
Foto: Zamin fondi
“Zamin” fondi tomonidan BMTning Atrof-muhitni muhofaza qilish dasturi (UNEP), O‘zbekiston Gidrometeorologiya xizmati markazi va Davlat ekologiya qo‘mitasi ko‘magida “Toza havoning inson hayoti sifati uchun ahamiyati” mavzusida muhokama o‘tkazildi.
“Zamin” fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva o‘z kirish so‘zida shunday dedi:
— Sayyoramiz kelajagi – hammamizniki, demak, atrof-muhit holatiga har birimiz javobgarmiz, o‘zimizdan boshlab xususiy sektorgacha, jamoat tashkilotlaridan hukumatlargacha – hammamiz birgalikda ish olib borishimiz shart.
Bu borada amallarning katta-kichigi yo‘q, atrof-muhit uchun barcha harakatlar: o‘simliklarga zarar yetkazmaslik yoki kichik daraxt ekish ham, katta korxonalarda chiqindilarni kamaytirish ham o‘ta ahamiyatli.
“Zamin” fondi va O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi tomonidan “Atmosfera havosi ifloslanishi monitoringini avtomatlashtirish” loyihasini amalga oshirish doirasida erishilgan natijalar taqdimot qilindi. Ularning eng asosiylari:
- “O‘zgidromet”ning havo ifloslanishini kuzatish maskanlari (jami 63 ta) va 17 ta hududiy laboratoriyasi yagona tahlil markaziga birlashtirildi.
- Ma’lumotlarni to‘plash va e’lon qilish uchun barchaga ochiq bo‘lgan AirUz platformasi (monitoring.meteo.uz veb-sayti va AirUz mobil ilovasi) yaratildi.
- Toshkentda yetakchi Horiba kompaniyasining 2 ta atmosfera havosi ifloslanishini monitoring qilish avtomatik stansiyasi o‘rnatildi. Stansiyalarning barcha ma’lumotlari IQAir xalqaro platformasiga integratsiya qilindi.
- Havo ifloslanishini monitoring qilishning beshta xalqaro standarti uyg‘unlashtirildi va joriy qilindi.
- “O‘zgidromet”ning 50 nafardan ziyod xodimi havo monitoringi bo‘yicha zamonaviy axborot tizimlaridan foydalanish va avtomatik stansiyalarni ekspluatatsiya qilishga o‘qitildi.
Yaqin istiqbolda Nukus, Urganch, Samarqand, Jizzax va Gulistonda bittadan havo sifatini monitoring qilish avtomatik stansiyasini o‘rnatish rejalashtirilgan, ularning ma’lumotlari ham IQAir bilan integratsiya qilinadi.
Xorijiy mutaxassislar ishtirokida mintaqamizning tabiiy-iqlim xususiyatlarini hisobga olgan holda RM2,5 va PM10 havoni ifloslantiruvchi moddalarning konsentratsiyasiga doir milliy me’yorlar ishlab chiqilmoqda.
Tadbirda ta’kidlanganidek, butun mamlakat bo‘ylab havo monitoringining to‘laqonli avtomatlashtirilgan tizimining shakllantirilishi ifloslantiruvchi moddalarni qayd etish, ularning anomal konsentratsiyalarini aniqlash, shuningdek, tezkor bartaraf etish uchun ifloslantirish manbalarini topish imkonini beradi.
Davra suhbati ishtirokchilari havo sifati bo‘yicha me’yorlarni qo‘llash borasidagi xalqaro tajriba bilan tanishdilar hamda monitoring yakunida havoni nazorat qilish chora-tadbirlarini eng namunali xalqaro amaliyotga muvofiq holda birgalikda takomillashtirishga kelishib oldilar.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar