6 may kuni Markaziy bank joriy yilning yanvar-aprel oylari hisobidan navbatdagi «Ichki valyuta bozori bo‘yicha qisqacha sharh»ni e’lon qildi. Markaziy bankning bunday sharhlari o‘zining axborotga to‘laqonliligi bilan ajralib turadi va beixtiyor, «Qani endi boshqa vazirlik va idoralar ham o‘z faoliyatiga tegishli bo‘lgan shunday analitik sharhlarni berib borsa!», deb yuborasan kishi.
Ba’zi umumiy savollar
Ana shu sharhda e’tiborni tortgan bir necha savol va taxminlar bo‘lib, ular haqida qisqacha to‘xtalib o‘tmoqchimiz:
1) Nega 2020 yilning yanvar-aprel oylarida ichki valyuta bozorida yuridik shaxslarning chet el valyutasiga bo‘lgan talabi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,1 baravarga o‘sib, 4,2 mlrd AQSH dollarini tashkil etgan bir vaqtda, jismoniy shaxslar tomonidan 1166 mln AQSH dollari sotib olinib, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga (346 mln AQSH doll) nisbatan 3,4 baravar oshdi? Bir yil davomida aholimiz daromadlari, iste’mol strukturasi shunday o‘zgardimiki, aholida ortiqcha mablag‘lar ko‘payib, hamma valyuta sotib ola boshladi? Bunday keskin dinamikaning asl sababi nimada?
2) Nima uchun joriy yilning aprel oyi so‘nggi o‘n kunligida jismoniy shaxslar tomonidan banklarga sotilgan valyuta mablag‘larining kunlik o‘rtacha hajmi birinchi va ikkinchi dekadalardagi o‘rtacha kunlik hajmlarga nisbatan 2,5 baravar o‘sib, 9,6 mln AQSH dollarini tashkil etdi (birinchi va ikkinchi dekadalarda - 3,8 mln. AQSH dollari). Aholi avvaliga sotib olib, keyin valyutani qayta sotdimi? Yoki barcha aholi almashuv kursini o‘zgarishidan bahramand bo‘ldimi? Bir dekada ichida bo‘lgan bunday osmon bilan yercha farqni Markaziy bank qanday izohlaydi?
Albatta, biz Markaziy bankdan bunday g‘alati holatlar yuzasidan hech qanday izoh olmaymiz, chunki bu idoraning maqsadi va faoliyat mas’uliyatiga kirmaydi.
Bizning taxminlar
Lekin Bosh prokuratura qoshidagi Iqtisodiy jinoyatlar bilan kurashish departamenti va Ichki ishlar vazirligi uchun bu yerda yaqqol tahliliy material turibdi. Taxminimizcha, mart oyining ikkinchi yarmi va aprel oyining ikkinchi dekadasi davomida «aholi tomonidan sotib olingan» chet el valyutasi aslida savdo korxonalarining oshirilgan narxlari va katta sotuv hajmlaridan kelib chiqqan va turli yo‘llar bilan naqd pulga o‘girilib, rasmiy aylanmadan chiqarilgan ustama foydasidir.
Agar ana shu davr mobaynida 5 mingdan 10 ming AQSH dollarini xarid qilgan va shu davrgacha bankdagi hisob raqamida tiyini bo‘lmagan fuqarolar bilan bir piyola choy ustida «chin dildan» suhbat qilinsa, barcha taxminlarga aniq baho beriladi.
Markaziy bankka savollar
Biz esa savollarimizni Markaziy bankning o‘z mas’uliyatiga tegishli fikrlar bilan davom ettiramiz:
1) Bir hisobdan yuridik shaxslarning birjadan tashqari valyuta bozorida chet el valyutasini sotib olish o‘sib borayotgan bir vaqtda (banklarning ochiq valyuta pozitsiyasi OVP - hisobidan), korxonalarning o‘z mablag‘lari hisobiga chet el valyutasi sotib olishi ulushi 2 foizga kamayganiga (umumiy valyuta sotib olish manbalari hajmida) qanday izoh berasiz? Ya’ni nega korxonalarda o‘z ixtiyoridagi valyuta resurslari kamayib, banklarda valyuta resurslari tobora ortib bormoqda? Bugungi kunda banklar tarixda birinchi marta yuridik shaxslarning umumiy talabining 1/3 qismini o‘z hisoblaridan yopyapti. Banklarda OVP miqdori o‘sishining asosiy sababi nimada? Agar korxonalarning eksport hajmi o‘sib borayotgan bo‘lsa, nega ularning o‘z mablag‘lari hisobidan import to‘lovlarini to‘lash imkoniyatlari pasayib bormoqda?
