24-26 mart kunlari Toshkent xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tdi. Ushbu anjumanda yangragan ayrim fikr-mulohazalarni keltirib o‘tamiz.
«Asosiy maqsad – byurokratik cheklovlarni olib tashlash» – Mario Yebsim
Mario Yebsim
Boeing kompaniyasining mintaqaviy direktori Mario Yebsim turizm sohasini rivojlantirish uchun sarflangan mablag‘ mamlakatga ortig‘i bilan daromad keltirishi mumkinligini ta’kidlab o‘tdi.
«Turizm nafaqat daromad keltiradi, balki ko‘plab odamlarni ish bilan ham ta’minlaydi. Bu sohaga ayollarni jalb qilish juda muhim. Asosiy maqsad – byurokratik cheklovlarni olib tashlashdir.
Ekspertlarning baholashicha, turistik xizmatlar uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri sarflangan har bir dollar turdosh sohalarda taxminan qo‘shimcha uch dollar daromad keltiradi. Ko‘plab xorijlik sayyohlar uchun birdaniga Osiyodagi bir necha mamlakatga tashrifni ko‘zda tutuvchi turlar qiziq bo‘lar edi va bu mamlakatlarga ham yaxshigina foyda keltiradi».
«Hududiy qatnovlar uchun 40ga yaqin yo‘nalishlar ochishni rejalashtiryapmiz» – Ra’no Jo‘rayeva
Ra’no Jo‘rayeva
Uzbekistan Airports rahbari Ra’no Jo‘rayeva hududiy qatnovlar kamligi, shu sababdan ham odamlar harakatlanishda muammolarga duch kelayotgani haqida aytib o‘tdi.
«Aeroportlar O‘zbekistonning har bir hududida bor, ularning yaxshi faoliyat yuritishi turistik sohani rivojlantirish uchun juda muhim. Hozirda mamlakatda mavjud aviaqatnovlarga talabni qo‘llab-quvvatlash uchun o‘tgan yili hududiy aviakompaniya tashkil etish tashabbusini ilgari surdik.
Hududiy qatnovlar kam, ularni rivojlantirish kerak, shu bois 40ga yaqin yo‘nalishlarni ochishni rejalashtiryapmiz. Hozir odamlar avtotransport, poyezdlar orqali harakatlanib, chiptalar taqchilligi singari noqulayliklarga duch kelishmoqda. Millionga yaqin odam o‘tgan yili milliy aviakompaniya xizmatlaridan foydalandi, biroq amalda bu ko‘rsatkich bundan ancha yuqori bo‘lishi kerak. Yaqinda biz Samarqandda aeroport qurdik va davlat ushbu loyihani xususiy hamkorlar investitsiyalaridan foydalanib amalga oshirdi».
«Agar raqamlashtirish bo‘lmasa, korrupsiyaga yo‘l ochiladi» - Mahmud Al-Bastaqiy
Mahmud Al-Bastaqiy
DP World kompaniyasi operatsion bosh direktori Mahmud Al-Bastaqiy logistika tizimida raqamlashtirishning qanchalik ahamiyatli ekanligi haqida to‘xtalib o‘tdi.
«Kompaniyamiz ta’minot zanjiri va logistikani optimallashtirish uchun raqamli vositalardan foydalanadi. Yuk tashishning avtomatik tizimi yetkazib beruvchidan mijozning eshigigacha bo‘lgan barcha nuqtalarni o‘z ichiga olishini istaymiz.
Raqamlashtirish transport sohasi uchun juda muhim. Agar raqamlashtirish bo‘lmasa, korrupsiyaga yo‘l ochiladi, harakat sekinlashadi, yuk operatsiyalarining sifati yomonlashadi. Asosiy maqsadlarimizdan biri – Ipak yo‘lini tiklash. Buni amalga oshirish vaqti keldi. Bu muammoni hal qilishga yordam beradigan eng maqbul tizim bu – raqamlashtirish».
«Xalqaro investor O‘zbekistonda topa oladigan eng muhim resurs – bu inson» – Sherzod Shermatov
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov har qanday investor uchun O‘zbekistonda yetarli miqdorda ishchi kuchi mavjudligi haqida aytib o‘tdi.
«O‘zbekistonda investorlar topa oladigan eng muhim resurs inson ekanligini ta’kidlab o‘tmoqchiman. O‘zbekiston Markaziy Osiyoning barcha davlatlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish, savdo-sotiq va hamkorlikni erkin amalga oshirish salohiyatiga ega. Jahon iqtisodiyotidagi global jarayonlar, ijtimoiy, ilmiy va ishlab chiqarish sohalarida yuzaga kelayotgan muammolar shuni ko‘rsatadiki, zamonaviy IT texnologiyalarini joriy qilmasdan turib, jiddiy o‘zgarishlar va sifatli texnologik yutuqga erishib bo‘lmaydi».
«Tashqi iqtisodiy biznes ishtirokchilari soni ikki barobar oshdi» – Galina Saidova
Galina Saidova
O‘zbekiston prezidentining iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari Galina Saidova bozorni erkinlashtirish sababli erishilgan yutuqlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
«Biz valyuta bozorini tez va samarali liberallashtirishni amalga oshirdik. Bu tashqi bozorni rivojlantirish uchun eng kuchli va samarali vositadir. Natijada tashqi iqtisodiy biznes ishtirokchilari soni ikki barobar oshdi. Eksport 1,4 barobar, import esa 2 barobar ko‘paydi. Endi AQSH, Kanada va boshqa mamlakatlar bozorlari biz uchun ochildi. Boshqacha aytganda, tashqi savdo sohasida ko‘plab yutuqlarga erishdik.
Birinchi navbatda, qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratish mexanizmini joriy qilmoqdamiz. Paxta eksportidan 800 million dollardan 1 milliard dollargacha daromad olardik. Hozirda bu tizimdan amalda voz kechdik va shu kungacha faqatgina to‘qimachilik mahsulotlarining o‘zini 3 milliard dollarga eksport qildik.
Shunga qaramay, bozorni erkinlashtirish va yuqori maoshli ish o‘rinlarini saqlab qolish o‘rtasida muvozanatni saqlash zarur. Bu muammoni hal qilish orqali biz liberallashtirishning keyingi bosqichiga sakrash imkoniyatiga ega bo‘lamiz».
«O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish yo‘lidagi ishlarni davom ettiryapmiz» – Syanchen Chjan
Syanchen Chjan
Jahon savdo tashkiloti bosh direktori o‘rinbosari Syanchen Chjanning ma’lum qilishicha, O‘zbekistonning JSTga kirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
«2020 yilda pandemiya tufayli O‘zbekistonning JSTga a’zoligi masalasi to‘xtab qolgandi, biroq ayni paytda bu yo‘nalishdagi ishlarni davom ettirmoqdamiz. Kirish uchun 30 dan ortiq hujjatlar allaqachon topshirilgan. Hozir biz bor e’tiborimizni O‘zbekiston JSTning barcha standart va me’yorlariga erishishiga qaratmoqdamiz».
«Infrastruktura va logistika sohalarida raqamli texnologiyalarni joriy qilish juda muhim» – Odil-Reno Basso
Odil-Reno Basso
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil-Reno Basso O‘zbekistonda tashkilot tomonidan e’tibor qaratilayotgan 3ta asosiy yo‘nalish haqida to‘xtalib o‘tdi.
«Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki keyingi besh yil davomida O‘zbekiston bilan asosan quyidagi sohalarda hamkorlik qilishni davom ettiradi. Bular: barqaror ish o‘rinlarini yaratish, fuqarolarga xizmat ko‘rsatish tizimlari ishini yaxshilash va sog‘lom yashil muhitni barpo qilish, shuningdek, raqamlashtirish hamda raqobatbardoshlikni oshirish.
O‘zbekiston uchun infrastruktura va logistika sohalarida raqamli texnologiyalarni joriy qilish juda muhim hisoblanadi».
«700 ming nafardan ortiq ishsiz xotin-qizlar davlat hisobidan o‘qitiladi» – Obid Hakimov
Obid Hakimov
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov keyingi yillarda kambag‘allikni qisqartirish borasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi.
«2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston strategiyasiga ko‘ra, 2,5 million norasmiy ishlayotgan fuqarolarning bandligini qonuniylashtirishga ko‘maklashish orqali ularga ijtimoiy kafolat va imtiyozlardan to‘liq foydalanish imkoniyatini yaratish masalasi ishlab chiqilmoqda. Bundan tashqari, kambag‘allikni qisqartirish doirasida ayollar o‘rtasidagi ishsizlik darajasini ikki baravar kamaytirish ko‘zda tutilgan. Xususan, 700 ming nafardan ortiq ishsiz xotin-qizlarni davlat hisobidan o‘qitish rejalashtirilgan.
Shuni ham ta’kidlash kerakki, yetarli miqdorda oziq-ovqat bilan ta’minlanganlik qashshoqlikka qarshi kurashda katta rol o‘ynaydi. Shu sabab Qoraqalpog‘iston va Xorazmdagi maktablarda ovqatni bepul tarqatish tizimi allaqachon yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur tajriba natijalaridan kelib chiqib, boshqa hududlarda ham bepul ovqatlanish tizimini kengaytirish masalasi ko‘rib chiqiladi». “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi
Josep Borrel: “Xalqaro jinoyat sudining Netanyaxuni hibsga olish bo‘yicha qarori ijro etilishi shart”
Metabolizm sekinlashganining belgilari
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi
Superliga. OKMK safarda "Paxtakor"ni mag‘lub etdi va 11 yillik qora an’anaga chek qo‘ydi
Har payshanba jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilanadi