3 038
Shavkat Mirziyoyev tashqi savdoga to‘siq bo‘layotgan muammolar bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi
Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 fevral kuni tashqi iqtisodiy faoliyat tizimini isloh qilish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga Murojaatnomasida tashqi savdo bilan bog‘liq nazorat tizimi va infratuzilmani yaxshilash, jumladan, xorijiy tajribadan kelib chiqib, bojxona postlarida nazoratni amalga oshiradigan bojxona, sanitariya, karantin, veterinariya va boshqa idoralar faoliyatini isloh qilish lozimligini ta’kidlagan edi.
Bu sohada uzoq yillardan buyon samarali ishlar olib borilmagani tashqi savdo amaliyotlarida muayyan qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. Jahon bankining «Biznes yuritish» reytingida «Xalqaro savdo» yo‘nalishi bo‘yicha mamlakatimiz 190 ta davlat orasida 152-o‘rinda qayd etilgani ham shundan dalolat beradi.
Yig‘ilishda mazkur reytingda mamlakatimiz pozitsiyasini yaxshilash, jahon tajribasi asosida nazorat idoralarining ishini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Ma’lumki, ko‘plab davlatlarda yuklar chegaraga yetib kelmasidan oldin ular haqida axborot berilib, yukning tez chiqib ketishi ta’minlanadi. O‘zbekistonda esa o‘tgan yili 416 mingta deklaratsiyadan atigi 344 tasi yuk chegaraga kelguncha rasmiylashtirilgan. Yuk to‘g‘risida oldindan ma’lumot berish avtomobil transportida 98 foizni tashkil etsa, temir yo‘lda umuman yo‘lga qo‘yilmagan.
Shu bois nazoratni chegarada emas, balki yuklar kirib kelishidan oldin yoki mamlakat ichkarisida erkin muomalaga chiqarilgandan keyin amalga oshirish tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berildi.
Bugungi kunda 1 ming 836 ta turdagi tovar bir vaqtda uchta idora tomonidan tekshirilishi, oqibatda import-eksport hujjatlarini rasmiylashtirish haftalab cho‘zilayotgani tanqid qilindi.
Bojxona, veterinariya, karantin, sanitariya, standart, ekologiya idoralari ish uslubini o‘zgartirishi, ularning asosiy vazifasi mahsulotlar eksportini qo‘llab-quvvatlashdan iborat bo‘lishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Tovarlarning bojxona qiymatini tezkor aniqlash imkoniyati bo‘lmaganda, tadbirkor to‘lov qilib o‘sha zahoti mahsulotini olib ketadigan, bunga aniqlik kiritilganidan keyin farqni to‘laydigan tizim joriy etish muhimligi ta’kidlandi.
Moliya vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasiga xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda yangi Bojxona kodeksini ishlab chiqish, bojxona organlari tashkiliy tuzilmasi va ma’murchiligini takomillashtirish vazifasi qo‘yildi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi xodimlari ekin maydonlariga chiqib, xorijiy mamlakatlarning kimyoviy va biologik vositalarni qo‘llash bo‘yicha talablarini dehqonlarga tushuntiradigan, amaliy ko‘mak beradigan tuzilmaga aylanishi kerakligi qayd etildi.
Prezidentimiz raqamli texnologiyalarni joriy qilib, inson omilini maksimal qisqartirish orqali korrupsiya va noqonuniy tovar aylanmasiga barham berish zarurligini ta’kidladi.
Import mahsulotlarining chegaradan to yakuniy iste’molchigacha bo‘lgan harakati bojxona va soliq idoralari tomonidan yagona elektron tizim orqali nazorat qilinishi kerak. Misol uchun, bojxona deklaratsiyasini elektron hisob-faktura va onlayn nazorat kassasiga bog‘lash orqali bu masalani hal etish mumkin.
Shundan kelib chiqib, mutasaddilarga ruxsatnoma va laboratoriya tekshiruvlari hujjatlarini to‘liq raqamlashtirish, avtomatlashtirilgan «risk-analiz» tizimini joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda yuklarni chegara punktlaridan o‘tkazish vaqtini qisqartirish masalasi atroflicha muhokama qilindi.
Tahlillarga nazar tashlasak, so‘nggi 3 yilda qo‘shni davlatlar bilan chegara orqali o‘tgan insonlar soni 2 baravarga, transport vositalari soni qariyb 3 baravarga oshgan. Lekin hozirgi infratuzilma bunday talabga to‘la javob bermaydi.
Masalan, ayrim veterinariya va karantin punktlarida zarur jihozlar yo‘q. Chegaradagi sanitariya va epidemiologiya xizmati ham tashqi xavflarga tayyor emas.
Yuklar oqimini taqsimlash ishlari oqilona tashkil etilmagan. Bojxona xizmatida postlarni masofadan nazorat qilish tizimi – Situatsion markaz yo‘qligi oqibatida postlarda tirbandliklar paydo bo‘lmoqda. Bu tadbirkorlar uchun ham, davlat budjeti uchun ham ortiqcha xarajat keltirib chiqarmoqda.
Shu bois mutasaddilarga chegara postlarini zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash, joriy yil 1 oktabrga qadar Situatsion markazni ishga tushirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Shuningdek, chegaradosh davlatlar bilan yuklarni «bir bekatda tekshirish» tizimini yo‘lga qo‘yish lozimligi qayd etildi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Tashqi savdo nazorati idoralari chet ellardagi hamkasblari bilan yaqindan ishlab, tajriba almashishi, ularning tekshiruv-sinov laboratoriyalarini yurtimizda tashkil etib, tovarlarni xorijiy talablarga mos ruxsatnomalar bilan jo‘natishni yo‘lga qo‘yishi kerakligi ta’kidlandi.
Tashqi iqtisodiy faoliyat jarayonlarini soddalashtirish uchun milliy qonunchilikni bojxona, sanitariya-epidemiologiya, transport, standart, veterinariya, karantin yo‘nalishidagi xalqaro kelishuvlarga uyg‘unlashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yig‘ilishda kadrlar masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Bojxona institutida o‘qitish jarayoni zamon talabiga javob bermasligi qayd etilib, uning faoliyatini tubdan takomillashtirish, shuningdek, veterinariya va karantin xodimlarini xalqaro andozalar asosida qayta tayyorlash muhimligi qayd etildi. Xalqaro bojxona tashkiloti bilan erishilgan kelishuvga muvofiq kadrlar salohiyatini oshirish borasidagi ishlarga to‘xtalib o‘tildi.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi. “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi
Metabolizm sekinlashganining belgilari
Har payshanba jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilanadi
Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi
Josep Borrel: “Xalqaro jinoyat sudining Netanyaxuni hibsga olish bo‘yicha qarori ijro etilishi shart”
Putin Ukrainadagi obyektga ballistik raketa zarbasi berilganini e’lon qildi
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi