15:15 / 19.09.2022
1 501

O‘zbekistonda paxta terimi otryadlariga 2 millionga yaqin terimchi biriktirildi

O‘zbekistonda paxta terimi otryadlariga 2 millionga yaqin terimchi biriktirildi
Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabariga ko‘ra, 2022 yilgi mavsum uchun O‘zbekiston viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha 21 379 ta terim otryadlari shakllantirilib, ularga 1 959 702 nafar terimchilar biriktirilgan.

Otryadlardagi terimchilar 605 136 nafari paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari ishchilari bo‘lsa, 1 269 676 nafari mahalliy aholi va mavsumiy ishchilar, 64 972 nafari esa boshqa hududlardan jalb qilingan terimchilar hisoblanadi.

Bundan tashqari, terim otryadlariga 11,4 ming dona terimchilarni tashish vositalari (avtoulovlar), 17,7 ming dona transport traktorlari, 30,7 ming dona tirkamalar biriktirilgan hamda talab etiladigan inventarlar (etak, tarozi, qozon – o‘choq, samovar, suv saqlash baklari, tirkamalar uchun yopinchiqlar) zaxirasi yaratilgan.

Paxta yig‘im-terimini g‘o‘za pishish holatidan kelib chiqib, ya’ni paxtani kamida 70-75 foiz ochiltirib boshlash tavsiya etiladi. Joylardan olingan takliflarga asosan hududlarda paxta yig‘im-terimiga ommaviy kirishish 10 sentabrdan boshlangan va 10 oktabrgacha birinchi terim to‘liq yakunlanib, ikkinchi terimga o‘tiladi.

Terim otryadi paxta hosilini yig‘ib-terib olish maqsadida ko‘ngilli terimchilar tomonidan tashkil etilgan birlashgan jamoa hisoblanadi. Terimchilar esa paxta hosilini qo‘l terimi asosida yig‘ib-terishda bevosita ixtiyoriy asosda qatnashuvchi shaxslar, xususan:
  • fermer xo‘jaliklari, paxta-to‘qimachilik klasterlari, ya’ni paxta yetishtiruvchi xo‘jaliklar xodimlari;
  • ko‘ngilli, 18 yoshdan katta, muayyan mehnat bilan band bo‘lmagan ishga layoqatli vaqtincha ishsiz, ayrim hollarda mehnat resurslari yetmagan hududga boshqa hududlardan kelib haq evaziga terimda ishtirok etish istagini bildirgan jismoniy shaxslardir.

Bir nafar terimchiga mavsumda o‘rtacha 1,5 tonna paxta terish hisob-kitob qilinib, paxta yig‘im-terimiga jalb etiladi. Terim otryadlari rahbarlariga esa paxta yig‘im-terimi yakuniga qadar oylik maosh sifatida mehnat haqi berib boriladi. Paxta yig‘im-terimida ishtirok etadigan terimchilar tergan paxtasi uchun terim pullari har besh kunda zarurat bo‘lganda to‘lab beriladi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat