21:19 / 16.08.2022
1 350

Gulnora Karimovaning jinoiy aktivlarini Shveysariyadan qaytarish bo‘yicha yakuniy bitim imzolandi

Gulnora Karimovaning jinoiy aktivlarini Shveysariyadan qaytarish bo‘yicha yakuniy bitim imzolandi
Foto: Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
O‘zbekiston birinchi prezidentining qizi va uning jinoiy sheriklari noqonuniy ravishda orttirib, Shveysariyada legallashtirgan 131 mln dollar O‘zbekiston xalqiga qaytariladi. Bu pullar ijtimoiy sohaga yo‘naltirilishini Shveysariya tomoni va BMTning trast fondi nazorat qiladi.

Bugun, 16 avgust kuni Shveysariyaning Bern shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Shveysariya Konfederatsiyasi o‘rtasida “O‘zbekiston Respublikasi va Shveysariya Konfederatsiyasi o‘rtasidagi Shveysariya Konfederatsiyasi hududida konfiskatsiya qilingan noqonuniy orttirilgan aktivlarni O‘zbekiston Respublikasi aholisining manfaatlarida qaytarish yo‘llari to‘g‘risida”gi bitim imzolandi.

Bitimni O‘zbekiston nomidan adliya vaziri Ruslanbek Davletov va Shveysariya nomidan mamlakat prezidenti Inyatsio Kassis imzoladi.

Bitimni imzolash marosimida BMTning Ko‘p-sheriklik trast jamg‘armasi ofisi ijrochi koordinatori J.Topping ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston Adliya vazirligining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar bermoqda.

Bitimning imzolanishi ilgari Gulnora Karimova boshchiligidagi uyushgan jinoiy guruh tomonidan noqonuniy ravishda orttirilgan va Shveysariyada legallashtirilgan 131 mln AQSH dollarining Shveysariya tomonidan O‘zbekiston xalqiga darhol qaytarilishini anglatadi”, – deyiladi xabarda.

Bu boradagi muzokaralar 2 yil davom etdi.

Bitim noqonuniy orrtirilgan taqriban 131 mln AQSH dollariga (taqriban 1,4 trln so‘m) teng aktivlarni O‘zbekistonga qaytarishni, noqonuniy orttirilgan aktivlarni qaytarishning asosiy prinsiplari, mexanizm va maqsadlarini belgilaydi”, – deya aniqlik kiritgan Adliya vazirligi.

Foto: Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Bitimga muvofiq, noqonuniy orttirilgan aktivlarni qaytarishning quyidagi asosiy prinsiplari belgilanmoqda:
  • ochiqlik va oshkoralik, restitutsiya to‘g‘risidagi axborotni jamoatchilikka ochiq e’lon qilish;
  • ushbu jarayonda fuqarolik jamiyatining ishtiroki;
  • qaytarilgan mablag‘larni pirovardida ijtimoiy sohaga, xususan, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalariga yo‘naltirilishi;
  • O‘zbekiston va Shveysariya o‘rtasida restitutsiya masalalari bo‘yicha doimiy, samarali va o‘zaro hurmatga asoslangan muloqotning davom ettirilishi.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston, Shveysariya va BMT ishtirokidagi uch tomonlama restitutsiya mexanizmiga alohida e’tibor beriladi.

Restitutsiya BMTning Ko‘p-sheriklik trast jamg‘armalari tizimiga kiruvchi “Uzbekistan Vision 2030” ko‘p-sheriklik trast jamg‘armasi orqali amalga oshiriladi.

Jamg‘arma tegishli funksiya va vakolatlarga ega bo‘lgan quyidagi ma’muriy-tashkiliy tuzilmaga ega:
  • Yuqori darajadagi strategik qo‘mita (O‘zbekiston va Shveysariyadan bir nafardan yuqori martabali vakil) – jamg‘arma faoliyati bo‘yicha strategik qarorlar qabul qiladi.
  • Boshqaruv qo‘mitasi (O‘zbekiston, Shveysariya va BMTdan bir nafardan vakil) – jamg‘armaning operatsion faoliyati, shu jumladan loyihalarni ko‘rib chiqish va tasdiqlash bo‘yicha to‘liq konsensus asosida qarorlar qabul qiladi.

Bundan tashqari, tashkiliy tuzilma tarkibiga jamg‘arma faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiruvchi va o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida va ish haqisiz amalga oshiradigan O‘zbekiston va Shveysariya fuqarolik jamiyati vakillaridan hamda xalqaro nohukumat tashkilotlaridan iborat Fuqarolik jamiyati maslahat kengashi ham kiradi.

Foto: Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Boshqaruv qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan loyihalar BMTning O‘zbekistondagi tegishli idoralari tomonidan O‘zbekiston tomoni bilan birgalikda amalga oshiriladi.

Amalga oshirilgan va amalga oshirilayotgan loyihalar haqidagi barcha ma’lumotlar ochiq e’lon qilinadi va keng jamoatchilikka taqdim etiladi, deyiladi rasmiy axborotda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Gulnora Karimovaning jinoiy aktivlarini Shveysariyadan qaytarish bo‘yicha yakuniy bitim imzolandi