e’lon qildi
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi