Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti tomonidan ishlab chiqilgan kuchli zilzilalar to‘g‘risida barvaqt xabardor qilish uslubiyoti asosida milliy tizim test rejimida ishga tushirildi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi Seysmoprognostik monitoring respublika markazi boshlig‘i Qahramon Qo‘chqorovning ma’lum qilishicha. kuchli zilzilalarni qayd etuvchi akselerometrlar Farg‘ona, Namangan, Andijon, Jizzax, Samarqand, Boysun, Nurota, Gazli, Pachkamar stansiyalariga o‘rnatildi.
Seysmik stansiyalarda akselerometrlar MSK-64 shkalasi bo‘yicha 5 va undan yuqori balli zilzila kuchi qayd etilganda seysmik ma’lumotlar seysmik stansiyalardagi maxsus dasturlar orqali avtomatik tarzda tahlil qilinadi hamda zilzilaning Toshkent shahriga yetib kelish vaqti bo‘yicha maxsus xabar keladi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, respublikada kuchli zilzilalar haqida erta ogohlantirish milliy tizimini 3 bosqichda amalga oshirish belgilandi:
1-bosqich - 2023 yilda Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti tomonidan ishlab chiqilgan kuchli zilzilalar to‘g‘risida barvaqt xabardor qilish uslubiyoti asosida milliy tizimni test rejimida ishga tushirish;
2-bosqich - 2024 yilda Seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligini va seysmik xavfsizlikni ta’minlash sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan xarid qilingan 40 dona akselerometrlarni seysmik faol zonalarga o‘rnatish, seysmik stansiyalar sonini 100 taga yetkazish hamda qo‘shni Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan o‘zaro anglashuv memorandumlari asosida stansiyalar ma’lumotlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri almashish hamda Markaziy Osiyo kuchli zilzilalarni qayd etish tarmog‘ini yaratish;
3-bosqich - 2025 yillarda jamg‘arma mablag‘lari hisobidan yangi akselerometrlar xarid qilish hamda seysmik kuzatuvlar tarmog‘i stansiyalari sonini 200 taga yetkazish shuningdek, kuchli zilzilalarni qayd etish tarmog‘ini Xalqaro kuzatuvlar tarmog‘iga integratsiyalash hamda Germaniyaning Seiscomp dasturiy ta’minoti yordamida erta ogohlantirish tizimini to‘liq ishga tushirish.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring