20:15 / 19.05.2023
1 305

“Uyda o‘tirolmay taksichilik ham qildi” — Murod Rajabovning rafiqasi aktyorning tushkunlikka tushgani va armonlari haqida

“Uyda o‘tirolmay taksichilik ham qildi” — Murod Rajabovning rafiqasi aktyorning tushkunlikka tushgani va armonlari haqida

Marhum O‘zbekiston xalq artisti Murod Rajabovning turmush o‘rtog‘i Nafisa Rajabova YouTube’dagi “Mehmon TV” kanaliga intervyu berdi. Suhbat davomida u turmush o‘rtog‘ining so‘nggi kunlari, 2015-yildan keyin salomatligi yomonlashib ruhiy tushkunlikka tushib qolgani haqida so‘zlab berdi

Foto: Instagram / @murodrajabov_official

— Rahmatli turmush o‘rtog‘im bilan 53 yil birga yashadik. U inson aslida jiddiy rollarni ijro etadigan aktyor edi. “Temir xotin” filmi muvaffaqiyat qozonganidan keyin rejissorlar uni faqat komedik filmlarga taklif etadigan bo‘lishdi. Ko‘pchilik oilamizni badavlat deb bilardi. Chunki odamlarning ko‘ziga san’atkorlar juda boy-badavlat bo‘lib ko‘rinadi. Murod aka o‘rtahol oilada tug‘ilgan. Kinolarda tushib, xalqqa tanilgan paytida ham jamoat transportidan foydalanardi. Avtobusga chiqqanida odamlar tezda tanib qolishardi. Shundan keyingina mashina olishga qaror qilgan.

O‘shanda ham arendaga mashina olib, oyma-oy pulini bo‘lib to‘lab qutulganmiz. Ba’zi insonlarga o‘xshab, naqd pul bilan borib, mashina sotib olishga imkoniyatimiz bo‘lmagan. Davlat filmlarida shartnoma tuzib, gastrol safarlariga ketardilar. Ammo syomkalar tugab, uyga qaytgunlaricha gonorarning yarmi sarflanib bo‘lardi. Chunki mashhurlikning ham o‘ziga yarasha talablari bor. Kiyimlari va kundalik harajatlari uchun ham katta pul sarflanardi, — deydi Murod Rajabovning turmush o‘rtog‘i.

Aktyor hayotlik chog‘ida juda ko‘p davlat va xususiy filmlarda suratga tushgan. Faoliyati davomida ko‘plab mashhur rollarni ijro etgan bo‘lishiga qaramay, uning ham armoni bo‘lgan ekan.

— Turmush o‘rtog‘im “Gamlet” rolini ijro etishni orzu qilardi. Afsuski, unga bu baxt nasib etmadi. Ijodiy tajribasi ortganida esa yoshi ancha katta bo‘lib qolgandi. “O‘zim o‘ynamasam ham, shu spektaklni teatr sahnasiga qaytaraman”, deb jiddiy ahd qilgandi. O‘zbek milliy akademik drama teatrida spektaklni sahnalashtirmoqchi ham bo‘ldi. Ammo qandaydir sabablarga ko‘ra orzusiga yetolmadi, — deydi Nafisa Rajabova.

Nafisa Rajabova turmush o‘rtog‘i ruhiy tushkunlikka tushgani va oqibatsiz shogirdlari haqida ko‘ziga yosh olib gapirdi.

— 2015-yildan keyin turmush o‘rtog‘imning salomatligi jiddiy yomonlashdi. Har kuni syomka maydonchasida bo‘lgan inson birdan uyda o‘tirib qolsa, juda qiyin bo‘lar ekan. Dardini bildirmaslikka harakat qilardi. Ammo ich-ichidan qiynalayotganini sezib turardim. Uyda o‘tirolmay taksichilik qilgan kunlari ham bo‘ldi.

Ruhiy tushkunlikka tushgan insonga atrofdagilarning e’tibori va qo‘llab-quvvatlashi kerak bo‘larkan. Shogirdlari haqida gapirish men uchun juda og‘ir. Boisi ularning ko‘pchiligi qiyin vaziyatda ustozlarining oldiga kelisholmadi. Matyoqub Matchonovga ming rahmat. Mana shu inson ko‘p marta kelib, do‘stiga ruhiy madad berdi, — deydi Nafisa Rajabova.


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Uyda o‘tirolmay taksichilik ham qildi” — Murod Rajabovning rafiqasi aktyorning tushkunlikka tushgani va armonlari haqida