Hayotda shunday firibgarlar borki, ular odamlarni avrab chuv tushirishda hatto aktyorlardan ham o‘tkazib rol o‘ynay olishadi. Quyidagi hikoya qahramoni ham ana shundaylardan biri edi. Yigitning masjidlar oldida turib, mungli ovozda qilgan nolasiga har qanday inson ishonar, u shu yo‘l bilan pul ishlardi. O‘sha pullar unga buyurganmikan?
Qo‘yida keltirilgan hodisa bundan bir necha yil avval Toshkent shahrida sodir bo‘lgandi. Xasti Imom masjidi qurib bitkazilgandan so‘ng O‘zbekistonning barcha hududlaridan uni ziyorat qilishga odamlar kela boshladi. Ko‘pchilik masjid ziyoratiga juma kuni kelar, juma namozida namozxonlar masjid hovlisiga sig‘may ketardi.
O‘sha paytda ishim Toshkentda edi va oldimga turli yumushlar bilan poytaxtga borgan hamqishloqlar borib turishardi.
Ana shunday juma kunlaridan birida ishxonamga qishlog‘imizdan bir guruh otaxonlar kelishdi. Ular poytaxtga sayohat qilib kelganlarini va Xasti Imomni ziyorat qilish ham rejada borligini aytib, mendan yangi masjidga olib borishimni so‘rashdi.
Masjidga borganimizda hali juma namozigacha vaqt bor edi. Ular Xasti Imomni obdan tomosha qilishdi. Juma namozidan so‘ng tashqariga chiqar ekanmiz, masjid darvozasi tomonda mungli bir ovoz nola qilardi:
– Otam bizni tashlab Rossiyaga ketib qolgan. Onam besh nafar farzand bilan yolg‘iz qolgan. Men ko‘zi ojiz nogironman. Ukam kasal, uni davolatishga esa pulimiz yo‘q. Sizlardan iltimos, ukamni davolatishga yordam beringlar. Bizdan qaytmasa, Xudodan qaytsin...
Yigitning ovozi har qanday insonning rahmini keltiradigan darajada ta’sirli edi. Odamlarga ergashib masjid darvozasiga yaqinlashar ekanman, yaqinroq borib qarasam yigit yigirma yosh atrofida bo‘lib, ko‘ziga nogironlarning maxsus qora ko‘zoynagidan taqib olgandi. Yigitning ko‘zi ojiz ekan. Bechoraga rahmim keldi.
Masjiddan chiqayotgan odamlarning aksariyati yigitning qo‘lidagi yelim paketga pul tiqardi. Men ham cho‘ntagimdan pul chiqarib paketga tashlay desam u to‘lib-toshib ketibdi. Pulni yigitning cho‘ntagiga tiqib o‘tib ketdim.
Tashqarida hamqishloq otaxonlarning masjiddan chiqishini birpas kutib qoldim. Ko‘zim mungli ovozda nola qilayotgan ko‘zi ojiz yigitda edi. Bechora, shunday insonlarga qiyin. Ishlay desa ko‘zi ojiz, oladigan nafaqasi haminqadar.
Bir payt qarasam uning qo‘lidagi yelim paket almashib qolibdi. Endi u boshqa bo‘sh paketni ushlab turardi. Xayolimdan «bechoraning o‘zi yura olmaydi, uni yetaklab kelgan hamrohi bor ekan» degan o‘y o‘tdi.
Hamqishloq otaxonlar ham chiqishda uning nolalaridan ko‘ngillari yumshab, cho‘ntak kavlay boshlashdi. Qarab turibman, ularning har biri yigitning qo‘lidagi paketga salmoqli miqdorda pul tiqishdi.
Masjiddan chiqqanimizdan so‘ng ovqatlanishga bordik. Yo‘lda ham, oshxonada o‘tirganimizda ham mavzu shu ko‘zi ojiz yigit bo‘ldi. Otaxonlar yigitga achinib, uning oilasini tashlab ketgan otasini la’natlab o‘tirishdi.
Keyingi hafta jumani Bodomzor masjidida o‘qidim. Namoz tugagandan so‘ng masjid darvozasiga qarab yurar ekanman, bir hafta oldin eshitganim o‘sha nolali ovoz yangrardi:
– Otam bizni tashlab Rossiyaga ketib qolgan. Onam besh nafar farzand bilan yolg‘iz qolgan. Men ko‘zi ojiz nogironman. Ukam kasal, uni davolatishga esa pulimiz yo‘q. Sizlardan iltimos, ukamni davolatishga yordam beringlar. Bizdan qaytmasa, Xudodan qaytsin...
Shu onda yigitning ko‘zi ojizligiga ham, uning gapirayotgan gaplariga ham negadir menda shubha tug‘ildi. Chamamda, bir hafta oldin Xasti Imom masjidida tushgan pul yigitning muammolarini hal qilishi aniq edi. U esa bugun yana tilanib turibdi. Ikkinchi tarafdan, balki ukasi davolanishi uchun juda katta pul kerakdir degan o‘yga ham boryapman.
Masjid darvozasidan chiqar ekanman, manzara bir hafta oldin qanday bo‘lsa, o‘shanday edi. Barcha yigitga pul berishga shoshilar, uning qo‘lidagi paket to‘lib qolayozgan edi. Uning mungli ovozini eshitib u haqda yomon gumonga borganimga afsuslana boshladim – yo‘g‘-ye, inson bu darajada yolg‘on gapirib, rol o‘ynay olmaydi.
O‘sha kuni masjidda yigit haqida noto‘g‘ri xayolga borganim uchun o‘zimni ayblab, Bodomzordan yomon kayfiyatda chiqib ketdim.
Oradan bir necha kun o‘tib zarur ish yuzasidan birov bilan uchrashishim kerak bo‘lib qoldi. Falon joyga keling dedi. Aytilgan manzilga borib ichkariga kirsam bilyardxona ekan.
Uchrashishim kerak bo‘lgan odamni qidirib atrofga alanglar ekanman, kimdir tanish bir ovozda baqirib gapirardi. Harchand urinsam ham avvaliga bu ovozni qayerda eshitganimni eslay olmadim.
Shundan so‘ng ovoz kelgan tomonga qaradim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, baland ovozda baqirayotgan yigit o‘sha kuni masjidda ko‘rganim «ko‘zi ojiz» edi. Uning bir qo‘lida pivo shishasi, ikkinchi qo‘lida soqqa uradigan kaltak, bilyard o‘ynar edi... “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi