11:22 / 30.06.2023
344

Quturish odamdan odamga yuqadimi, alomatlari va davosi qanday?

Quturish odamdan odamga yuqadimi, alomatlari va davosi qanday?

Foto: Kun.uz

Bugun dunyo bo‘ylab yiliga 59ming kishi quturishdan vafot etadi.  Va buning aksari Afrika va Osiyo mamlakatlariga to‘g‘ri keladi. Zamonaviy tibbiyot bo‘lishiga qaramay, nega hamon quturishdan qurbonlar bor? Quturishning oldini olish mumkinmi, kasallik odamlarga qanday yuqadi, belgilari qanday va biror hayvon tishlaganda nima qilish kerak?

Bugun o‘zbekistonliklar orasida jonivor boqadiganlar ko‘paygan. Ayniqsa yoz kunlarida ko‘chada sayr qilib yurgan it yoki mushuklar ham talaygina. Va ular quturish kasalligining asosiy tarqatuvchisi hisoblanadi. Bu kasallikdan qanday himoyalanish va davosi haqida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi mutaxassisi Klara Rajabboyeva Kun.uz’ga intervyu berdi.

– Quturish bilan kasallanish bugungi kunda qanchalik ko‘p uchraydi?

– Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, har yili dunyoda 59ming odam quturishdan vafot etadi. O‘limlarning 95 foizi Afrika va Osiyo davlatlarida sodir bo‘ladi. Albatta, ularning orasida O‘zbekiston ham bor.  O‘zbekiston quturish kasalligi bo‘yicha tabiiy o‘choqli hudud hisoblanadi. Respublikada kasallik har yili, o‘z vaqtida antirabik yordam uchun tibbiyot muassasalariga murojaat qilmaslik oqibatida va sanoqli sonlarda qayd etiladi.

– Quturish qanaqa kasallik va qanday yo‘llar bilan yuqadi?

– Quturish (gidrofobiya) – issiqqonli hayvonlarda uchraydigan, neyrotrop virus qo‘zg‘atadigan, kasallangan hayvonning so‘lagi bilan muloqot natijasida (tishlashi, tirnashi, so‘laklashi va boshqa muloqotlar) yuqadigan, markaziy asab tizimining chuqur shikastlanishi bilan kechadigan va bugungi kunda o‘lim bilan yakun topadigan og‘ir zooantiroponoz, tabiiy o‘choqli o‘ta xavfli yuqumli kasallikdir.

Bu kasallik hatto kemiruvchilar va ko‘rshapalaklardan ham tarqalishi mumkin. Kasallik hayvonlardan hayvonlarga va hayvonlardan odamlarga yuqadi. Odamdan odamga va odamlardan hayvonlarga yuqmaydi.

– Quturish kasalligining belgilari qanaqa, rivojlanish bosqichlari qanday kechadi, bunday bemorda qanday alomatlar kuzatiladi?

– Quturish klinikasining kechishiga qarab, uch davrga bo‘linadi: boshlang‘ich, qo‘zg‘alish va falaj davrlari.

Kasallikning boshlang‘ich davri 1-3 kun davom etadi.

Alomatlari:

  • Tishlangan joy qichiydi, tortishib og‘riydi, bitgan jarohat va chandiq takroran yallig‘lanadi.
  • Bemor tushkunlikka tushadi, odamlar bilan muloqotdan qochadi, uyqusi buzilib, ishtahasi bo‘g‘iladi, unda qo‘rquv hissi paydo bo‘ladi, kayfiyati o‘zgarib turadi, atrofga loqayd bo‘ladi.
  • Tana harorati subfebril bo‘ladi, eshitish va ko‘rish qo‘zg‘atuvchilariga nisbatan sezgirlik oshadi.

Kasallik boshlangandan 2-3 kun o‘tgach, bemorda qo‘zg‘alish, ya’ni kasallikning avj olish davri boshlanadi.

Belgilari:

  • Bemorning tana harorati ko‘tariladi, qon tomirlarining urishi tezlashadi, suvni ko‘rganda, hattoki suv to‘g‘risida eshitganda yutish muskullari tortishib, qisqarib, qattiq og‘riydi, ya’ni bemorda gidrofobiya alomati paydo bo‘ladi.
  • Shundan keyin bemorda havodan qo‘rqish (aerofobiya) alomati qo‘shiladi. Havo harakati yoki bemorni biror-bir narsa bilan yelpiganda (sochiq, qog‘oz va h.), bemor bo‘g‘iladi, talvasaga tushadi. Xuruj yorug‘likdan (fotofobiya), baland ovoz va shovqindan ham (akustofobiya) vujudga keladi.
  • Bemorning harorati +38ºSgacha ko‘tariladi, ovozi bo‘g‘iladi, badani terlab, so‘lagi oqadi, hiqichoq tutadi, ko‘z qorachig‘i kengayadi, oyoq-qo‘llari og‘riydi. Ko‘zlari bir narsadan qo‘rqqandek ko‘rinadi. Tomirning tez-tez urishi davom etadi (taxikardiya), nafas olish yuzaki va tartibsiz bo‘ladi, vaqti-vaqti bilan bemor chuqur nafas oladi. Muskullari tortishib, talvasalanish nafas va yutish muskullaridan boshlanib, keyin barcha muskullarga tarqaladi.
  • Bemorning uyqusi buziladi, o‘z-o‘zini tishlaydi. Es-hushi kirdi-chiqdi bo‘lib qoladi, keyinchalik bemorning ko‘ziga yo‘q narsalar ko‘rinadi (gallyutsinatsiya), u alahsiraydi.

Bu davr 2-3 kundan 5-6 kungacha davom etishi mumkin. Qo‘zg‘alish davri odatda 2-3 kun davom etadi. Kasallikdagi yorqin gidrofobiya, aerofobiya, fotofobiya, akustofobiya alomatlari boshqa kasalliklarda uchramaydi va bu alomatlar muhim tashxisiy ahamiyatga ega.

Kasallikning uchinchi, ya’ni falaj davrida suvdan, havodan, shovqindan va yorug‘likdan qo‘rqish alomatlari ancha kamayib, bemor tinchlanadi, suyuqlik icha boshlaydi, ovqatlangisi keladi. Lekin tana harorati yuqori bo‘lib qolaveradi, so‘zlarni aniq va tiniq ayta olmaydi. Shundan keyin oyoqlar falaji boshlanadi (paraplegiya). Oradan 15-20 soat vaqt o‘tgach, tananing boshqa muskullari ham falaj bo‘la boshlaydi. Bemordan ko‘p so‘lak oqishi davom etadi, tana harorati yana ko‘tariladi.

Shu holatlar davom etib, bemor yurak-tomir faoliyati yetishmasligi yoki nafas markazining falaji oqibatida o‘ladi.

– Quturish kasalligining belgilari qancha muddatda namoyon bo‘lishni boshlaydi?

– Odamlarda quturish kasalligining yashirin davri 7 kundan 1 yilgacha cho‘zilishi mumkin. Aksariyat hollarda kasallikning o‘rtacha yashirin davri 10-14 kun bo‘ladi, ba’zi bir hollarda 30-90 kun davom etishi mumkin.  Bu davrning qisqa yoki uzoq davom etishi virusning xususiyatlariga, odamning kasalliklar bilan kurashish qobiliyatiga, tishlagan hayvonning turiga, jarohatning qayerda joylashganligiga, katta-kichikligiga va chuqur-yuzakiligiga bog‘liq bo‘ladi. Quturish kasalligi juda og‘ir kechib, kasallik 100 foiz o‘lim bilan tugaydi.

– Quturish qanday aniqlanadi va davolanish yo‘llari haqida ma’lumot bera olasizmi?

– Bugungi kungacha bu dahshatli kasallikning samarali davolash usullari ishlab chiqilmagan. Shu bois ham biz ko‘proq quturish kasalligidan saqlanish, uning oldini olish to‘g‘risida o‘ylashimiz kerak. Kasallikning oldini olishning oltin qoidasi bor: hayvon tishlashidan saqlanish, bordi-yu tishlanish sodir bo‘lsa, shu zahotiyoq tegishli tibbiyot muassasasiga murojaat qilib, quturishga qarshi emlash olish.

Quturish bu avvalo hayvonlar kasalligi va odamga kasallik faqat hayvonlardan yuqadi. Shu sababli quturish kasalligining birinchi navbatda hayvonlar o‘rtasida qayd etilishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak.

– Quturish yuqqani kech aniqlansa ham uni davolash mumkinmi, agar aksi bo‘lsa bemorni qanday taqdir kutadi?

– Quturish yuqqani erta yoki kech aniqlansa ham kasallik albatta o‘lim bilan tugaydi, ya’ni bu kasallikda o‘lim muqarrar, chunki bugungi kungacha bu dahshatli kasallikning samarali davolash usullari ishlab chiqilmagan, shunga qaramasdan bemorlarga shifokorlar tomonidan tinchlantiruvchi va boshqa simptomatik davo usullari qo‘llanadi.

– O‘zbekiston hududida quturish qaysi hayvonlarda uchraydi, quturgan hayvonlar qanday aniqlanadi?

– Bu kasallik bilan asosan itlar va mushuklar, shuningdek, yovvoyi hayvonlar (bo‘ri, chiyabo‘ri, tulki va boshqalar) kasallanadi.

Respublikamizda odam uchun kasallikning yetakchi manbai – itlar hisoblanadi. Oxirgi yillarda quturish kasalligiga chalingan odamlarning 95 foizida itlar va 5 foizida esa boshqa hayvonlar kasallik manbai bo‘lgan.

Virus quturishga chalingan hayvonlarning so‘lagi bilan ajraladi. Virus kasallikning inkubatsion davrining oxirgi 10 kunida va butun kasallik davri mobaynida ajraladi hamda tishlash, so‘laklash natijasida kasallik sog‘lom hayvonlarga teri va shilliq qavatlar orqali yuqadi.

Quturish kasalligiga gumon qilinib, o‘lgan itlar bosh miya bo‘lakchalari laboratoriya usulida veterinariya xizmatiga qarashli laboratoriyalarida tekshiriladi.

Quturish kasalligining laboratoriya diagnostikasi miyadan tayyorlangan surtmada Babesh-Negri kiritmalarini oddiy yorug‘lik mikroskopida, lyuminessent mikroskopida immunofluoressensiya reaksiyasi, immunoferment tahlili usulida yoki immunodiffuziya reaksiyasida virus antigenini ko‘rishga hamda albatta yosh oq sichqonlarda biosinov qo‘yishga asoslangan. 

– Bu kasallikdan himoyalanish yo‘llari haqida ma’lumot bera olasizmi?

Javob oddiy, faqat har bir fuqaro quturish kasalligining oldini olish bo‘yicha quyidagi “oltin qoidalar”ga amal qilsa bas:

- it saqlash qoidalariga puxta va muntazam amal qilish;

- itlarni hududiy veterinariya xizmati idorasiga o‘z vaqtida hisobga qo‘yib, quturishga qarshi emlatish;

- egasiz, daydi itlarning paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik;

- imkoni boricha it va boshqa hayvonlar tishlashidan saqlanish choralarini ko‘rish, bordi-yu biror-bir hayvon tishlasa, zudlik bilan tibbiy yordamga murojaat etish va mutaxassis vrachning tavsiyasiga ko‘ra quturish kasalligiga qarshi emlatish.

Yuqorida aytilgan tavsiyalarga amal qilingan taqdirdagina, biz dahshatli, o‘ta xavfli yuqumli kasallik hisoblangan quturishdan o‘zimizni asragan bo‘lamiz.

Zuhra Abuhalimova suhbatlashdi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Quturish odamdan odamga yuqadimi, alomatlari va davosi qanday?
ePN