
O‘zining iqlim sharoitidan kelib chiqib, Buxoro vohasi tuprog‘ining sho‘rligi va yerosti qatlamining zaxlanishi bilan boshqa o‘lkalardan farqlanib turadi. Shu bois, sho‘r tuproqda yashillanish darajasi nisbatan past va bor-yo‘g‘i, ikki-uch metr chuqurlikda ham zax suvlari sizib chiqishini kuzatish mumkin.
Aynan Buxoro vohasi tuprog‘idagi injiqlik sabab shahar hududlarida mavjud yerosti yo‘llari zax suvlariga to‘lib, namlanib, cho‘kishi oqibatida ular ko‘milib, faoliyati to‘xtatib qo‘yilgan.
Avtomobillarning keskin suratda ko‘payib borayotgani esa Buxoro vohasida ham odamlar xavfsizligini ta’minlash uchun yerostidan o‘tish yo‘llarini tiklash majburiyatini oshirdi.
Buxoro viloyatida sodir bo‘layotgan avtoavariyalarning oldini olish, odamlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida – xalqaro ahamiyatga ega yo‘llarning serqatnov qismlarida yerostidan o‘tish yo‘llarini barpo etish loyihasi amalda ish boshladi, deya ma’lum qilmoqda «Xabar.uz» muxbiri.
Ma’lum bo‘lishicha, M-37 «Samarqand-Buxoro-Turkmanboshi» xalqaro avtomobil yo‘lining 264-kilometridan yirik «Karvon» buyum bozoriga o‘tuvchi manzilda yerosti o‘tish yo‘li tiklash ishlari boshlangan. Xuddi shunday yerostidan o‘tish yo‘li Buxoro tumanidagi «Rabotak» manzilida ham barpo etilmoqda.

«Odamlarning salomatligi va qimmatli umri biz uchun muhim. Yo‘lning bir tomonida bozor, bir tomonida institut joylashgan. Qolaversa, ushbu manzil yo‘lning Buxoro shahriga kiraverish hamda xalqaro ahamiyatdagi qismi bo‘lganligi bois, avtomashinalar va piyodalar qatnovi juda yuqori ekanligi inobatga olinsa, yerosti piyodalar o‘tish yo‘lagining qurilishiga zarurat borligi ayonlashdi. O‘ylaymizki, bugungi kunda Buxoro tuprog‘idagi zaxlik va yuqori darajadagi namlik ta’siri yangi barpo etilayotgan yerostidan o‘tish yo‘laklariga ta’sir ko‘rsata olmaydi», - dedi qurilish jarayonlari kechayotgan manzilga kelgan viloyat rahbari Botir Zaripov.
Botir Zaripov yerosti yo‘li qurilishini olib borayotgan «Buxoro yo‘llardan muntazam foydalanish» unitar korxonasi bunyodkorlari mutasaddilariga qurilish jarayonlarida sifatga e’tibor qaratish lozimligini ta’kidlab, ularga qat’iy topshiriq va tavsiyalar berdi.

Bildirilishicha, mazkur piyodalar yerosti o‘tish yo‘lining uzunligi 32 metr, kengligi 4,5 metr bo‘lib, balandligi 2,5 metrdan iborat. Qurilishda 250 kub metr beton, 20 tonna armatura, 1000 metr kvadrat granit va boshqa qurilish materiallari ishlatilishi ko‘zda tutilgan.
Ma’lumot o‘rnida: Buxoroda mustaqillik davridan buyon iqlim sharoiti, zax va namlikning yuqoriligi bois, yerosti o‘tish yo‘llari tiklanmagan. Mavjudlari ham ko‘mib yuborilgan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar