20:48 / 13.10.2022
1 509

Shavkat Mirziyoyev Ostonadagi forumda nimalar dedi?

Shavkat Mirziyoyev Ostonadagi forumda nimalar dedi?
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ostona shahrida o‘tayotgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning oltinchi sammitida nutq so‘zladi.

Shavkat Mirziyoyev o‘tgan davr davomida ushbu tuzilma xavfsizlikni ta’minlash, Osiyoda o‘zaro ishonch va barqaror taraqqiyotni mustahkamlash masalalari bo‘yicha keng va ochiq muloqot uchun muhim maydon sifatida o‘zining g‘oyatda zarur ekanligini ko‘rsatganini ta’kidladi. Shuningdek, O‘zbekiston forumni transformatsiya qilish masalasi bo‘yicha qo‘shma faoliyatda ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.

«Bugun biz xalqaro munosabatlarda noaniqlik tobora o‘sib, muloqot va ishonchning misli ko‘rilmagan darajada taqchil bo‘lib borayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Bularning barchasi ko‘p tomonlama hamkorlik asoslariga putur yetkazmoqda, mojarolarning avj olishiga sabab bo‘lib, global iqtisodiyotda tizimli uzilishlarga olib kelmoqda. Yuzaga kelgan yangi geosiyosiy voqelik butun Osiyo qit’asi barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Inqirozli holatlar Markaziy Osiyo davlatlariga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri daxl qilib, iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish bo‘yicha bizning sa’y-harakatlarimizni sekinlashtirmoqda
», dedi prezident.

O‘z nutqida prezident Afg‘onistondagi vaziyatni e’tibordan chetda qoldirmaslik kerakligini ta’kidladi: «Afg‘onistondagi vaziyat alohida e’tiborni talab qilmoqda. Afsuski, boshqa o‘tkir xalqaro muammolar qalqib chiqishi natijasida Afg‘oniston masalasi ikkinchi darajaga tushib qolmoqda. O‘ttiz yil muqaddam ushbu davlat amalda xalqaro terrorchilik makoniga aylanib qolgani bilan bog‘liq achchiq tajriba qayta takrorlanishiga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

Afg‘oniston muvaqqat hukumati bilan o‘zaro hamkorlik bo‘yicha umumiy va muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni ishlab chiqishimiz zarur. Afg‘on muammosi yuzasidan keng konsensusga erishish va global darajada amaliy chora-tadbirlarni qabul qilish maqsadida Afg‘oniston hukumati bilan tomonlar majburiyatlarini bosqichma-bosqich bajarish algoritmini tayyorlash va kelishish lozim.

Buning uchun yuqori darajadagi xalqaro muzokara olib boruvchi guruhni shakllantirish haqidagi tashabbus ifoda etilgan Osiyo mamlakatlarining BMT Bosh assambleyasiga qo‘shma murojaati imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni taklif etamiz
», dedi O‘zbekiston prezidenti.

Shavkat Mirziyoyev mamlakatlar radikal g‘oyalarning keng xurujiga yanada ko‘proq to‘qnash kelayotganiga ham e’tibor qaratdi: «Buzg‘unchi kuchlar targ‘ibot va mafkuraviy ta’sirning yangi uslublaridan foydalangan holda ekstremistik tashkilotlarga yoshlarni faol jalb etmoqda. Shu munosabat bilan yosh avlodni radikalizmdan asrash, ularning kuch-g‘ayrat va shijoatini bunyodkorlik sari yo‘naltirish uchun tizimli hamkorlikni o‘rnatishimiz kerak.

O‘g‘il-qizlarimiz o‘z kuchiga ishonishi, adolatli kelajakni qaror toptirishda o‘z ishtirokini his etishi, o‘z salohiyat va umidlarini amalda ro‘yobga chiqarish imkoniyatlariga ega bo‘lishi lozim. Majlisimizning Yoshlar kengashi hamraisi sifatida turli yoshdagi insonlar o‘rtasida bir-birini yaxshiroq tushunishga da’vat etadigan, farzandlarimizning eng dolzarb muammolariga birgalikda yechim izlashga ko‘maklashuvchi yangi formatni – Avlodlar muloqotini yo‘lga qo‘yishni taklif etamiz. Yosh yetakchilar forumi doirasida bunday ilk uchrashuvni 2023 yil aprel oyida Samarqandda o‘tkazishga tayyormiz
», dedi prezident.

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida iqtisodiyotlarimizni global inqirozning o‘sib borayotgan salbiy oqibatlariga moslashtirish zarurligini ko‘rsatib o‘tdi.

Bu o‘rinda:
– proteksionizmning kuchayishiga, global bozorlarni beqaror qiladigan omillarni, jumladan yangi cheklovlarning joriy etilishiga yo‘l qo‘ymaslik;
– Osiyo qit’asida o‘zaro bog‘liqlikni, birinchi galda, ishlab chiqarish-logistika zanjirini, Markaziy Osiyoni Janubiy va Sharqiy Osiyo, shuningdek, Yaqin Sharq bilan samarali bog‘lovchi transport yo‘laklarini yaratish hisobiga kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi.

«Jahon sanoat inqilobining yangi bosqichiga o‘tishning asosi bo‘lgan bilimlar iqtisodiyotini ilgari surish barqaror taraqqiyotga tahdidlarning oldini olishga xizmat qiladi. Innovatsiyalar transferi salohiyatini yanada to‘liqroq ishga solish, raqamlashtirishni faol rag‘batlantirish, yuqori texnologiyalar, sun’iy intellekt, internet tizimlarini rivojlantirish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz. Bu yo‘nalishlarda Osiyo mamlakatlari global yetakchilikka birgalikda erishish uchun barcha imkoniyatlarga egadir», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident o‘z nutqida oziq-ovqat xavfsizligi masalasiga ham alohida to‘xtaldi: «Butunjahon oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti hisob-kitoblariga ko‘ra, ochlikdan aziyat chekayotgan sayyoramiz aholisining yarmidan ko‘pi Osiyo qit’asida yashamoqda. Paradoks shundan iboratki, bir vaqtning o‘zida aynan bizning mamlakatlarimiz jahonning yetakchi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi davlatlari hisoblanadi», dedi prezident va bu borada yangi yondashuvlar:
  • oziq-ovqat ishlab chiqarishning barqaror tizimlarini va uni yetkazib berishning optimal zanjirini shakllantirish;
  • ichki mintaqaviy savdo o‘sishi uchun texnik reglamentlarni uyg‘unlashtirish;
  • Osiyoda oziq-ovqat xavfsizligini monitoring qilish yaxlit tizimini yaratishni taklif qildi.

Ushbu barcha masalalarni FAO shafeligida kelgusi yili O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan xalqaro konferensiyada muhokama qilish taklif etildi.

Shavkat Mirziyoyev ekologiya va iqlim o‘zgarishi muammolarini hal qilish uchun sa’y-harakatlarni birlashtirishni hamda mamlakatlarni jadal ko‘klamzorlashtirish va ekotizimlar bog‘liqligini qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha «Yashil Osiyo» konseptual dasturlari doirasida doimiy ekspert maslahatlashuvlarini yo‘lga qo‘yishni taklif qildi.

Prezident so‘zining yakunida zamonaviy tahdidlarni faqat muloqot, bir-birining manfaatlarini hisobga olish, umume’tirof etilgan xalqaro huquq me’yorlariga amal qilish orqali samarali yengib o‘tish mumkinligiga ishonch bildirdi.

«Aynan shuning uchun ham biz ilgari surgan umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lida hamjihatlik borasidagi Samarqand tashabbusining asosiy maqsadi insoniyat kelajagi uchun befarq bo‘lmagan, tinchlik, totuvlik va birgalikda gullab-yashnash uchun intilayotgan barcha sog‘lom kuchlarni amaliy muloqotga jalb etishga qaratilgandir.

Biz Qozog‘istonning Kengashga 2024 yilga qadar raislikni davom ettirish niyatini qo‘llab-quvvatlaymiz va qozog‘istonlik do‘stlarimizga omad tilaymiz. Ishonchim komil, sheriklik va ishonchni mustahkamlagan holda umumiy intilishlarimiz bilan biz ezgu maqsadlarga – mamlakatlarimiz tinchligi, barqarorligi va ravnaqini ta’minlashga erishamiz
», deb so‘zini yakunladi Shavkat Mirziyoyev.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat