Foto: Jeenah Moon/Bloomberg
Kelayotgan yilda omikron shtammi va pandemiya cheklovlari, yuqori darajadagi inflyatsiya, Rossiya va Ukraina o‘rtasida yuz berishi mumkin bo‘lgan ixtilof kabi omillar jahon iqtisodiyoti rivojlanishiga jiddiy xavf solishi mumkin. Bloomberg 2022 yilda global iqtisodiyotga ta’sir etishi mumkin bo‘lgan holatlarni sanab o‘tdi.
Omikron va pandemiya cheklovlari
Sovid-19ning omikron shtammi bo‘yicha aniq hukm chiqarishga hali ertaligi aytilmoqda. Tasdiqlangan ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, omikron avvalgi shtammlarga qaraganda yuqumliroq, shu bilan birga kamroq o‘lim holatlari sodir bo‘lmoqda. Agar ushbu shtammdan o‘lim darajasi «yuqori»ligi oshsa, unda davlatlar yana qat’iy cheklovlar kiritishiga to‘g‘ri kelishi mumkin. Bu esa jahon iqtisodiyoti uchun o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi.
Yangi shtammning tezlik bilan tarqala boshlashi insonlarni onlayn xaridlarga ko‘proq pul sarflashga undaydi, sport zallari yoki restoranlardan esa uzoqlashtiradi. Shu sabab masofadan turib xizmat ko‘rsatish tarmoqlari yanada rivojlanishi aytilgan.
2022 yildagi asosiy xavf –omikron tufayli yangi cheklov choralari joriy etilishi bo‘ladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, hatto uch oylik cheklovlar ham global iqtisodiy o‘sish sur’atlari prognoz qilinayotgan yillik 4,7 foizdan 4,2 foizgacha pasayishiga olib kelishi mumkin.
Cheklovlar qayta joriy etiladigan bo‘lsa, ishchilarning mehnat bozoridan ajralishi sabab ishsizlik ortishi va logistika bilan bog‘liq qo‘shimcha muammolar yuzaga keladi.
Inflyatsiya tahdidi
2022 yil uchun yana bir ehtimoliy xavf — yuqori inflyatsiya. 2021 yil boshida AQSHda inflyatsiya 2 foiz darajasida bashorat qilingan bo‘lsa, u hozir deyarli 7 foizni tashkil etmoqda.
Yuqori inflyatsiyaga omikrondan tashqari ham turli omillar ta’sir o‘tkazishi mumkin. Xususan, AQSHda tez sur’atlar bilan o‘sib borayotgan ish haqining narx-navoga bosimi, iqlim o‘zgarishi tezlashgani oqibatida turli ob-havo hodisalari sodir bo‘lishi va Rossiya hamda Ukraina o‘rtasidagi keskinlik gaz narxi ko‘tarilishiga olib kelishi mumkinligi kabilar keltirib o‘tilgan.
Shuningdek, virusning yangi to‘lqini turistlar soni qisqarishiga va neft narxi pasayishiga ham sabab bo‘lishi mumkin.
Xitoyga og‘ir zarba
2021 yilning uchinchi choragida Xitoy iqtisodiyoti to‘xtab qoldi. Takroriy o‘rnatilgan blokirovkalar va energiya tanqisligi yillik iqtisodiy o‘sishni 0,8 foizga pasaytirgan. 2022 yilda mamlakatda energiya taqchilligi yumshashi kutilayotgan bo‘lsa-da, yangi shtamm sabab mamlakatdagi talab zaiflashuvi va moliyalashtirish cheklanishi Xitoy iqtisodiyotining qariyb 25 foizini tashkil etadigan ko‘chmas mulk qurilishi sohasidagi pastlashga olib kelishi mumkin.
Bloomberg 2022 yilda Xitoyning 5,7 foizga o‘sishini prognoz qilmoqda. Global iqtisodiyot sekinlashuvi va qisqarishi Xitoyga o‘xshagan yirik hajmda tovar eksport qiluvchi mamlakatlarni xaridorlardan mahrum qilishi mumkinligi ham aytilgan.
Yevropadagi siyosiy tartibsizliklar
Joriy yil davomida mintaqa yetakchilari o‘rtasidagi birdamlik va Yevropa Markaziy bankining hukumatlar qarz olish xarajatlarini nazorat ostida ushlab turishdagi faolligi sabab inqiroz ko‘p davlatlarga og‘ir ta’sir qilmadi. Kelgusi yilda esa yuqoridagi ikki holat ham yo‘qolishi mumkin. Sababi yetakchi Yevropa mamlakatlarida jiddiy siyosiy jarayonlar kechishi kutilmoqda. Jumladan, yanvarda Italiyada, aprelda esa Fransiyada prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va o‘ng oqim nomzodlari o‘rtasida jiddiy kurash kechishi kutilmoqda.
Bloomberg tahlilchilariga ko‘ra, Yevropa mamlakatlarining o‘sib borayotgan qarzi umumiy iqtisodiyotga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida «ochiq quruqlik chegarasi va yopiq bojxona ittifoqi» bo‘yicha o‘tkazilayotgan muzokaralar ham 2022 yil boshida tugaydi. Bunda ijobiy natijaga erishish juda qiyin deb baholanmoqda.
Agar muzokaralar salbiy tarzda yakunlansa, bu noaniqlik biznes investitsiyalariga ta’sir qilishi, inflyatsiyani oshirishi va real daromadlarni kamaytirishi mumkin. Shuningdek, savdo urushi natijasida tariflar va transport bojlari narxi yanada oshishi kutilmoqda.
Moliyaviy tejamkorlik
Hukumatlar pandemiya davrida ishchilar va korxonalarni qo‘llab-quvvatlash uchun katta mablag‘ sarfladi. Endi ko‘pchilik «kamarlarini mahkam bog‘lash»ni xohlaydi. UBC hisob-kitoblariga ko‘ra, 2022 yilda davlat xarajatlari qisqarishi global yalpi ichki mahsulotning qariyb 2,5 foizini tashkil qiladi, bu 2008 yildagi inqirozdan keyin tejamkorlik uchun qisqartirilgan mablag‘lardan besh baravar ko‘p.
Bu borada ba’zi istisnolar ham mavjud. Yaponiyaning yangi hukumati yana bir rekord darajadagi rag‘batlantirishni e’lon qildi. Xitoy hukumati ham iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash haqida qaror chiqarishi kutilmoqda.
Oziq-ovqat narxlari va tartibsizliklar
Ocharchilik ijtimoiy tartibsizliklarni yuzaga keltiradigan eng tarixiy omildir. Pandemiya va yomon ob-havo dunyo miqyosida oziq-ovqat narxlarini rekord darajaga yaqinlashtirdi va bu kelgusi yilda ham yuqori darajada saqlanib qolishi mumkin. 2011 yilda oziq-ovqat narxining hozirgiga o‘xshash keskin oshishi oqibatida tartibsizliklar vujudga kelgandi. Bu ayniqsa Yaqin Sharq mintaqasida yaqqol sezilgan va ko‘plab davlatlarga ta’sir qilgan. Hozirda Sudan, Yaman va Livan kabi davlatlar 2011 yildagi kabi og‘ir ahvolda. Bu mintaqaviy barqarorlikka jiddiy tahdid hisoblanadi.
Shuningdek, Xitoy va Tayvan o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashishi fonida dunyoning ikki eng yirik iqtisodiyoti (AQSH va Xitoy) o‘rtasidagi aloqalar yomonlashishi, global texnologiyalar va avtomobil sanoatida hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarish qisqarishda davom etishi, uy xo‘jaliklari pandemiya davrida jamg‘argan mablag‘larini kutilganidan tezroq va ko‘proq sarf qilishi va iqtisodiyotda pul oqimi tiklanishi kabi ijobiy va salbiy kutilmalar keltirilgan. “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi
Josep Borrel: “Xalqaro jinoyat sudining Netanyaxuni hibsga olish bo‘yicha qarori ijro etilishi shart”
Metabolizm sekinlashganining belgilari
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi
Superliga. OKMK safarda "Paxtakor"ni mag‘lub etdi va 11 yillik qora an’anaga chek qo‘ydi
Har payshanba jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilanadi