10:25 / 14.02.2022
1 160

O‘zbekistonning nufuzli tashkilotga a’zoligi bo‘yicha muzokaralar jadallashmoqda

O‘zbekistonning nufuzli tashkilotga a’zoligi bo‘yicha muzokaralar jadallashmoqda
Sardor Umrzoqov hamda Valdis Dombrovskis.
Foto: ITSV

O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zoligi bo‘yicha muzokaralar jadallashadi. Bu haqda O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov hamda Yevropa komissiyasi ijrochi vitse-prezidenti Valdis Dombrovskisning Bryussel shahridagi muzokaralarida ma’lum qilindi.

Tomonlar yaqin kelajakda Jeneva shahrida O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruh 5-yig‘ilishini tashkil etish yuzasidan kelishib oldi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi strategik munosabatlarning bugungi holati va ularni yanada mustahkamlash istiqbollari ham muhokama qilindi.

2021 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va YEI mamlakatlari o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 3,9 milliard dollarni tashkil etdi. Har ikki tomon qo‘shimcha vositalardan foydalangan holda savdo hajmini oshirish zarur deb hisoblaydi.

Bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umrzoqov Bryusselda, shuningdek, Yevropa Kengashi prezidentining tashqi siyosat bo‘yicha bosh maslahatchisi Saymon Mordyu bilan muzokara o‘tkazgan. Ushbu uchrashuvda ham bir qator dolzarb masalalar qatorida JSTga a’zolik doirasidagi chora-tadbirlar muhokama markazida bo‘lgan.

YEI xayrixoh hamkor sifatida O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishiga yaqindan ko‘mak ko‘rsatish istagida. Rasmiy Bryusselga ko‘ra, bu tashabbus mamlakatning jahon iqtisodiyoti va ko‘p tomonlama savdo tizimiga integratsiyalashuvi yo‘lida muhim qadam sanaladi.

2019 yil 11 noyabrda imzolangan hujjatga ko‘ra, YEI O‘zbekistonga JSTga qo‘shilishga ko‘mak maqsadida 5 million yevro grant ajratadi.

Avval xabar berganimizdek, bir muddat avval YEIning Toshkentdagi vakolatxonasi rahbari, elchi Eduards Stiprays rasmiy Bryussel O‘zbekistonning JSTga tezroq a’zo bo‘lishi tarafdori ekanini ma’lum qilgan edi.

«O‘ylaymanki, O‘zbekiston ertami-kechmi JSTga a’zo bo‘lib kiradi. Inchunin, bu qancha barvaqt bo‘lsa, shuncha yaxshi. YEI boshqa xalqaro hamkorlar bilan bir safda nafaqat muzokaralar o‘tkazish, balki JSTga a’zolikdan keyingi jarayonlarga tayyorgarlikka ham ko‘maklashadi», – degan edi Yevroittifoq diplomati.

O‘zbekiston JSTga qo‘shilish uchun 1994 yilda ariza bergan va ishchi guruhning uchta uchrashuvida qatnashgan. Ammo ayrim sabablarga ko‘ra bu jarayon to‘xtab qolgan. 2017 yilda JSTga qo‘shilish bo‘yicha sa’y-harakatlar qayta boshlangan.

Mutaxassislarga ko‘ra, JSTga a’zolik O‘zbekistonda iqtisodiy taraqqiyotga kuchli turtki beradi. Avvalo, yangi sarmoyalar asosida qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi, mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulot sifatini oshirib, dunyo bozoridagi kuchli raqobatga ko‘nikadi. O‘z navbatida, iste’molchilar arzon va sifatli tovarlar hamda xizmatlarni tanlash imkoniga ega bo‘ladi.

Mamlakat jahon miqyosidagi savdo siyosati bo‘yicha muhim qarorlarni qabul qilishda ishtirok etadi.

Xalqaro tashkilotga a’zolik, shuningdek, bojxona ma’muriyatchiligi va qonunchilik bo‘yicha institutsional islohotlarni amalga oshirish, tizimdagi korrupsiya darajasini kamaytirishga ko‘mak beradi, dunyo miqyosidagi ilmiy-texnik rivojlanish jarayoniga integratsiyalashuvni tezlashtiradi.

S.Salim

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » O‘zbekistonning nufuzli tashkilotga a’zoligi bo‘yicha muzokaralar jadallashmoqda