10:58 / 30.06.2022
1 954

Toshkentda bir guruh shaxslarga hujum qilingani yuzasidan tafsilotlar e’lon qilindi

Toshkentda bir guruh shaxslarga hujum qilingani yuzasidan tafsilotlar e’lon qilindi
Toshkent shahri Yunusobod tumani Bog‘ishamol ko‘chasida bir guruh shaxslar ishtirokida janjal sodir bo‘lgani va aybdorlarga nisbatan sud hukmi o‘qilgani xabar qilingandi. Toshkent shahar sudlari axborot xizmati ushbu ish bo‘yicha tafsilotlarni ochiqladi.

Nima bo‘lgan edi?
Aniqlanishicha, J.A., M.X., S.M., S.X. va dastlabki tergovda aniqlashni imkoni bo‘lmagan shaxslar o‘zaro jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lib, 2021 yil 31 oktabr kuni soat 22:00 larda, inson hayoti va salomatligiga jiddiy ziyon yetkazuvchi o‘tkir tig‘li xanjar (pichoq) va boshqa buyumlar bilan qurollanib, Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Bog‘ishamol ko‘chasida joylashgan «SamPI» savdo majmuasi oldida J.I., A.T., A.K., S.A. va D.M. ni o‘ldirish va zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish maqsadida ularga hujum qilib, o‘ldirish va jiddiy tan jarohati yetkazilishini namoyon qiluvchi faol harakatlarni amalga oshirganlarida, bundan xavfsiragan J.I., A.T., A.K., S.A. va D.M. hodisa joyidan qochib yashiringan.

B.T. Toshkent viloyati, Yuqori Chirchiq tumani, «Iyk ota» MFY, Baxt ko‘chasi, 41-uyda joylashgan «Shodlik» nomli ko‘ngilochar maskanini hammom-saunasida ma’mur bo‘lib ishlab, 2021 yil noyabr oyining boshlarida S.M. bilan o‘zaro jinoiy til biriktirib, mazkur ko‘ngilochar maskani ish yurituvchisi D.Sh.ning ko‘rsatma va talablariga zid ravishda, faraz qilingan huquqlarni o‘zboshimchalik bilan amalga oshirib, o‘zlarini ko‘ngilochar maskani hammom-saunasi egasidek faraz qilib, ushbu hammom-saunada fohishaxona tashkil qilib, u yerga kelgan mijoz va xizmat ko‘rsatuvchi fohishalik bilan shug‘ullanuvchi ayollar o‘rtasida ular tomonidan qo‘yilgan talablarni rioya etilishini ta’minlab, D.Sh. ning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazgan.

Bundan tashqari, S.M. bilan B.T. o‘zlarining jinoiy harakatlarini davom ettirib, Toshkent viloyati, Yuqori Chirchiq tumani, «Iyk ota» MFY, Baxt ko‘chasi, 41-uyda joylashgan «Shodlik» nomli ko‘ngilochar maskanini hammom-sauna qismida fohishaxona tashkil etib, tashrif buyurgan mijozlar tomonidan tartibga rioya etilishini ta’minlab, 2021 yil noyabr oyining boshlaridan 2021 yil 1 dekabr kuniga qadar mijozlarga R.A., N.S., U.Y., R.A., A.V. va boshqa ayollarning shahvoniy xizmatlarini taklif qilish yo‘li bilan pul evaziga ularga jinsiy aloqa qilishlari uchun sharoit yaratib berib, ko‘rsatilgan intim xizmatlar uchun har bir mijozdan olingan 200 000 so‘m miqdoridagi pullardan 50 000 so‘mini ulush sifatida qo‘lga kiritib kelgan.

Sud hukmi
E’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra, J.A. Jinoyat kodeksining 112-moddasi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga ish haqining 20 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. Jinoyat kodeksining 62-moddasi (ushlab turish, qamoqqa olish yoki uy qamog‘i vaqtini hisobga olish qoidalari) ga asosan J.A.ni 2021 yil 6 noyabrdan 2022 yil 27 iyunga qadar qamoqda saqlanganini e’tiborga olib, tayinlangan axloq tuzatish ishlari jazosini to‘liq o‘tagan deb hisoblanishi belgilanib, unga nisbatan qo‘llanilgan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qilindi va u sud zalida qamoqdan ozod qilindi. Hukm qonuniy kuchga kirgunga qadar J.A.ga nisbatan munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

M.X.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 248-moddasi (o‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi) 1-qismi bilan yuritilgan jinoyat ishi Jinoyat-protsessual kodeksining 84-moddasi (ayblilik to‘g‘risidagi masalani hal qilmay turib jinoyat ishini tugatish uchun asoslar) 5-qismi 2-bandiga asosan aybliligi to‘g‘risidagi masalani hal qilmay turib harakatdan tugatildi.

M.X. Jinoyat kodeksining 112-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga ish haqining 20 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. Jinoyat kodeksining 60 (bir necha hukm yuzasidan jazo tayinlash) va 61 (jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari) moddalari tartibida tayinlangan jazoga jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudining 2020 yil 5 iyundagi hukmiga ko‘ra tayinlangan jazoni o‘talmay qolgan qismini qisman qo‘shish yo‘li bilan M.X.ga uzil-kesil o‘tash uchun 1,5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Jinoyat kodeksining 62-moddasiga asosan M.X.ni 2021 yil 6 noyabrdan 2022 yil 27 iyunga qadar 7 oy 21 kun qamoqda saqlanganini e’tiborga olib, tayinlangan ozodlikni cheklash jazosidan chegirib tashlandi hamda uzil-kesil 10 oy 9 kun muddatga ozodlikni cheklash jazosi qoldirildi. M.X.ga nisbatan qo‘llanilgan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qilinib, u sud zalida qamoqdan ozod qilindi. Hukm qonuniy kuchga kirgunga qadar M.X.ga nisbatan munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

S.M. Jinoyat kodeksining 112-moddasi 1-qismi, 131-moddasi (qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash) 3-qismi va 229-moddasi (o‘zboshimchalik) da nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59 (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) va 61-moddalari tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 3,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoni qattiq tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.

B.T. Jinoyat kodeksining 131-moddasi 3-qismi va 229-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59 va 61-moddalari tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 3 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoni manzil-koloniyalarda o‘tash belgilandi. B.T.ga nisbatan qo‘llanilgan garov tarzidagi ehtiyot chorasi qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasiga o‘zgartirilib, sud zalida qamoqqa olindi.

S.X. Jinoyat kodeksining 112-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga ish haqining 20 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. Jinoyat kodeksining 60 va 61-moddalari tartibida tayinlangan jazoga jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar sudining 2021 yil 25 yanvardagi hukmi bilan tayinlangan jazoni o‘talmay qolgan qismini qisman qo‘shish yo‘li bilan S.X.ga uzil-kesil bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari, ya’ni 11 150 000 so‘m jarima va 2 yil 7 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Tayinlangan jarima S.X. tomonidan 2021 yil 2 fevral kuni to‘liq to‘langanligi inobatga olindi. Jinoyat kodeksining 62-moddasiga asosan S.X.ni 2022 yil 4 apreldan 2022 yil 8 aprelga qadar 4 kun qamoqda saqlanganini e’tiborga olinib, tayinlangan ozodlikni cheklash jazosidan chegirib tashlandi hamda uzil-kesil 2 yil 6 oy 26 kun muddatga ozodlikni cheklash jazosi qoldirildi.

Jinoyat-protsessual kodeksining talablariga muvofiq, apellyatsiya shikoyati va protestlari hukm e’lon qilingan kundan e’tiboran yigirma sutka ichida, mahkum va jabrlanuvchi-fuqaroviy da’vogar tomonidan esa ularga hukmning ko‘chirma nusxalari topshirilgan kundan e’tiboran shu muddat ichida berilishi mumkinligi ma’lum qilinadi.

Belgilangan muddat o‘tgandan keyin berilgan shikoyat yoki protest oqibatsiz qoldiriladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkentda bir guruh shaxslarga hujum qilingani yuzasidan tafsilotlar e’lon qilindi