23:44 / 19.05.2020
3 180

Shavkat Mirziyoyev Markaziy bankka kreditlash shartlarini soddalashtirish bo‘yicha topshiriq berdi

Shavkat Mirziyoyev Markaziy bankka kreditlash shartlarini soddalashtirish bo‘yicha topshiriq berdi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 19 may, seshanba kuni tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident mahsulot, uskuna, xom ashyo hamda aylanma mablag‘lar uchun kredit olishda tadbirkorlarga o‘rnatilgan barcha cheklovlar olib tashlanishi kerakligini ta’kidladi. Markaziy bankka kichik biznes va oilaviy tadbirkorlik sub’ektlariga kreditlar berish shartlarini soddalashtirish bo‘yicha topshiriq berildi.

Ta’kidlanishicha, pandemiya oqibatlarini yumshatish doirasida «Har bir oila — tadbirkor» dasturiga ajratilgan 1 trillion so‘m kredit mablag‘larini qaytarish muddati uzaytirildi. Shu bois, ushbu dasturni to‘liq amalga oshirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan 100 million dollar resurs ajratildi.

Mahsulotlarga talabni yaratish uchun savdo faoliyatini rag‘batlantirish, aholining iste’mol qobiliyatini oshirish maqsadida iste’mol kreditlari berishni kengaytirish lozimligi qayd etildi.

«Xalq qabulxonalari va Bosh vazir qabulxonalariga kelgan murojaatlarning 55 foizi bank kreditlari bilan bog‘liqligi bu boradagi muammolar ko‘lamini ko‘rsatadi. Shuningdek, bank xizmatlari bo‘yicha tadbirkorlar murojaatlari Milliy bankda 10 foiz, ‘Mikrokreditbank’da 11 foiz, ‘Agrobank’da 13 foiz ijobiy hal qilingan, xolos», — deyiladi xabarda.

Prezident bank faoliyatiga mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatiga qarab baho berilishini alohida qayd etdi.
Tijorat banklari kichik biznes rivojida muhim bo‘g‘in ekani, har bir tumandagi «o‘sish nuqtalari»ga mablag‘ yo‘naltirib, tadbirkor va fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashi zarurligi ta’kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 18 may kuni pandemiya sharoitida tadbirkorlar va aholini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha navbatdagi farmonni imzolagandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Shavkat Mirziyoyev Markaziy bankka kreditlash shartlarini soddalashtirish bo‘yicha topshiriq berdi