Turkiyada soyning qip-qizil rangda oqa boshlagani tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi

Turkiyaning Rize viloyatida shahar markazidan oqib o‘tib, Qora dengizga quyiladigan Değirmendere soyining suvi kutilmaganda qizil rangga kirib qoldi. G‘ayrioddiy holat mahalliy aholi e’tiborini tortdi va tegishli xizmatlar zudlik bilan tekshiruv boshladi.
Suv rangining o‘zgarishi va ehtimoliy ekologik ifloslanish haqidagi xabarlar tarqalgach, Rize munitsipaliteti hamda Atrof-muhit, shaharsozlik va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha viloyat boshqarmasi xodimlari hududga yetib bordi.
Tekshiruv ishlari dronlar yordamida ham olib borildi. Mutaxassislar soy bo‘ylab kuzatuv o‘tkazib, soat 16:00 ga kelib suvga nazoratsiz ravishda chiqindi yoki boshqa moddalarni oqizayotgan korxonani aniqladi. Mahalliy OAV xabarlariga ko‘ra, bu xususiy choy fabrikasi bo‘lgan.
Aniqlangan holat yuzasidan korxonaga Turkiyaning Atrof-muhitni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonuni asosida ma’muriy jazo chorasi qo‘llandi. Shuningdek, suvning tarkibini va ifloslanish darajasini aniqlash uchun undan namunalar olinib, laboratoriya tahliliga yuborildi.
Rize gubernatorligi ma’lumotiga ko‘ra, tahlil natijalari o‘rganilgach, qonunchilikka muvofiq qo‘shimcha choralar ham ko‘rilishi mumkin.
Hozircha suvning qizil rangga kirishiga sabab bo‘lgan moddalarning aniq tarkibi va atrof-muhitga yetkazilgan zarar miqdori ma’lum emas.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar

































Izohlar0
…