08:35 / 08.05.2020
3 038

O‘zbekistonda kartoshkachilik klasterlari va kooperatsiyalari tashkil etiladi

O‘zbekistonda kartoshkachilik klasterlari va kooperatsiyalari tashkil etiladi
Foto: Kartoshka ishlab chiqaruvchilar assotsiatsiyasi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6 may, chorshanba kuni «Respublikada kartoshka yetishtirishni kengaytirish va urug‘chiligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Qarorga ko‘ra, kartoshkachilikka ixtisoslashtiriladigan tumanlarda kartoshkachilik klasterlari va kooperatsiyalari tashkil etiladi. Bunda, ularning asosiy faoliyat yo‘nalishlari qatorida iste’mol va urug‘lik kartoshka yetishtirishda ilg‘or texnologiyalar, innovatsion yechimlar (nou-xau) va resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etish, iste’mol va urug‘lik kartoshkaga bo‘lgan ichki bozor talabini qondirish, shuningdek, uning eksportini kengaytirish bo‘ladi.

M️a’lum qilinishicha, iste’mol va urug‘lik kartoshka, jumladan, uning super elita, elita avlodlarini yetishtirishga tumanlar hamda hududlar ixtisoslashtiriladi.

1 maydan boshlab kartoshka yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari, qishloq xo‘jaligi korxonalari, shuningdek, kartoshkachilik klasterlari va kooperatsiyalarining urug‘lik kartoshka xarid qilish xarajatlarini moliyalashtirish uchun ularga 12 oy muddatgacha tijorat kreditlari ajratilishi qarorda belgilangan.

Qarorga muvofiq, 2023 yil 1 iyulgacha bo‘lgan muddatga chetdan olib kirilayotgan urug‘lik kartoshka bojxona bojidan ozod etiladi.

Shu bilan birga, Fanlar akademiyasining Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Ilmiy izlanishlar va innovatsion ishlanmalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, kartoshka navlari seleksiyasi va urug‘chiligini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi.

Fanlar akademiyasi Bioorganik kimyo instituti tasarrufidagi Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani, «Soyliq» MFY hududida joylashgan 17,2 gektar yer maydoni kartoshkaning mahalliy navlari birlamchi urug‘chiligini yo‘lga qo‘yish maqsadida Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti tasarrufiga o‘tkaziladi.

Shuningdek, Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi «Burchmullo» davlat o‘rmon xo‘jaligining «Piskom» massivi hududidagi bo‘sh turgan yer maydonlarida yuqori avlodli urug‘lik kartoshka yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi.

Bundan tashqari, Toshkent, Samarqand, Namangan va Qashqadaryo viloyatlarida 2020 yil 1 noyabrga qadar hududlarda in vitro laboratoriyalari tashkil etiladi.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyining oxilarida Prezident Shavkat Mirziyoyev kartoshka ekiladigan yerlarni kamida 50 ming gektarga yetkazish va hosildorlikni 2 barobar oshirish haqida topshiriq bergan edi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » O‘zbekistonda kartoshkachilik klasterlari va kooperatsiyalari tashkil etiladi