19:25 / 18.04.2020
2 378

"Karantin davlatga, hukumatga qimmatga tushsa-da, boshqacha yo‘l bundan bir necha bor qimmatroq bo‘ladi"

"Karantin davlatga, hukumatga qimmatga tushsa-da, boshqacha yo‘l bundan bir necha bor qimmatroq bo‘ladi"
Timur Ishmetov
Taniqli iqtisodchi Behzod Hoshimov Youtube portalidagi o‘zining «Hoshimov iqtisodiyoti» loyihasida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov va moliya vaziri Timur Ishmetov bilan onlayn intervyu uyushtirdi.

Intervyuda koronavirus infeksiyasi tarqalgan sharoitlarda paydo bo‘ladigan moliya va iqtisodiyotga doir muammolar, ularni yechish yo‘llari muhokama qilindi.

«Karantin oqibatlarining iqtisodiyotga ta’sirini kamaytirish va bartaraf etish uchun 10 trillion so‘m ajratilishi e’lon qilindi. 10 trillion so‘m qaysi mablag‘lar hisobiga moliyalashtiriladi?» degan savolga moliya vaziri Timur Ishmetov javob berdi.

— Prezident qarori koronavirusning iqtisodiyotga ta’siriga qarshi kurashning birlamchi choralari sifatida qabul qilingan. 10 trillion so‘m ham birlamchi hisob-kitoblarga asoslangan. Budjetga aralashtirmaslik uchun alohida fond tuzish topshirig‘i berilgan.

Bu qisman budjet mablag‘lari hisobiga ham shakllantirilyapti. Bu albatta budjetda ko‘rsatilmagan qo‘shimcha daromadlar hisobiga qilinmoqda, misol uchun, ayrim tashkilotlarning budjetda ko‘rsatilmagan daromadlari bor. Lekin shu bilan birga, xarajatlarni qisqartirish va qayta ko‘rib chiqish hisobiga budjetdan olingan mablag‘lar bir qismi.

Bizning hisob-kitoblarimizga ko‘ra, boshida 1 trillion so‘mni shunday budjet mablag‘lari hisobidan ishlatamiz. Lekin qarorda 1 milliard dollar miqdorida xalqaro tashkilotlardan qarz mablag‘ini jalb qilish topshirig‘i hukumatga, xususan moliya vazirligiga berilgan. Bu qarz mablag‘lari ham fondni shakllantirishga ishlatiladi.

Biz barcha moliyaviy tashkilotlar bilan birlamchi muzokaralar o‘tkazib, kelishuvlarga erishildi. Aprel oyini oxirida uning bir qismini olamiz. Ketma-ket 4 oyda 1 milliard dollar qarz mablag‘i jalb qilinadi va fondga yo‘naltiriladi, — dedi Ishmetov.

— O‘zbekistonning tashqi qarzi bilan bog‘liq holati barcha reyting tashkilotlariga ko‘ra barqaror deb baholanadi. Joriy inqiroz tarixda misli ko‘rilmagan fors-major. Bunday holatlarda odatda mamlakatlar tezroq qarz olib, inqirozdan tezroq qutulish choralarini ko‘rishadi. Yaqinda XVJ ham qarz olish kvotalarini ikki barobarga oshirdi. O‘zbekiston tashqi qarzini qanchaga oshirishni rejalashtirgan?

— Koronavirus O‘zbekistonda 15 martda aniqlangan bo‘lsa, prezidentning bu borada birinchi qarori 19 martda imzolangan. Hukumat yig‘ilishidan so‘ng iqtisodiy blok yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan, birlamchi hisob-kitoblar qilingan.

Endi pandemiyaning iqtisodiyotga, budjetga ta’sirini ham qayta hisoblab chiqdik. Prezident birlamchi e’lon qilingan choralar yetarli emasligini anglatuvchi yangi qaror qabul qildi. Unda biznesga yana qo‘shimcha yengillik berish choralari nazarda tutilgan. O‘sha ikki qaror asosida hukumatga budjetni qayta ko‘rib chiqish topshirig‘i berilgan. Inqirozga qarshi kurashish komissiyasi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Yilning oxiri qanday bo‘lishini hozir prognoz qilish juda qiyin. Birinchidan, tashqi qarzimiz o‘sishi tabiiy. Chunki bizga zudlik bilan mablag‘ kerak. So‘nggi uch yildagi makroiqtisodiy siyosatimiz tufayli tashqi qarzimiz mo‘’tadil saqlanib keldi. Bu bizga inqiroz chog‘ida tashqi qarzni bemalol ko‘paytirishga imkoniyat yaratadi.

Ikkinchidan, iqtisodiy o‘sish borasida ko‘plab savollar tug‘ilmoqda. Mening fikrimcha, bu inqiroz shunchalik jiddiyki, hozircha iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari, tashqi qarzlarning ko‘rsatkichlari birinchi navbatda o‘ylanadigan narsa emas. Biz avvalambor kasallik keng tarqalishining oldini olish uchun barcha choralarni ko‘rishimiz kerak. Bunda birinchi qilinadigan qadam – hamma harakatlarni cheklash. Bu chora iqtisodiy ko‘rsatkichlarga ta’sir qiladi. Karantin moliyaviy xarajatlar, daromadlarning yo‘qotilishi nuqtai nazaridan davlatga, hukumatga qanchalik qimmatga tushmasin, lekin shu yo‘l tutilmasa, oqibatdagi xarajatlar undan bir necha bor kattaroq bo‘lishi tabiiy, — dedi moliya vaziri.

Bunga qo‘shimcha qilib bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi:
— Pandemiyani yengish — birinchi galdagi vazifa. Chikago universiteti Buts biznes maktabining iqtisodchilar yig‘iladigan maydonchasida «Koronavirusga qarshi kurashda uning iqtisodiy talafotlariga qaramasdan qat’iy chora-tadbirlarni o‘tkazish kerakmi?» degan savol berilgan.

Tashqi qarz bo‘yicha bir gapni aytib qo‘ymoqchiman: birinchi navbatda, bizning qarzimiz YAIMga nisbatan 30 foizdan kamroq. Shuning uchun 1 milliard dollar inqirozga qarshi jamg‘armaga jalb etiladi. Balki yana mablag‘ olinishi mumkin. Albatta, bu qarzlarni qachondir to‘lashimiz kerak. Lekin hozir bizning vazifamiz, birinchi navbatda shu inqirozdan omon-eson chiqib olish va erishgan iqtisodiy darajamizni saqlab qolish.

So‘nggi uch yilda O‘zbekistonda misli ko‘rilmagan islohotlar bo‘ldi. Albatta, qilinadigan ishlar juda ko‘p edi, xatolar ham bo‘lgandir, biroq juda yaxshi dinamikada ketayotgan edik. Ming afsus, jahonda shunaqa bir dardu balo chiqdi. Shuning uchun sizning «O‘zbekiston hozir qarz olmasa qachon oladi?» degan gapingizga biz ham qo‘shilamiz.

Davlat va hukumat rahbarlari siyosatining bosh tamoyili iqtisodiy o‘sish, kambag‘allikni qisqartirish, aholi daromadini oshirish. Olingan qarzlardan oqilona foydalana olsak, ularni oqilona shartlarda olsak, buning katta muammoli joyini ko‘rmayapmiz.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » "Karantin davlatga, hukumatga qimmatga tushsa-da, boshqacha yo‘l bundan bir necha bor qimmatroq bo‘ladi"