date
views 623

O‘zbekistonlik mansabdorning 50 ming dollar olganini uning sobiq yordamchisi tasdiqladi (audio)

O‘zbekistonlik mansabdorning 50 ming dollar olganini uning sobiq yordamchisi tasdiqladi (audio)

O‘zbekistonda 65 nafar bolaning o‘limiga sababchi deya qaralayotgan “Dok-1 Maks” siropi bo‘yicha bo‘lib o‘tayotgan sud majlisida o‘zbekistonlik amaldorlar hindistonlik yana bir ishlab chiqaruvchining 11 ta dori vositasini qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun 88 ming dollar talab qilib, oldindan 50 ming dollar olgani ma’lum qilingandi. 

“Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK rahbari o‘rinbosari, sudlanuvchi N.M. pullar olinganini rad etgandi. Sudning 23 oktyabr kungi majlisida so‘roq qilingan guvoh, sudlanuvchi mansabdorning sobiq yordamchisi pul oldi-berdisi bo‘lganini tasdiqladi.


"2022 yilning dekabr oyi boshlari edi. Men “farmakapiya” qo‘mitasida ishlardim. Shunda meni N.M. xonasiga chaqirib, telefon nomer berdi va “shu kishi bilan uchrashasan, narsa bervoradi, olib kelasan” dedi. O‘sha kuni u kishi bilan ko‘risholmadim. Ertasi kuni uchinchi aeroport “stoyanka”sida uchrashdim. Ayol kishi edi. Qora sellofanda pul berib yubordi. Olib keldim. Pul o‘zingda turib tursin, so‘raganimda berasan dedi", — deydi sudda guvohlik bergan sobiq yordamchi.

Guvohning ta’kidlashicha, u bir oz vaqtdan so‘ng yana o‘sha ayol bilan uchrashib, dori namunalarini olgan.

"Bobur parkining orqasida dori namunalarini oldim. Uch yoki to‘rtta qutini olib kelib, davlat markaziga berdim. Registratsiyadagi bolalar chiqib, olib ketishdi. Oradan yana vaqt o‘tdi va o‘sha ayol bilan ko‘rishib, bankka, adashmasam, 165 million so‘m pul to‘ladik", — deydi guvoh.

Guvohning qo‘shimcha qilishicha, 50 ming dollar oradan bir oz vaqt o‘tgach, egasiga — o‘sha ayolga qaytarib berilgan. Va “Dok-1 Maks” bilan bog‘liq mojarolar boshlanib qolgach, ayolga chet elga chiqib ketish va taxminan 20 kun O‘zbekistonda bo‘lmaslik taklifi berilgan. Uning xorijga chiqish va qaytish xarajatlari mansabdor tomonidan qoplanishi va’da qilingan. Biroq ayol chetga chiqib ketolmasligini aytib, bu taklifni rad etgan.

Avvalgi sudda pul berganini aytgan guvoh so‘ralgan 88 ming dollarning 50 ming dollari mansabdorning yordamchisi orqali olinganini bildirgandi. Qolgan miqdori esa ish bitganidan keyin olinishi haqida kelishilganini, biroq “Dok-1 Maks” mashmashalari boshlanib qolgani bois 11 ta dorini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘xtab qolib, va’da bajarilmaganini ham aytgandi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonlik mansabdorning 50 ming dollar olganini uning sobiq yordamchisi tasdiqladi (audio)