Foto: Kun.uz
Toshkentda o‘tkazilayotgan “Jadidlar: milliy o‘zlik, istiqlol va davlatchilik g‘oyalari” mavzusiga bag‘ishlangan anjumanda o‘zbek tilining lotin yozuviga asoslangan alifbosi islohi masalasi ko‘tarildi, unga prezident maslahatchisi Saida Mirziyoyeva to‘xtalib o‘tdi.
“Bugun men juda dolzarb masalaga to‘xtalishni istardim. O‘tgan yillar davomida milliy alifboni isloh qilish masalasida ko‘plab fikrlar tinglandi, qizg‘in bahslar olib borildi. Ammo bir to‘xtamga kelinmadi. Bir misolga e’tiboringizni qaratsam, lotin yozuviga asoslangan alifbomizda hatto Vatanimiz nomi ham siz monitorda ko‘rib turganingizdek, turli joylarda turlicha yozilmoqda. Endi sizga savol bermoqchiman, monitorda O‘zbekiston so‘zining qaysi shakli to‘g‘ri? Ko‘rib turganingizdek, bir qarashda oddiy tuyulgan imlo belgisi butun boshli davlat va millatning nomi xato yozilishiga sabab bo‘lyapti.
Men buni tuzatish zarur bo‘lgan holat deb bilaman. Biz bunday masalalarda hadeb bahslashavermay, tezroq qaror qabul qilishimiz, yo‘l qo‘yilgan jiddiy xatoni zudlik bilan tuzatishimiz muhim deb hisolayman. Chunki gap bizning millatimiz, g‘ururimiz, yurtimiz nomi haqida ketyapti.
To‘g‘ri, alifbo islohoti, bahslar, tortishuvlar, ko‘zda tutilmagan moliyaviy xarajatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Lekin yana bir bor ta’kidlayman, gap Vatan va millat nomini to‘g‘ri yozish haqida ketar ekan, bunday bahs va tortishuvlarni bas qilishimiz, alifbodagi ayrim o‘zgarishlarni joriy etishimiz va shu bilan alifbo masalasiga qat’iy nuqta qo‘yishimiz zarur deb hisoblayman”, – dedi Mirziyoyeva.
Eslatib o‘tamiz, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini isloh qilish masalasi 2019 yilda ko‘tarilgan edi. Shundan beri tilshunos va turli soha olimlari, jamoatchilik tomonidan yangi alifboni joriy qilish masalasida bahslar davom etadi. 2023 yil sentyabr oyida tilshunoslar ishtirokida o‘tgan anjumanda alifbodagi 4 harfni: O‘ o‘ — Õ õ, G‘ g‘ — Ğ ğ, Ch ch — C c, Sh sh — Ş ş almashtirish masalasi tahlil qilingandi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring