Markaziy bank valyuta kursini emas, inflyatsiyani jilovlashni asosiy maqsadi deb biladi. Yil boshidan beri so‘m dollarga nisbatan 6,8 foizga qadrsizlandi, chunki taklif kamayishi va talab ortishi bir vaqtda ro‘y berdi. O‘zbekistonda naqd dollar va yevro taqchilligi kuzatilayotgani yo‘q. Bular haqida MB raisi Mamarizo Nurmurodov ma’lum qildi.
Markaziy bank asosiy stavkani 17 foizga oshirdi. Odatdagidan farqli ravishda, bu gal boshqaruv yig‘ilishidan keyin matbuot anjumani o‘tkazilmadi. Buning o‘rniga MB raisi Mamarizo Nurmurodovning OAV yuborgan savollarga javob berdi.
— Mamarizo Berdimurotovich, hozirgi geosiyosiy vaziyat O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda? Qaysi asosiy ta’sir kanallarini ajratib ko‘rsatgan bo‘lardingiz?
— Umuman olganda, o‘tgan 2021 yil jahon iqtisodiyoti va milliy iqtisodiyotimiz uchun ham pandemiyadan keyin tiklanish yili bo‘ldi. Oxirgi 15-20 kunda moliya bozorlarida va asosiy savdo hamkorlarimizda iqtisodiy vaziyat keskin o‘zgardi. Hozirgi qisqa muddatli beqarorliklardan kelib chiqib iqtisodiyotimiz haqida yakdil xulosa qilish to‘g‘ri bo‘lmaydi.
Mamlakatimizda 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan makroiqtisodiy va tarkibiy islohotlar borasidagi chora-tadbirlar belgilab olingan. Bu, o‘z navbatida, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda iqtisodiyotga tashqi shoklarning salbiy oqibatlarini yumshatish imkonini beradi. Albatta, tashqi shoklar joriy yilga belgilangan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Vaziyatning tez o‘zgaruvchanligini hisobga olgan holda, biz o‘z hisob-kitoblarimiz va prognozlarimizni aprel oyida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi Markaziy bank boshqaruv yig‘ilishi uchun qayta ko‘rib chiqamiz va e’lon qilamiz.
Men valyuta kursi, savdo va moliyaviy kanallarni asosiy ta’sir kanallari sifatida ajratib ko‘rsatgan bo‘lardim. Asosiy savdo hamkorlarimiz milliy valyutalarining qadrsizlanishi so‘mga qisqa muddatli devalvatsion bosimni yuzaga keltirmoqda. Jumladan, pul o‘tkazmalari hajmi AQSH dollari ekvivalentida kamaymoqda, aholi va tadbirkorlarda devalvatsion kutilmalar oshdi. Bunday bosim muqarrar, lekin o‘rta muddatli istiqbolda, inqirozning eng yuqori ta’sirli bosqichi o‘tganidan so‘ng, savdo hamkorlarning valyuta kurslari o‘zining muvozanatli qiymatlariga yetadi va shunga mos ravishda so‘mning almashuv kursiga bosim o‘tkazishni to‘xtatadi.
Savdo kanali deganda O‘zbekiston import qiladigan neft, metallar, don mahsulotlari, o‘simlik yog‘i kabi qator xomashyo va oziq-ovqat mahsulotlarining jahon bozorlarida narxi oshishini nazarda tutyapman. Bundan tashqari, an’anaviy yuk tashish yo‘nalishlari murakkablashmoqda, bu esa yana import qilinadigan tovarlar narxining oshishiga olib kelishi mumkin.
Moliyaviy kanal – bu investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun jalb etilishi rejalashtirilgan kredit liniyalari ko‘rinishidagi moliyaviy resurslardir. Bo‘lib o‘tayotgan voqealar biz joylashgan hududimizning (mintaqamizning) investitsiyaviy jozibadorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun ham yirik investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun yangi manbalarni izlashga majbur bo‘lamiz va bu albatta belgilab olgan tarkibiy islohotlarimizni tezroq va samarali amalga oshirishni talab etadi. Ehtimol, ba’zi investitsiya loyihalarini keyinga qoldirishga to‘g‘ri kelishi mumkin.
— So‘m kursini ushlab turish uchun Markaziy bank intervensiya qiladimi?
— Ma’lumki, O‘zbekistonda valyuta liberallashuvidan so‘ng biz erkin suzuvchi valyuta kursiga o‘tdik. Bugungi kunda mamlakatimizda valyuta kurslari bozor tamoyillari, ya’ni talab va taklif asosida shakllanadi. Shuni ta’kidlash kerakki, Markaziy bank boshqariladigan valyuta kursidan erkin suzuvchi valyuta kursiga uzoq va qiyin o‘tishni boshdan kechirdi va valyuta kursini emas, balki inflyatsiyani asosiy maqsadi deb biladi. Bizda so‘mning almashuv kursi bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkich yo‘q. Shu bois Markaziy bank “neytrallik” tamoyili asosida valyuta intervensiyalari siyosatini davom ettiradi.
Ayrim hollarda Markaziy bank tashqi xatarlarning salbiy ta’sirini minimallashtirish uchun intervensiyalar hajmini oshirishi mumkin. Markaziy bankning ushbu choralari makroiqtisodiy va moliyaviy barqarorlikni ta’minlashga va shu orqali uzoq muddatli inklyuziv iqtisodiy o‘sishga erishishga xizmat qiladi.
— So‘mning AQSH dollariga nisbatan almashuv kursi bo‘yicha vaziyatga munosabat bildirsangiz? Markaziy bankning joriy yil uchun almashuv kursi o‘zgarishi prognozi qanday? So‘nggi 2 haftada milliy valyuta almashuv kursi 4 foizga qadrsizlandi.
— So‘mning AQSH dollariga nisbatan almashuv kursi qadrsizlanishi mart oyining dastlabki yarmida tezlashdi. Ushbu holat bir tomondan tashqi geosiyosiy vaziyat ta’sirida eksport tushumlari va transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmining sezilarli qisqarishi (asosan, Rossiya va Qozog‘istondan) ta’sirida ichki valyuta bozorida taklifning qisqarishi bilan tushuntiriladi.
Boshqa tomondan, asosiy savdo hamkorlarda milliy valyuta kursining keskin qadrsizlanishi va devalvatsion kutilmalarning ortib, ichki valyuta bozoridagi talabning vaqtinchalik o‘sishi kuzatilmoqda.
Biz milliy valyuta almashuv kursi bo‘yicha prognozlarni amalga oshirmaymiz va so‘mning AQSH dollariga nisbatan kursi ichki valyuta bozorida ichki va tashqi omillar ta’sirida shakllangan talab va taklif muvozanatiga bog‘liq bo‘ladi.
Markaziy bank almashuv kursining keskin tebranishlarini oldini olish va bozorning barqaror faoliyatini ta’minlash maqsadida joriy yil mart oyining birinchi yarmida “neytrallik tamoyillari” doirasida ichki valyuta bozorida intervensiyalar hajmini oshirdi. Mazkur intervensiyalar o‘tgan yilda valyuta bozoridagi ijobiy sharoitlar natijasida yuzaga kelgan qo‘shimcha zaxiralar hisobidan amalga oshirilmoqda.
Bugungi boshqaruv qarori bilan asosiy stavkaning oshirilishi ham ma’lum ma’noda milliy valyuta kursini barqarorlashtirishga xizmat qiladi.
— Dollar kursi sezilarli darajada o‘syapti. Bu o‘z-o‘zidan inflyatsiyani va devalvatsiya xavfini kuchaytiradi. Bularning oldini olish bo‘yicha qanday choralar amalga oshirilishi rejalashtirilgan?
— Milliy valyuta kursi dinamikasida tashqi xatarlar va devalvatsion bosimlar ta’sirlariga javoban to‘g‘rilanish kuzatilmoqda, joriy yil boshidan so‘mning AQSH dollariga nisbatan kursi 6,8 foizga qadrsizlandi.
So‘m almashuv kursining keskin tebranishlarini yumshatish va ichki valyuta bozorining barqaror faoliyat yuritishini ta’minlash maqsadida Markaziy bankning intervensiyalari hajmi sezilarli darajada oshirildi.
Shuningdek, iqtisodiyot sub’ektlarining devalvatsion va inflyatsion kutilmalar o‘sishini oldini olish, milliy valyutada jamg‘arish faolligini saqlab qolish va tashqi xatarlarning iqtisodiyotimizga o‘tuvchi ta’sirini yumshatish orqali mamlakatda makroiqtisodiy va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash maqsadida Markaziy bank Boshqaruvining bugungi qarori bilan asosiy stavka yillik 17 foizgacha oshirildi.
Bugungi boshqaruv qarori bilan pul-kredit siyosati instrumentlariga bir qator o‘zgartirishlar kiritildi. Ushbu choralar bank tizimidagi likvidlikni samarali tartibga solishga va milliy valyutadagi aktivlar jozibadorligini oshirishga xizmat qilib, inflyatsiyaga monetar va devalvatsion omillar tomonidan bo‘ladigan bosimlarni kamaytiradi.
Shu bilan birga, Hukumat bilan birgalikda ichki bozorda asosiy iste’mol tovarlari taklifini ko‘paytirib borish, logistika bilan bog‘liq masalalarni hal etish, muqobil import yo‘nalishlari orqali iste’mol tovarlariga bo‘lgan talabni qondirish va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan uzilishlarni bartaraf etish bo‘yicha choralar ko‘rib borilmoqda.
Ushbu choralar milliy valyuta kursining keskin tebranishlarini oldini olish, yuzaga kelayotgan qisqa muddatli salbiy ta’sirlarni (shoklarni) yumshatishga qaratilgan bo‘lib, iqtisodiyot sub’ektlarining inflyatsion, devalvatsion va umumiy makroiqtisodiy kutilmalariga ta’siri orqali vaziyatning barqarorlashishiga xizmat qiladi.
— Mamlakatda naqd dollar yoki yevro taqchilligi kuzatilmoqdami? Naqd xorijiy valyuta yetkazib berilishi bo‘yicha xorijiy banklar bilan kelishuvga erishilganmi? Norezidentlar uchun mamlakatdan naqd xorijiy valyutani sotib olish yoki olib chiqib ketish bo‘yicha vaqtinchalik cheklovlar o‘rnatilishi nazarda tutilganmi? Umuman, naqd xorijiy valyuta bo‘yicha qanday cheklovlarni kiritish rejalashtirilgan?
— Bugungi kunda mamlakatda naqd dollar yoki yevro taqchilligi holatlari kuzatilmayapti. Tijorat banklari ichki bozorda naqd xorijiy valyuta yetarliligini ta’minlab kelmoqdalar. Mavjud naqd valyuta zaxiralari o‘rtacha 3-4 oylik naqd ayirboshlash operatsiyalariga bo‘lgan talabni to‘liq qondira oladi.
2020 yilda pandemiyaning boshlang‘ich davrida aviaqatnovlar bo‘yicha aksariyat davlatlar tomonidan kiritilgan cheklovlar sababli tijorat banklari tomonidan naqd xorijiy valyutaning mustaqil olib kelinishi qiyinlashgan edi. Bunday vaziyatda Markaziy bank tomonidan naqd xorijiy valyutani olib kelish jarayoni markazlashgan holda tashkil etilib, tijorat banklariga taqdim etilgan.
Kelgusida taqchillik vaziyatlari yuzaga keladigan bo‘lsa, albatta naqd valyutani markazlashgan tartibda olib kelish bo‘yicha zaruriy choralar ko‘riladi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasining “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi Qonunining 22-moddasiga muvofiq, jismoniy shaxlar uchun naqd xorijiy valyutani O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqib ketish 100 mln. so‘m ekvivalentidan oshmagan summada amalga oshirilishi mumkinligi, yuridik shaxslar uchun naqd xorijiy valyutani mamlakat hududidan olib chiqib ketish ta’qiqlangan. Ushbu talab norezidentlar uchun ham amal qiladi.
Bugungi kunda naqd xorijiy valyuta amaliyotlari bo‘yicha qo‘shimcha talablar yoki cheklovlar kiritilishi rejalashtirilmagan.
— Umuman, valyuta cheklovlarini joriy etish zarur deb o‘ylaysizmi?
— Aksincha, o‘rta muddatli istiqbolda kapital oqimini liberallashtirish, mahalliy va xorijiy investorlarni jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, moliya bozorlarini takomillashtirish bo‘yicha islohotlarni jadallashtirish bo‘yicha ishlar amalga oshiriladi.
Shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, inflyatsiyani targetlash rejimiga o‘tayotgan O‘zbekiston uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri valyuta cheklovlarining joriy etilishi orqaga qadam bo‘ladi. “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi
Josep Borrel: “Xalqaro jinoyat sudining Netanyaxuni hibsga olish bo‘yicha qarori ijro etilishi shart”
Metabolizm sekinlashganining belgilari
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi
Superliga. OKMK safarda "Paxtakor"ni mag‘lub etdi va 11 yillik qora an’anaga chek qo‘ydi
Har payshanba jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilanadi