O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Nukus shahrida bo‘lib o‘tgan ommaviy tartibsizliklardagi voqealar rivoji, qurbonlar va jabrlanuvchilar haqida ma’lumot berdi.
1 iyul
Bosh prokuraturaga ko‘ra, Konstitutsiyani o‘zgartirish bo‘yicha qonun loyihasi yuzasidan muhokama davom etayotganiga va fuqarolarning bu jarayonda o‘z fikrini bildirish uchun sharoitlar yaratilganiga qaramay, ayrim g‘araz niyatli shaxslar konstitutsiyaviy islohotlarga norozilik bahonasida tajovuzkorlik va zo‘ravonlik yo‘lini tanlab, vaziyatni izdan chiqarmoqchi bo‘lgan.
Tergovda aniqlanishicha, 1 iyul kuni soat 14:50 larda “Yel xizmetinde” gazetasi muharriri va bloger Dauletmurat Tajimuratov Telegram'dagi “Makan.uz” kanali orqali videomurojaat yo‘llab, fuqarolarni 5 iyul kuni soat 17:00 da “Qoraqalpog‘iston Respublikasining ozodligini so‘rab” Jo‘qorg‘i Kenges binosi oldida miting o‘tkazishga da’vat qilgan.
Shundan keyin D.Tajimuratov ijtimoiy tarmoqlar orqali qonunga xilof ravishda miting uyushtirishga fuqarolarni da’vat qilgani uchun 1 iyul kuni soat 15:30 larda Nukus shahar IIO FMBga olib kelingan va ushlangan.
Bloger D.Tajimuratovning IIB xodimlari tomonidan ushlaganini bilgan bir guruh shaxslar tartibsizliklar uyushtirib, uni ozod qilishni talab qilib, Nukus shahridagi IIVga qarashli 2-sonli tergov hibsxonasiga va Nukus shahar IIO FMBga borishgan, keyinchalik 1 iyul kuni soat 17:30 larda Nukus shahri markazidagi Markaziy dehqon bozori oldidagi avtomobil yo‘lida tartibsizliklar uyushtirishgan.
Shundan keyin D.Tajimuratov Nukus shahar IIO va FMBdan ozod qilinib, chiqarib yuborilgan bo‘lsa-da, D.Tajimuratov va uning tarafdorlari tartibsizliklarni yana davom ettirib, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlariga faol qarshilik ko‘rsatib, O‘zbekiston Respublikasining amaldagi davlat tuzumini Konstitutsiyaga xilof tarzda o‘zgartirishga va hokimiyatni bosib olishga ochiqdan ochiq da’vat qilishgan.
2 iyul
Bosh prokuraturaga ko‘ra, 2 iyul kuni soat 14:45 da Nukus tumanidan taxminan 300 nafar shaxs Nukus shahri tomon harakatlanib, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, Nukus shahridagi blokpostda xizmat olib borayotgan 50 nafar Milliy gvardiya xodimining maxsus vositalarini (ratsiya, dubinka, kaska, shovqinli granata, shit) qo‘lga kiritgan.
Shu kuni Xo‘jayli tumanidagi harbiy postga noma’lum shaxslar tomonidan hujum uyushtirilib, qurol-yarog‘ tortib olingan, Nukus xalqaro aeroportiga, Nukus shahridagi ma’muriy qamoqqa olingan shaxslar saqlanuvchi Reabilitatsiya markaziga, Nukus shahar IIB binosiga hujumlar uyushtirilgan.
Ommaviy tartibsizliklar davomida Nukus shahridagi “Las Vegas” kafesi yonida davlat raqami 40 L 340 QA bo‘lgan MAN rusumli yuk transport vositasi, “Eski shahar”dagi markaziy masjid oldida davlat raqami 01 267 UFA bo‘lgan “KamAZ” rusumli yuk transport vositasi, Shumanay tumanidagi “Ismoilov Jabborbergen” fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan vagon yoqib yuborilgan.
Nukus shahar Sport kompleksi yonidagi “Do‘stlik” kanali ko‘prigiga, Nukus shahridagi ko‘plab bino-inshootlar va yo‘l to‘siqlariga ham ko‘plab talafotlar yetkazilgan.
Qurbonlar va jabrlanuvchilar
Ommaviy tartibsizliklar oqibatida hozirga qadar aniqlangan holatlarga ko‘ra, jami 243 nafar shaxsga, jumladan 38 nafar huquq-tartibot organlari xodimiga turli darajadagi tan jarohatlari yetkazilgan. Og‘ir tan jarohatlari tufayli 18 nafar fuqaro vafot etgan.
Jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan
Holat yuzasidan 2 iyul kuni Jinoyat kodeksining 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 4-qismi va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov va tezkor-qidiruv tadbirlari davom ettirilmoqda.
Tergov va tezkor-qidiruv tadbirlari Bosh prokuratura rahbarligida tuzilgan DXX, Bosh prokuratura, IIV, Milliy gvardiya mas’ul xodimlaridan iborat tergov-tezkor guruhi tomonidan olib borilmoqda. Tezkor-tergov guruhi faoliyati hamda tergov, tezkor-qidiruv tadbirlari idoralararo tuzilgan alohida shtab tomonidan muvofiqlashtirib borilmoqda.
Tergov va tezkor-qidiruv tadbirlari qonunlarga qat’iy rioya qilingan holda o‘tkazilib, qonun ustuvorligi va jazo muqarrarligini ta’minlashning barcha choralari ko‘riladi, deya ma’lum qildi Bosh prokuratura.
Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 2-3 iyul kunlari Nukusda bo‘lib qaytdi. 3 iyuldan boshlab Qoraqalpog‘iston hududida bir oylik favqulodda vaziyat joriy etilib, komendantlik soati kiritildi.
Mahalliy va xalqaro jamoatchilikka murojaat
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi mamlakat aholisi, ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar, ekspert va mutaxassislar, xalqaro va xorijiy tashkilotlar vakillariga murojaat qildi.
“Ayni kunlarda Qoraqalpog‘istonda ro‘y bergan voqea-hodisalar yuzasidan ayrim g‘arazli kuchlarning haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan, soxta va uydirma ma’lumotlari, millatlar o‘rtasida nizo va ziddiyat uyg‘otadigan, ayirmachilik hamda ommaviy tartibsizliklarga da’vat etuvchi ig‘vogorona chaqiriqlari ko‘plab kuzatilmoqda.
Shu bois, barchangizdan bunday aldov va uydirmalarga ishonib qolmaslikni, shoshqaloqlik bilan asossiz xulosa chiqarmaslikni, mavjud vaziyat, o‘tkazilayotgan tergov va tezkor-qidiruv tadbirlari haqidagi haqqoniy ma’lumotlarni mazkur Shtab axborot manbalaridan olishingizni so‘raymiz.
Shtab hamda vakolatli davlat organlari o‘zlarining rasmiy axborot kanallari orqali tergov va tezkor-qidiruv faoliyati haqidagi ma’lumotlarni muntazam berib boradi.
Fursatdan foydalanib, fuqarolarimizni yana bir bor ogohlik va sergaklikka chaqirmoqchimiz. Zero, o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik, ahillik, bosiqlik va aql-idrok bilan ish tutish xalqimizning azaliy fazilatlaridir.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan ig‘vogorona, fitna qo‘zg‘ashga qaratilgan haqorat va o‘zaro kamsitishlar xalqimizga mutlaqo yotdir.
Qonunda ham jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborotni tarqatish, aholi orasida adovat, murosasizlik yoki nifoq keltirib chiqarish maqsadida milliy sha’n-sharaf va qadr-qimmatni kamsitishga, fuqarolarning his-tuyg‘ularini haqoratlashga qaratilgan harakatlar uchun jinoiy javobgarlikni keltirib chiqarishi belgilangan”, – deyiladi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi murojaatida. “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi