23:26 / 15.12.2022
1 680

Shohrux G‘iyosov: Mitinglar haqidagi qonun, Bobojonovning “yopiqligi” va Norboyevaning uyidagi o‘g‘rilik haqida

Shohrux G‘iyosov: Mitinglar haqidagi qonun, Bobojonovning “yopiqligi” va Norboyevaning uyidagi o‘g‘rilik haqida
IIVning navbatdagi matbuot anjumanida Kun.uz muxbiri miting va namoyishlarga doir qonun kechikayotgani, vazir Po‘lat Bobojonov jurnalistlar bilan uchrashmasligi, Senat raisi Tanzila Norboyevaning uyidagi o‘g‘rilikda gumonlangan ayolga qiynoq qo‘llangan bo‘lishi mumkinligi haqida so‘radi. Savollarga vazirning matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov javob berdi.

Taqdiri noma’lum qolayotgan “Miting, yig‘ilish va namoyishlar to‘g‘risida”gi qonun haqida

— 2019 yilda bu qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan edi. Keyin qonun to‘ldirish va qayta ishlash uchun yechib olindi. Hozirgi vaqtda bu hujjat qayta ko‘rib chiqilmoqda va tez kunlarda jamoatchilik muhokamasiga qaytadan taqdim qilinadi. Jamoatchilik taklif va e’tirozlari olingach, u parlamentga kiritiladi.

Yig‘ilishlar, mitinglar va ko‘cha yurishlarini o‘tkazish tartibi masalasiga to‘xtaldingiz. Umumiy qilib aytganda, bu qonun davlat va jamoat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan qonuniy normalarning yig‘indisini ifodalagan.

Po‘lat Bobojonov jamoatchilik va jurnalistlarning ko‘plab tanqidlariga qaramay, ularning savollariga javob bermayotgani haqida

— Vazir ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazish haqida biz axborot bergan edik. Vazirimiz jamoatchilikning taklif va e’tirozlarini inobatga olgan holda bu masalani ko‘rib chiqmoqda. Bu tadbir haqida biz bir hafta avval sizlarga ma’lum qilamiz.

Tanzila Norboyevaning xizmat uyidan pul o‘g‘irlaganlikda gumonlangan ayolning tergov izolatorida qiynoqqa solingan bo‘lishi mumkinligi haqida

— Shu yilning 18 noyabr kuni Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tuman bo‘limiga “Do‘rmon yo‘li” ko‘chasidagi xonadonda jinoyat sodir bo‘lgani haqida xabar kelib tushgan. Bu haqda surishtiruv tadbirlari o‘tkazilib, 25 noyabr kuni Mirzo Ulug‘bek tuman tergov bo‘limi tomonidan JKning 169-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bunda ekspertiza xulosasi va guvohlar ko‘rsatmalariga asosan 2 nafar gumonlanuvchi shaxslar 2 dekabr kuni protsessual tartibda, ya’ni sudning ajrimiga asosan 10 kun muddatga ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan. Ehtiyot chorasi muddati tugashi bilan – 12 dekabr kuni gumonlanuvchilarga ayblov e’lon qilish uchun yetarli dalillar bo‘lmagani uchun ular ozod etildi.

Hozirgi vaqtda jinoyat sodir etgan shaxslarni aniqlash maqsadida tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Bu jarayonda gumonlanuvchiga qiynoq qo‘llangani haqida xabar kelib tushgan. Bilamiz, hech kim qiynoqqa solinishi yoki qadr-qimmatini kamsituvchi tazyiqqa duchor qilinishi mumkin emas. Bu masala vazirlikning qat’iy nazoratida turibdi.

Aytilgan holat bo‘yicha gumonlanuvchilardan birining tergov jarayonida protsessual huquqlari buzilgani va qadr-qimmati kamsitilgani bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Ichki ishlar vazirligining shaxsiy xavfsizlik xizmati tomonidan xizmat tekshiruvi tayinlangan. Agar holat o‘z tasdig‘ini topadigan bo‘lsa, aybdor xodimlarga nisbatan murosasiz va qattiq jazo choralari ko‘riladi va bu jamoatchilikka e’lon qilinadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shohrux G‘iyosov: Mitinglar haqidagi qonun, Bobojonovning “yopiqligi” va Norboyevaning uyidagi o‘g‘rilik haqida