14:27 / 13.11.2021
1 962

Qashqadaryoda chigirtkadan eksportbop un tayyorlash loyihasi yo‘lga qo‘yildi

Qashqadaryoda chigirtkadan eksportbop un tayyorlash loyihasi yo‘lga qo‘yildi
Foto: iStosk
Qashqadaryoda tadbirkor va viloyat innovatsion rivojlanish boshqarmasi mutaxassislari hamkorligida Nishon tumanida chigirtkadan parhezbop un tayyorlash loyihasi ishlab chiqildi, deb xabar beradi «Xalq so‘zi online».

Ma’lum qilinishicha, loyiha qiymati 4,1 milliard so‘m bo‘lib, yillik quvvati 80 tonna chigirtka uni ishlab chiqarishga mo‘ljallangan va har kilosi 3,7 dollardan sotiladi. Shuningdek, 10 ta yangi ish o‘rni yaratish imkoniyati paydo bo‘ladi. Ayni paytda chigirtka unini eksportga chiqarish uchun tadbirkor Muzaffar Hamzayevning Merry-Cricket mas’uliyati cheklangan jamiyati va Saudiya Arabistonidagi hamkorlar o‘rtasida shartnoma imzolangan.

«Chigirtkani dalalardan yig‘ib olish uchun aholi vakillari jalb qilinadi. Maxsus to‘r qoplarda hasharotlarni yig‘ib topshirgani uchun ularga tegishli miqdorda haq to‘lanadi. Buyam aholi bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Chigirtka uni ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish maqsadida chigirtkalar chatishtiriladi va qayta ishlash uchun maxsus yetishtiriladi», — deydi Qashqadaryo viloyati innovatsion rivojlanish hududiy boshqarmasi boshlig‘i Olimjon Mavlonov.

Ta’kidlanishicha, mazkur loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan 1,5 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilmoqda.

Ma’lumot uchun, Qashqadaryo viloyatida chigirtkani bartaraf etish yo‘lida har yili 130 ming gektar maydonga kimyoviy ishlov beriladi va sarf-xarajatlar uchun 10 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflanadi.

Eslatib o‘tamiz, iyun oyida O‘zbekistonda Singapur kompaniyasi iste’mol qilsa bo‘ladigan chigirtkalarni ko‘paytirayotgani haqida xabar berilgandi. Ushbu chigirtkalarni yeyish haqidagi savolga O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati javob bergandi: «Boqilayotganidan xabarimiz yo‘q, lekin chigirtka halol. Hattoki uning o‘ligi ham baliq kabi halol ekanligi hadisda ta’kidlangan. Ko‘ngli ko‘targan bemalol yeyishi mumkin».

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Qashqadaryoda chigirtkadan eksportbop un tayyorlash loyihasi yo‘lga qo‘yildi