
Elektr va gaz bizda 30 yildan beri yechilmas muammo. Lekin nega shunday qiyinchilik va muammoda ekanimizni bilmayman. Qancha gaz yoki elektr keragu, hukumat nega bular bilan ta’minlay olmayotganini tushunmayman. Kichik va nochor bir ro‘zg‘orda ham muammolar asta-sekin yechiladi. Lekin katta va energiya resurslariga boy mamlakatda bir necha o‘n yillardan beri bu masala nega hal etib bo‘lmayotganini anglamayman.
Sovuq xonada tong ottirish nima ekanini esa bilaman. Tana holsizlanib, sovuydigan, shu sababli tashqaridan issiqlikka muhtoj bo‘lgan qari va xastalarning hollarini yaxshi tushunaman. Qorong‘uda dars tayyorlay olmayotgan avlodning kelajagini, metangaz zapravkalarida vaqtlari uvol bo‘layotgan aholining dardlarini yaxshi his qilaman. Bularni shuning uchun yozyapman.
Demakki, muammo bor, yechim yo‘q ekan (hukumatda), kelinglar masalani ommaga oshkor qilaylik. "Aholimizga qancha gaz va qancha elektr kerak, shundan qanchasini hukumat yetkaza oladi va qolganini qay yo‘l bilan hosil qilish mumkin". Shu kabi savollarga javoblarni hamma bilsin va hamma bosh qotirsin. Chunki non kabi zarur bu ehtiyojlarni xalq har yili umid bilan kutadi. Yolg‘on va’dalarga ishonadi va katta qismi sovuq va zulmatdan qiynalib qish o‘tkazsa, oz bir qismi is gazidan zaharlanadi va bir necha o‘nlabi o‘lib ketadi. Qishda mashinasini hayday olmaydi, qorong‘u va sovuqda bolalari dars tayyorlay olmaydi. Kasal, zaif va qarilari sovuq va qorong‘ulikdan tuni bilan ingrab chiqadi.
Muammo hammaniki ekan, hamma bosh qotirsin. Ularning yechilmas ekanini bilsa, anglasa sabr qilsin va va’dalarga suyanmasin. Ko‘mirini, tezagini g‘amlasin, yoqib-bitirilgan daraxtzorlarning o‘rnini to‘ldirsin, keyingi o‘n yilliklardagi qishlarga tayyorlansin. Har kuzda dardini doston qilavermasin.
Yevropa qit’asi urush girdobida. Mamlakatlarning asosiy g‘ami va bosh og‘rig‘i - aholini issiq va yorug‘likda qishdan olib chiqish bo‘lib qolgan. Rossiya gazidan uzilgan iqtisodlar olti oy o‘tmay energiyaning yangi manbalarini izladi, ulandi, keltirdi va masalani hal qildi. Aholisining energiya ta’minotini yechdi. Hatto urushning markazi - Ukraina uchun ham bosqinchilarga qarshi janglardan keyingi o‘rinda aholini gaz va elektr bilan ta’minlash asosiy masala bo‘lib turibdi. Rus qo‘shini elektr manbalariga raketa zarbasi berganda, yakson bo‘lgan elektrliniyalarni tezkor yangilash yoki ta’mirlashga harakat qilyapti. Qo‘shni davlatlar bu borada hamkorlik qilyapti.
To‘g‘ri, bizda ham quyosh va shamol energiyasini hosil qiluvchi ulkan loyihalar amalga oshirilmoqda. Yangi gaz konlari ochilayotgani haqida tez-tez o‘qib turibmiz. Lekin har kuz muammo o‘sha-o‘shaku. Nega bunday bo‘lmoqda? Nega oz bo‘lsa-da holat yaxshilanmayapti? O‘zi energiya muammosi qachon batamom hal bo‘ladi?
Qishda uyi issiq va yorug‘ bo‘lishi hammaning ehtiyoji va haqqi. Bu haqni ommatan bera olinmasa va hal qila olinmasa, juda bo‘lmaganda muammo nimada ekanini aytib, hisob-kitobni ma’lum qilish lozim. Xalqning o‘zi bilan maslahatlashish kerak. Balki yaxshi yechim va takliflar bo‘lib qolar, balki haqiqat yuzaga chiqsa, qishga oldinroqdan o‘zi tayyorgarlik ko‘rar yoki hech qanday imkoni bo‘lmasa, sabr qilish uchun xalq sababga ega bo‘lar.
Lekin nima bo‘lganda ham muammodan ko‘z yummaslik kerak. Va’da va rejalar bilan allalamaslik kerak. Haqiqatning yuziga tik qarash kerak. Yechim bo‘lsa yechish, bo‘lmasa izlanish kerak. Ammo bulardan nolasi osmonga o‘rlayotganlar xabardor bo‘lishi kerak. Shoyad ularning qarg‘ishlari duoga, noroziliklari tushunishga va eng asosiysi muammolari yechimga aylansa!
Mubashshir Ahmad
Manba: Azon.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar