
Prezident Mirziyoyevning Oliy Majlisga va Xalqqa murojaatnomasini zalda o‘tirib tingladim. Ovozidan Prezident Mirziyoyev yengil shamollagani bilinib turgan edi. Shunday bo‘lsada Prezident o‘z nutqini roppa-rosa 11:00da boshladi va ikki soatu 25 minut tik turib gapirdi.
Bugungi nutqda oltita katta blok – O‘zbekiston taraqqiyotining olti yo‘nalishi haqida gap bordi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha katta ahamiyatli takliflar, g‘oyalar, loyihalar bildirildi. Hozir men bu g‘oyalar va loyihalarga to‘xtalmoqchi emasman. Men Prezident nutqining mohiyati haqida o‘z qarashlarimni bildirmoqchiman.
Meni nazarimda, O‘zbekiston Prezidenti taklif qilingan g‘oyalar va loyihalar bilan ushbu fikrlarni aytayapti:
- ijtimoiy-siyosiy vaziyat qaltis, shuning uchun davlat apparatini qisqartiramiz va normarkazlashuvni boshlaymiz;
- sud-huquq isloxotlari orqali odamlarni noroziligiga sabab bo‘layotgan huquqiy muammolarga yechim izlaymiz;
- iqtisodiy islohotlarni kuchaytirmasak – keyingi yillarda ijtimoiy zo‘riqish uchun asos kuchayib ketishi mumkin;
- tanqidiy va kreativ fikrlaydigan yangi avlod o‘stirishimiz kerak; O‘zbekistonda milliy boylik yaratishning yagona yo‘li – inson kapitalini rivojlantirish, inson kapitali orqali milliy boylik yaratish yo‘lidir...
Boshqacha qilib aytganda, Prezident nutqida ikki muhim nuqta ko‘zga tashlanadi: jamiyatdagi strategik barqarorlikni yumshoq vositalar orqali parvarishlash, ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy-ma’muriy sektorlardagi islohotlar orqali rivojlanish yo‘lidan borish. Bu bilan O‘zbekiston dunyoda va mintaqada kechayotgan iqtisodiy, ijtimoiy va geosiyosiy zo‘riqishlarga tayyorlanmoqda.
Ma’lumki, kelasi yillari dunyo davlatlarida YAIM o‘sishi deyarli ikki-uch baravar pasayadi. Ijtimoiy bo‘hronlar ehtimoli kuchayadi. Mana shu fonda O‘zbekiston bir qo‘li bilan davlat legitimligi va ijtimoiy rozilikni oshiruvchi islohotlarni tezlashtirayapti, boshqa qo‘li bilan vaziyat ustidagi nazoratni yumshoq vositalar orqali ushlab turish haqida o‘ylayapti.
Kamoliddin Rabbimov, siyosatshunos.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar