Foto: Senat matbuot xizmati
O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyot hajmi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 25 foizdan 45 foizgacha yetishi mumkin. Bu haqda Senatning 48-yalpi majlisida Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ma’lum qildi.
“Bu juda ham yuqori ko‘rsatkich. Qaysi tarmoqlarda yashirin iqtisodiyot eng yuqori deb aytadigan bo‘lsak, bular: qurilish, savdo, xizmat ko‘rsatish sohalari. Prezident administratsiyasi bilan birgalikda qaror loyihasini tayyorlayapmiz. Loyiha ancha yaqinlashib qoldi. Ko‘p masalalar bu yerda nazarda tutilyapti. Jumladan, naqd pul aylanmasini kamaytirish. Bu eskicha ma’noda emas. Ba’zi to‘lovlarni faqat bank kartalari orqali to‘lash va boshqa masalalar qonun loyihasida bor”, dedi u.
Senat raisi Tanzila Norboyeva bu masalani ijobiy hal qilish, yaxshi tizimlashtirish lozimligini, jumladan, Savdo-sanoat palatasi uchun ham tavsiyalar belgilanishi kerakligini ta’kidlab o‘tdi.
Iqtisodchi Otabek Bakirovga ko‘ra, to‘liq naqdsiz to‘lovlarga o‘tishni uy-joy va avtomobil savdosidan boshlash kerak.
“To‘liq naqdsiz hisob-kitoblarga birinchi navbatda o‘tilishi kerak bo‘lgan iqtisodiy segmentlar bu uy-joy va avtomobil savdosiga oid bo‘lishi kerak (birlamchi bozor ham, ikkilamchi bozor ham). Eng katta dollarlashuv jarayoni ham shu kulrang sektorni egallab olgan”, deya yozdi iqtisodchi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring