957
Shavkat Mirziyoyev: «SHHT doirasida shakllangan ijobiy tajribadan Afg‘onistonni rivojlantirishda ham foydalanish o‘ta muhim»

Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida shakllangan ijobiy va muvaffaqiyatli tajribadan Afg‘onistonni rivojlantirish masalasida ham foydalanish o‘ta muhim va dolzarbdir. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev SHHT Samarqand sammitiga bag‘ishlangan maqolasida ta’kidlab o‘tdi.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, tashkilotga raislik O‘zbekistonga SHHTga a’zo barcha davlatlar bilan ko‘p tomonlama kooperatsiyani yanada mustahkamlash barobarida har bir davlat bilan ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish hamda yanada keng qamrovli sheriklik uchun yangi yo‘nalishlarni belgilab olish uchun yaxshi imkoniyatlar berdi. Bugun SHHT doirasida shakllangan mana shunday ijobiy va muvaffaqiyatli tajribadan Afg‘onistonni rivojlantirish masalasida ham foydalanish o‘ta muhim va dolzarbdir.
«Shak-shubhasiz, Afg‘oniston SHHT makonining ajralmas qismi sanaladi. Bugun afg‘on xalqi qo‘shni va xayrixoh davlatlar ko‘magiga har qachongidan ham muhtoj. Afg‘onistonga birgalikda yordam qo‘lini cho‘zishimiz, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga, mintaqaviy va global taraqqiyot jarayonlariga integratsiyalashuviga ko‘maklashishimiz va shu orqali ushbu davlatning ko‘p yillik inqirozdan chiqishi uchun qulay sharoit yaratib berish bizning ma’naviy burchimizdir», — degan Shavkat Mirziyoyev.
Uning aytishicha, asrlar davomida global miqyosdagi davlatlar va mintaqaviy kuch markazlari o‘rtasidagi qarama-qarshiliklarda bufer rolini o‘tab kelgan Afg‘oniston endilikda Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi ko‘prik vazifasini bajarishdek yangi tinchlik missiyasida o‘zini namoyon etmog‘i lozim.
«Bunday o‘zaro manfaatli mintaqalararo hamkorlikning namunaviy ramzi sifatida Transafg‘on koridorining qurilishi loyihasini aytish mumkin. Shuni ham anglash muhimki, ‘Termiz—Mozori Sharif —Kobul—Peshovar’ temir yo‘li kabi qo‘shma infratuzilma loyihalarini birgalikda amalga oshirish orqali, biz ijtimoiy-iqtisodiy va transport-kommunikatsiya vazifalarini hal etibgina qolmasdan, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashga ham salmoqli hissa qo‘shishimiz mumkin.
O‘zaro pozitsiyalarimizni yaqinlashtirib, tinch, barqaror va farovon Afg‘oniston uchun SHHTning yangi kun tartibini birgalikda ishlab chiqa olishimizga aminman. Shundagina tom ma’noda barqaror va izchil rivojlanayotgan, yaxlit xavfsizlikka ega bo‘lgan SHHT makonini barpo eta olamiz», — degan prezident.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar