Foto: Alexandros Michailidis/European Union
Markaziy Osiyoning beshta davlati tashqi ishlar vazirlari ilk bor Yevropa Ittifoqining barcha 27 davlati vakillari bilan bir vaqtning o‘zida uchrashdi. 23 oktyabr, dushanba kuni Luksemburgda Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar kengashi yig‘ilishidan so‘ng tashqi ishlar vazirlari darajasidagi norasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuv 2024 yilning ikkinchi choragida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan «Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo» birinchi rasmiy sammitiga tayyorgarlikning bir qismidir, deyiladi yig‘ilish yakunlari bo‘yicha qo‘shma kommyunikeda.
Yevropa Ittifoqi «Markaziy Osiyo mamlakatlariga global muammolarni qo‘shma imkoniyatlarga aylantirish uchun hamkorlikni taklif qilishga tayyor», dedi Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Jozep Borrel, yevropaliklarning Markaziy Osiyo davlatlari bilan strategik hamkorlikni «yangi bosqichga ko‘tarish» istagini ta’kidlab. Uning so‘zlariga ko‘ra, Bryussel Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistondagi islohotlarni doimiy qo‘llab-quvvatlashga tayyor.
Yig‘ilish ishtirokchilari Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi aloqalarni chuqurlashtirish bo‘yicha Qo‘shma yo‘l xaritasini qabul qildi. Borrelga ko‘ra, bu, ayniqsa, Rossiyaning Ukrainaga bo‘lgan tajovuzi va Afg‘onistonda «Tolibon» hukmronligi kabi voqealar nuqtai nazaridan muhim. «Bugungi uchrashuv bizni xalqaro munosabatlarning ko‘plab tamoyillari, xususan, BMT Nizomiga rioya qilish, barcha mamlakatlar mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilish majburiyatini baham ko‘rishimizni tasdiqladi», — dedi u.
Yig‘ilishda, jumladan, Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi jazo choralari va ularni chetlab o‘tishga qarshi kurash muhokama qilindi. «Yevropa Ittifoqi sanksiyalarni chetlab o‘tishning oldini olish muhimligini ta’kidladi va ishtirokchilar bu yo‘nalishdagi hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi», deyiladi Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi davlatlarining qo‘shma bayonotida.
Vazirlar 2024 yilda yana uchrashishga kelishib oldi, Turkmaniston vakili esa navbatdagi uchrashuvni o‘z mamlakatida o‘tkazishni taklif qildi. Bungacha, 2024 yilning 29-30 yanvar kunlari Bryusselda yuqori martabali amaldorlar, xalqaro moliya institutlari va biznes vakillari ishtirokida «Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo» investitsiya forumi bo‘lib o‘tadi. Forumdan ko‘zlangan maqsad ikki mintaqa o‘rtasidagi transport aloqalarini kengaytirish va mustahkamlashdan iborat.
Sentyabr oyi oxirida Berlinda Markaziy Osiyo davlatlari va Germaniya sammiti bo‘lib o‘tdi.
Yevropa Ittifoqi Qozog‘istonni 2022 yil yanvaridagi voqealarni tergov qilishga chaqirdi
23 oktyabr kuni, shuningdek, Luksemburgda Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi rahbari Murat Nurtleu va hozirda Yevropa Ittifoqi kengashiga raislik qilayotgan uning ispaniyalik hamkasbi Xose Manuel Albares Bueno raisligida Yevropa Ittifoqi – Qozog‘iston hamkorlik kengashining 20-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha matbuot bayonotiga ko‘ra, Xose Manuel Albares Rossiyaga sanksiya qo‘yilgan tovarlarning reeksport qilinishini to‘xtatish va Yevropa Ittifoqining jazo choralarini chetlab o‘tishga qarshi kurashish bo‘yicha keyingi harakatlar muhimligini ta’kidladi. Vazirlar dezinformatsiya tahdidini ham muhokama qildi. «Yevropa Ittifoqi yana bir bor 2022 yil yanvar voqealari bo‘yicha to‘liq, shaffof va mustaqil tergov o‘tkazish muhimligini ta’kidlaydi», — deya ma’lum qildi Bryussel.
Bundan tashqari, YEI kengashi vakili davlatlarning suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilish zarurligini ta’kidlab, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini qoraladi hamda Qozog‘istonni xalqaro huquq va qoidalarga asoslangan xalqaro tartibni qo‘llab-quvvatlovchi prinsipial pozitsiyani saqlashga chaqirdi.
2023 yilda Yevropa Ittifoqi va Qozog‘iston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning 30 yilligi nishonlanyapti va ular o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi rekord darajaga yetdi. Qozog‘istonning asosiy savdo sherigi va asosiy xorijiy investor sifatida Yevropa Ittifoqi bu mamlakatda modernizatsiya va islohotlar tarafdori, deya bildirdi Bryussel. U Qozog‘istonning Yevropa Ittifoqining energetik xavfsizligini ta’minlashdagi rolini e’tirof etdi va bu mamlakatda qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring