14:41 / 10.07.2020
2 967

Kredit qarzlari nima bo‘ladi? Markaziy bank tijorat banklariga ko‘rsatma berdi

Kredit qarzlari nima bo‘ladi? Markaziy bank tijorat banklariga ko‘rsatma berdi
Markaziy bank koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish hamda pandemiya davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash, aholi va tadbirkorlik sub’ektlarida kreditlarni qaytarish bilan bog‘liq salbiy oqibatlarni pasaytirish maqsadida vaqtinchalik tartib ishlab chiqdi va ijro uchun barcha tijorat banklariga yubordi. Bu haqda Markaziy bank axborot xizmati xabar bermoqda.

Mazkur tartibga ko‘ra, koronavirus pandemiyasining oqibatida aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining kredit to‘lovlari muddati qarzdorning pul oqimi tahlilidan kelib chiqib, tomonlarning kelishuviga ko‘ra joriy yilning 1 oktabriga qadar uzaytiriladi.

Xususan, koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi joriy etilgan kuchaytirilgan tartib hamda aholi erkin harakatlanishining cheklangani inobatga olinib, banklarda kredit to‘lov muddatini uzaytirish bo‘yicha yuboriladigan murojaatlarni masofaviy qabul qilish tizimi (jumladan, veb-sayt, internet-banking, mobil ilova, koll-markaz va boshqa muloqot vositalari yordamida) joriy etildi.

Shu bilan birga, karantinning boshlang‘ich davrida aholining kreditlari bo‘yicha navbatdagi to‘lov muddatlarini uzaytirish, qarzdorlarni ortiqcha bezovta qilmaslik uchun banklar tomonidan shartnomalarga bir tomonlama o‘zgartirish kiritish avtomatik ravishda amalga oshirildi.Natijada ko‘p sonli aholini imkon qadar bank binosiga shaxsan tashrif buyurish majburiyatidan ozod etib, ularga «uyda qolish» imkoniyati yaratib berildi.

Qarzdorlarga yaratilgan qulayliklardan yana biri – barcha banklarga koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kuchaytirilgan tartib joriy etilgan davrda kredit bo‘yicha to‘lovlar muddati o‘tganligi va ular muddatlarining uzaytirilganligi uchun mijozlarga jarima choralarini qo‘llamaslik, shuningdek, undiruvni kreditlarning ta’minotiga qaratmaslik yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Shu o‘rinda, koronavirus pandemiyasi oqibatida aholi va tadbirkorlik sub’ektlari pul oqimlarining keskin kamayishi banklarning moliyaviy holatiga salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida to‘lov muddati uzaytirilgan kreditlarning hisobini balansning «shartlari qayta ko‘rib chiqilgan kreditlar hisobvarag‘i»ga o‘tkazmaslik, bu kreditlar sifati tasnifini yomonroq toifaga o‘zgartirmaslik va ular bo‘yicha qo‘shimcha zahira tashkil etmaslikka ruxsat berildi.

Bundan tashqari, banklar tadbirkorlik sub’ektlarining ishbilarmonlik faolligini oshirish, ularning pul oqimlarida vujudga kelgan uzilishlar o‘rnini qoplash maqsadida aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun 9 oygacha bo‘lgan muddatga qayta tiklanadigan revolver kreditlarini ajratmoqda.

Shuningdek, banklarda kreditlash jarayonlarini soddalashtirish, kredit hujjatlarini markazlashgan tartibda va tezkor ko‘rib chiqish hamda inson omilini kamaytirish maqsadida:
  • aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga kredit ajratish bo‘yicha qarorlarni bir bo‘g‘inda qabul qilish maqsadida anderrayterlar xizmati joriy qilinmoqda;
  • aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga chakana kreditlarni yagona shartlar asosida faqat modulli kreditlar asosida ajratilishi yo‘lga qo‘yildi;
  • taklif etilayotgan kredit mahsulotlarining ro‘yxati banklarning rasmiy veb-saytlariga joylashtirib borilmoqda;
  • aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga onlayn shaklda kredit olish imkoniyatlari yaratildi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)