2) Nega yuridik shaxslar ikkilamchi bozorda banklarga ko‘proq chet el valyutasini sotishga majbur bo‘lyaptilar-u (bir yilda o‘sish 154 mln AQSH dollariga o‘sgan va 1411 mln dollarni tashkil etgan), kamroq sotib olyaptilar (124 mln AQSH dollariga o‘sish va umumiy miqdorda 1063 mln AQSH dollariga teng);
3) Nega ichki bozorda chet el valyutasining taklif miqdori o‘zgarmagan bir holda, xo‘jalik sub’ektlari tomonidan chet el valyutasining sotish hajmi umumiy taklif strukturasida 6 foizga kamayib, jismoniy shaxslar tomonidan taklif 10 foizga ko‘paygan. Axir ana shu 4 oy davomida chet eldan keladigan jismoniy shaxslar uchun o‘tkazmalar 161 mln AQSH dollariga (-11 foiz) kamaygan-ku?
Yuqoridagi savollarga javoblarni Markaziy bankning pul-kredit operatsiyalari o‘tkazishdagi faolligi, inflyatsiyani jilovlash uchun qilinayotgan harakatlar mazmuni va banklarga bo‘lgan rezerv (jamg‘arma) talablarining o‘zgartirilishidan qidirish kerak. Yana bir mas’ul tashkilot -Moliya vazirligi bo‘lib, korxonalarning o‘z ixtiyoridagi valyutalari hajmining kamayishi ko‘proq soliq talablarining keskin oshishi bilan bog‘liq.
Shuni ta’kidlash kerakki, 2020 yil boshidan asosiy stavka va foiz koridori hamda 24 fevraldan qisqa muddatli pul-kredit operatsiyalari joriy etildi. Markaziy bank tijorat banklari tizimida mavjud «ortiqcha likvidlikni yo‘qotish» maqsadida ikki haftalik depozit auksionlari va overnayt depozit operatsiyalari joriy etdi. Natijada, birgina I chorak davomida jami 810 mlrd so‘mlik depozit auksionlari o‘tkazildi va kunlik overnayt depozitlari bo‘yicha 20 mlrd so‘mdan 259 mlrd so‘mgacha pullar tijorat banklari tasarrufidan tortib olindi. Boshqacha aytganda, tijorat banklari korxonalarga berishi mumkin bo‘lgan kredit resurslari Markaziy bank depozitlariga jalb qilindi. Albatta, ixtiyoriy ravishda va tijorat banklarining talabi va tub maqsadiga asosan.
Markaziy bank tomonidan tijorat banklariga bo‘lgan rezerv (jamg‘arma) talablarining o‘zgartirilishi va bir qancha boshqa regulyativ amallar tufayli banklar ko‘proq chet el valyutasida jamg‘armalarni hosil qilishga va ularning ochiq valyuta pozitsiyasini ko‘tarishga majbur bo‘lmoqda. Aynan shuning uchun, korxonalarning o‘z ixtiyoridagi valyutalar kamayib (qisman keskin o‘sgan soliq talablari evaziga), bu valyuta jamg‘armalari banklarning hisoblarida to‘planib bormoqda.
Oxir oqibat, bugungi kunda banklar milliy valyutada kredit berish qobiliyatiga ega emaslar va faqat chet el valyutasida kredit bera oladilar. Bunday kredit foizlari ham jo‘ngina, borgan sari pasayib bormoqda (7-8 foiz atrofida). Biz banklarni milliy valyutamizni emas, boshqa mamlakat emissiya qilgan valyutani ko‘proq qadrlashga majburlayapmiz .
Bu sharoit mamlakat iqtisodiyoti uchun qanday xavf tug‘dirayotgani haqida keyingi maqolamizda batafsil to‘xtalib o‘tamiz.
Abdulla Abduqodirov,
Iqtisodiy sharhlovchi
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Iqtisodiy sharhlovchi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Befoyda va qimmat: shifokorlar tavsiya etmaydigan 5 turdagi biologik faol qo‘shimchalar
Putin Ukrainadagi obyektga ballistik raketa zarbasi berilganini e’lon qildi
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
Diniy qo‘mita Umra ziyoratini tashkil qilish uchun 12 ta turfirmaga litsenziya berdi
Zelenskiy Putin borasida bayonot berdi: “Tinchlikni istaganlar yuziga tupurmoqda”
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»
Shavkat Mirziyoyev Rossiya bosh prokurori bilan uchrashuv o‘tkazdi