14:44 / 17.11.2021
1 968

YEI–O‘zbekiston: pandemiyadan keyingi iqtisodiy tiklanish borasida muhim kelishuv

YEI–O‘zbekiston: pandemiyadan keyingi iqtisodiy tiklanish borasida muhim kelishuv
Portugaliya va O‘zbekiston tashqi ishlar vazirlari Augusto Santos Silva hamda Abdulaziz Komilov.
Foto: YEI vakolatxonasi

16 noyabr kuni Bryussel shahrida Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi Hamkorlik kengashining o‘n oltinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishga YEIning Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Josep Borrel nomidan Portugaliya tashqi ishlar vaziri Augusto Santos Silva raislik qildi. O‘zbekiston delegatsiyasiga esa tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchilik qildi.

«Hamkorlik kengashi Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi so‘nggi ikki yildagi munosabatlarni tahlil qilib, COVID-19 pandemiyasi sababli muntazam ravishda rejalashtirilgan yuzma-yuz uchrashuvlar uzilib qolganiga qaramay, barcha darajadagi aloqalar jadalligini mamnuniyat bilan qayd etdi. Ikkala tomon ham pandemiyadan ekologik barqaror iqtisodiy tiklanishni davom ettirish muhimligi haqida kelishib oldilar», – deb xabar beradi YEIning O‘zbekistondagi vakolatxonasi.

Mashvaratda O‘zbekistonning islohotlar dasturi, qonun ustuvorligini ta’minlash, savdo, sarmoyaviy va energetika munosabatlari, Afg‘oniston va boshqa dolzarb siyosiy, xavfsizlik masalalari ham muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonning 2021 yil apreldan boshlab GSP+ tizimiga (YEI Umumiylashtirilgan imtiyozlar tizimi, bir tomonlama tartibda aksariyat tovarlar uchun bojsiz kirishni ta’minlaydi) a’zo bo‘lishini olqishladi.

Kengash ishida, shuningdek, samarali boshqaruv va fuqarolik jamiyatining o‘rni, O‘zbekistonda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari, mamlakatning JSTga a’zolik uchun ariza topishirish jarayoni va inson huquqlari masalalariga ham e’tibor qaratilgan.

Hamkorlik kengashida YEI va O‘zbekiston o‘rtasida yangi Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha muzokaralar muvaffaqiyatli deb baholangan. Yangi bitim ikki tomonlama munosabatlarni yanada chuqurlashtirish va O‘zbekistondagi islohotlarni dastaklashga xizmat qiladi. Hozirga qadar bu borada to‘qqizta rasmiy muzokara bo‘lib o‘tdi.

Rasmiy Bryussel O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik, jumladan, mushtarak barqarorlikni rivojlantirishga hissasini ijobiy baholagan.

Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Bryusselga tashrifi doirasida YEIning Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Josep Borrel va Xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissari Yutta Urpilaynen xonim hamda YEI Kengashi vakillari bilan ham uchrashdi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 5 noyabr kuni Bishkekda bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo iqtisodiy forumida hamkorlikning muhim masalalari yuzma-yuz muhokama etilgan edi. Forum ishtirokchilariga murojaat yo‘llagan Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen o‘zaro hamkorlikning muhim yo‘nalishlariga e’tibor qaratgan edi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » YEI–O‘zbekiston: pandemiyadan keyingi iqtisodiy tiklanish borasida muhim kelishuv