
Foto: «RBK»
Rossiyadagi ba'zi nuqtalarda 1 AQSh dollari 130-150 rublga sotilmoqda. Taqqoslash uchun, fevral oyining boshlaridayoq dollar bahosi 76 rublni tashkil qilgan edi.
Rubl bilan bogʻliq vaziyatlar Oʻzbekistonda ham oʻz asoratini koʻrsatib kelgan. Bu aynan qanday yuz berishi haqida Markaziy bank rahbari Mamarizo Nurmurotov aytib oʻtgan edi.
Pul oʻtkazmalari
Birinchi navbatda, rubl devalvatsiyasi Oʻzbekistonga pul oʻtkazmalarning kamayishiga olib keladi.
Masalan, 2020 yili rubl dollarga nisbatan qadrsizlanganda, Rossiyadan amalga oshiriladigan oʻtkazmalarning 11 foizga, Oʻzbekistonga umumiy oʻtkazmalarning 4 foizga qisqarishiga olib kelgan edi.
Xalqaro pul oʻtkazmalari, oʻz navbatida boshqa koʻrsatkichlarga, shu jumladan, oʻzbek soʻmiga ham oʻz ta'sirini koʻrsatadi.
Misol uchun, 2021 yilda Oʻzbekistonga 7 mlrd dollar mablagʻ oʻtkazmalari kirib kelgan. Bu soʻmning bor-yoʻgʻi 3,4 foizga (2019 yildan beri eng yaxshi koʻrsatkich) qadrsizlanishiga sabab boʻlgan omillardan biriga aylangan.
Markaziy bankdagilarning aytishicha, eksportdan tushgan valyuta tushumlari, shuningdek, pul oʻtkazmalari hajmining sezilarli oshishi kurs qiymatini ushlab turishga yordam bergan. Oʻtgan yili bu koʻrsatkich 34 foizni tashkil etib, buning hisobiga xorijiy valyuta taklifi 1,6 barobar oshgan.
Eksport
Rublning qadrsizlanishi pul oʻtkazmalaridan tashqari, Oʻzbekiston eksportchilariga ham oʻz ta'sirini oʻtkazadi.
Biz istaymizmi, yoʻqmi, Rossiya bozorlaridagi bizning mahsulotlar rublda baholanadi. Va tabiiyki, eksportchilarimizning daromadlarida oʻz aksini koʻrsatmay qolmaydi, — deydi Mamarizo Nurmurotov.
2021 yil sarhisoblariga koʻra, Rossiya Xitoyni orta qoldirgan holda, Oʻzbekistonning asosiy savdo hamkoriga aylandi.
Rossiya bilan savdo-sotiqlar oʻtgan yili 7,4 mlrd dollarni tashkil qildi (5,4 mlrd dollar import, 2 mlrd dollar eksport).
Rossiya — Oʻzbekistonning meva va sabzavotlari, tekstil va boshqa mahsulotlari boʻyicha uning asosiy xaridori. Masalan, oʻtgan yili Rossiyaga qariyb 1 mlrd dollarlik tekstil mahsulotlari sotilgan edi.
Soʻm bilan qanday vaziyat?
Rubl valyutasi soʻnggi marotaba qulashi 2014 yil oxirlariga toʻgʻri kelgan edi. Bu holat Oʻzbekistondagi pul oʻtkazmalari hajmining tushib ketishiga, shuningdek, mehnat migrantlarining kamayishiga olib kelgandi.
Soʻm kursiga toʻxtaladigan boʻlsak, rublning soʻnggi marta qulashi valyuta liberalizatsiyasidan oldin, kurslar asosan bozor asosida emas, balki «qoʻlda» oʻrnatilgan paytlarda yuz bergan edi.
28 fevral, dushanba kuni Markaziy bank yangi valyuta kurslarini e'lon qildi. Unga koʻra, rublning soʻmga nisbatan qiymati valyuta liberallashuvidan soʻng rekord darajada tushib ketdi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar